Kufr so‘zi lug‘atda “yopish”, “berkitish” ma’nosini anglatadi. Shu sabab dehqoning bir nomi ham arab tilida “kofir”dir. Chunki u urug‘ni yerga yashiradi, ya’ni ekadi. Bu haqda Qur’onda bunday keladi:
«(U) bamisoli bir yomg‘irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur» (Hadid, 20).
Samarqandiy, Faxriddin Roziy, Imom Qushayriylar o‘z tafsirlarida kofirlardan murod – dehqonlar degan bo‘lsalar, boshqa mufassirlar haqiqiy kofir ham deb o‘tganlar. Bir insonga nisbatan kofir deyilishi botil ila haqni berkitgani sabablidir.
Kufr shar’iy istilohda imonning ziddi bo‘lib, “tonish”, “bosh tortish” ma’nolaridadir. Bu haqda Alloh taolo bunday deydi: «Bizlar (bu ikki kitobning) har biriga kofirdirmiz», dedilar (Qasos, 48).
Shu e’tibordan shar’iy ma’nosi va lug‘aviy ma’nosi o‘zaro uzviy bog‘liqdir. “Kofir” degani “kufr egasining qalbi kufr sababli yopilgan” degan ma’nodadir. “Durrur muxtor” asarida bunday deyiladi: “Kufr shariatda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni dinga oid olib kelgan narsalarida yolg‘onchiga chiqarishdir”.
Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb o‘ylanayotgan u gapirgan so‘zi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab o‘rganish shartdir. Zero, barcha fosid so‘z yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar o‘zgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala bo‘lgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa, gapiruvchining o‘ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday bo‘lmasa, gaplari o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyati).
Agar bir musulmon odam kufrga o‘xshash so‘zni gapirib qo‘ysa, modomiki uning so‘zini boshqa bir yaxshi ma’noga yo‘yishning imkoni bo‘lsa, uni kofir deyilmaydi. Shuningdek, u gapirgan so‘zni kufr so‘z ekanligida olimlar o‘rtasida ixtilof bo‘lsa, agarcha u ixtilof zaif rivoyatda kelib, rivoyatda u so‘zni kufr ekanligi shak qilingan bo‘lsa-da, u musulmon kofirga chiqarilmaydi.
Zero, musulmonni nima narsa imonga olib kirgan bo‘lsa, ana o‘shandan tonishgina imondan chiqarib yuboradi. Chunki kishidagi mavjud islom shak bilan yo‘q bo‘lmaydi. Islom shak bilan yo‘q bo‘ladigan narsa emas. Agar bir kishi bir so‘zni aytib qo‘ysa yo qilib qo‘ysa va bir qancha ta’villarga ko‘ra u kofir bo‘lishi kerak bo‘lgan vaqtda bittagina ta’vilga ko‘ra u kofir bo‘lmasligi chiqsa, bu masala nozik bo‘lgani va musulmon haqida yaxshi gumon qilish lozimligi e’tiboridan ana shu bir ko‘rinishga ko‘ra, u kofir emas deyiladi. Olimlar shunga fatvo berishgan. Bundan tashqari kufr jinoyatning eng yuqorisi bo‘lib, u jazoning ham eng yuqorisini taqozo qiladi. Endi shak va ehtimol bilan esa bir odamga eng katta jazo qo‘llanmaydi ( Raddul muxtor xoshiyasi. III jild. 385 bet).
Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatar sababidan Qur’oni karim va Sunna o‘zga birovni kufrga chiqarishdan qaytargan. Jumladan Niso surasi 94-oyatida Alloh taolo bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Alloh yo‘lida safarga chiqqaningizda aniq ish tuting! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo‘lgan) kishiga bu dunyo matohini (o‘ljani) ko‘zlab: “Mo‘min emassan”, demangiz! Allohning huzurida ko‘p o‘ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (imoningizni sir tutar) edingizlar. So‘ngra Alloh sizga ne’mat ato etdi. Bas aniqlab ish tutingiz! Albatta Alloh (barcha) ishlaringizdan xabardordir”.
Bu oyatni nozil bo‘lishi haqida Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday deydi: Imom Ahmad Ibn Abbosdan rivoyat qiladilar: “Banu Salimdan bir kishi o‘zining qo‘ylarini boqayotganida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarining bir guruhining oldidan o‘tib turib, ularga salom berdi. Ular: “bizga salom berma, balki bizdan panoh so‘ra”, dedilar. So‘ng uni o‘ldirdilar, keyin uni qo‘yi bilan Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) huzuriga olib keldilar. So‘ng ushbu oyatni “Ey imon keltirganlar...” dan oxirigacha nozil bo‘ldi.
Jumhur kalom va fiqh ulamolari ittifoqiga ko‘ra, biror bir ahli qibla bo‘lgan musulmonni kofirga chiqarmaslik lozimdir.
Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) hazratlari ham ahli qibla bo‘lganlarning birortasini kofirga hukm qilmagan ekanlar.
Imom Shofe’iy (rahmatullohi alayh) faqatgina bid’at ahlidan bo‘lgan xattobiylarni ochiq suratda haromni halol deganlari uchun kofirga hukm qilgan ekanlar.
Tahoviy aqidasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deyiladi (Al-Manhajus sahih fi fahmi aqidati ahli sunna val jamaa’. Hasan Ali Saqqof,703-bet). Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir bo‘lmasligi, agar o‘z uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforot bo‘lishi, mabodo vafot etsa, bu – Allohning xohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon etilgan.
Aqida ilimining yetuk bilimdoni Abul Hasan Ash’ariy aytadilar: “Men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolg‘iz ma’budga ibodat qiladilar”.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘zga insonni kofir deyish, unga jahannamda abadiy qolasan, deyishga teng gapdir. Buning ustiga jamiyat kishilari orasida uning o‘rnini o‘z bilganicha belgilab berish demakdir. Bu ish juda nozik bo‘lgani va ehtiyotkorlikni talab qilgani uchun ham zinhor bu ishga shoshilmaslik kerak. Balki bu ishlarni o‘z egalari: olimlar, muftiylar hukmiga havola qilish lozim. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bundan qaytarganliklari ham bu ishni naqadar nozik ekanligini belgilab beradi. Biz yuqorida ko‘rganimizdek, U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa gapiruvchining o‘ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati) deganlari ham bizga ibrat o‘laroq yetadi.
Xadichai Kubro o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
N.Saidakbarova
3 bosqich talabasi R. Badriddinova
Muqaddas dinimiz ta’limotiga ko‘ra ilmlariga amal qiluvchi ulamolar Alloh taolo huzurida eng sha’nlari ulug‘, qadrlari yuksak zotlar hisoblanadi. Ko‘plab hadis va asarlarda ularning qadamlari ostiga farishtalar qanot yozishlari, yeru osmondagi barcha mavjudotlar hatto suv ostidagi baliqlar ham istig‘for aytishlari aytib o‘tilgan.
Shunday ekan ulamolarni qadrlash va ehtirom qilish shar’an vojib amallardandir. Zero ulamolar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. anbiyolar molu dunyoni emas, balki ilmni meros qoldirgandirlar. Alloh taolo Qur’oni karimning“Mujodala” surasida marhamat qilib “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”degan bo‘lsa, “Zumar” surasida: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” degan (9 oyat). Ya’ni olimlar bilan johil-ilmsizlar Allohning huzurida ham, jazo va mukofotda ham teng bo‘lmaydilar. Shunday ekan ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilmaslik, ularga aziyat bermaslik lozim.
Ammo afsuski keyingi paytda internet va ijtimoiy tarmoqlarda buyuk ajdodlarimizning pok nomiga turli nomlar bilan loy chaplamoqchi bo‘layotganlar uchramoqda. “Ular qozongan muvaffaqiyatlarini go‘yoki islomdan emas, yunonlar va boshqalardan o‘rganishgan”, deya nafaqat O‘rta Osiyo xalqlari, balki butun dunyo faxrlangan shaxsiyatlarni bemalol ayblash va ularni haqorat qilishga jur’at qilayotgani nihoyatda achinarli holdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Alloh taolo “Kim menga yaqin bo‘lgan bir bandamga nisbatan dushmanlik qilsa unga qarshi urush e’lon qilurman” dedi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisni izohlab imom Abu Hanifa va imom Shofe’iy (r.a.) “agar ulamolar Allohga yaqin bo‘lishmasa kim ham u zotga yaqin bo‘lardi?!” deyishgan.
Alloh taolo “Hujurot” surasida shunday marhamat qilgan: “Ey, mo‘minlar! Ko‘pgumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz...!”
Ushbu oyati karimaga yaxshiroq e’tibor qilsak, Alloh taolo bizlarni turli asossiz gumonlardan, insonlarni ayblarini qidirib yurishdan va shu bilan bir qatorda odamlarni ortlaridan g‘iybat qilishdan qaytarmoqda. Oyatda g‘iybat qilgan kishini o‘z birodarini o‘lganidan keyin go‘shtini yeyish bilan barobar manfur amal ekani ta’kidlanmoqda. Bir musulmon kishi boshqa bir musulmonni ortidan g‘iybat qilishi shu darajada razil bo‘lsa olimlarni g‘iybat qilishni qanday baholash mumkin?!
Mashhur muhaddis olim Abul Qosim ibn Asokir ilm ahllariga odobsizlik qilgan kishiga nasihat qilib, shunday degan “bilginki, ulamolarning go‘shtlari zaharlidir. Kim biror olimni haqorat qilsa Alloh taolo uning o‘limidan avval qalbini o‘limi bilan baloga giriftor qiladi”. Ya’ni ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilib, ular yo‘qliklarida ortilaridan gapirgan kishi go‘yo zaharli go‘sht yegandek bo‘ladi. Uning bu qilgan ishi sababli Alloh taolo uning o‘zidan avval qalb ko‘r qilib qo‘yadi.
Alloma ibn Najjorning “tarix”ida Qozi imom Abu Toyyibdan qilingan sahih rivoyatda shunday voqe’ni keltiriladi “Biz Bag‘doddagi jome’ masjidda o‘tirgan edik. Bir xurosonlik yosh yigit kelib, olimlardan bir masala haqida so‘rab dalilini talab qildi. Shunda unga so‘ragan masalasini javobini aytib Abu Huraya raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis ushbu masalaning dalili ekanini aytildi. Yigit: “Abu Hurayra hadisi hujjat bo‘ladigan odam emas” dedi. U gapini tugatib bo‘lmasdan “jome’” shiftidan katta bir qora ilon tushdi. Bu holatni ko‘rgan odamlar qo‘rqib ketib, har tomonga qocha boshlashdi. Ilon ayni o‘sha yigitni ta’qib qilardi. Shunda yigitga qarata “hozir aytgan gapingdan tavba qil” deyildi. U shoshganicha “tavba qildim” degan edi ilon hech qanday iz qoldirmay ortiga qaytib ketdi”. Ushbu hikoyani keltirgan mashhur muhaddis olim ibn Saloh “ushbu rivoyat ishonchli sanad bilan sobit bo‘lgan bo‘lib, rivoyat qilganlarni barchasi ishonchli kishilardir” degan.
Yuqoridagi keltirilgan va undan boshqa ko‘plab shar’iy dalillardan xulosa qiladigan bo‘lsak insonlarni, ayniqsa, ilm ahllarini haqorat qilish, ortlaridan g‘iybat qilish, odamlar o‘rtasida obro‘sizlantirishga urinish shar’an harom amaldir. Aksincha ularni qadrlash, hurmat qilish, nasixatlariga quloq tutish esa marg‘ub va matlubdir. Har bir inson qo‘lidan kelganicha ularga nisbatan samimiy bo‘lishga, o‘zaro mehr-muhabbat asosida muomalada bo‘lishga harakt qilishi lozim. Zero xazrati Ali raziyallohu anhu aytganlaridek “Ulamolarni yaxshi ko‘rish ham diyonatdandir”.
Muslim.uz