Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2025   |   7 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:05
Xufton
18:23
Bismillah
27 Dekabr, 2025, 7 Rajab, 1447

Noma’lum maxluq va uch sigir

03.08.2016   7956   5 min.
Noma’lum maxluq va  uch sigir

Sharq xalqlarida bir masal bor. Kim o‘qigan, kimlardir o‘qimagan. O‘qiganlar orasida uqmaganlari ham bo‘lishi tabiiy hol.

Bir yaylovda uchta sigir emin-erkinlikda, tinch va xotirjamlikda    hayot kechirar edi. Yaylov yonida o‘rmon joylashgan bo‘lib, u yerdagi yovvoyi hayvonlar ham o‘z hayot tarziga ko‘ra umrguzaronlik qilishardi. Uch sigirdan birining rangi oq, ikkinchisiniki qora, uchinchisining rangi qizil edi. Uchala sigirning boshqalar bilan ishi yo‘q, shuningdek, boshqalarning ham ular bilan ishi yo‘q edi. Barcha hayvonlar o‘z tashvishlari bilan ovora. Ularga hujum qilish, ularni ovlash na bo‘rining, na sherning xayoliga kelmasdi. Mobodo shunday bo‘lgan taqdirda ham sigirlar birlashib, hamla qilmoqchi bo‘lgan hayvondan o‘zlarini himoya qilishar edi.

Shu yaylov yonidagi o‘rmonda noma’lum maxluq paydo bo‘ldi. U ham bir necha bor sigirlarga hujum qilib ko‘rdi. Ammo, foydasi bo‘lmadi. Aksincha yaylovdagilarning barchasi unga qarshi birlashdi. Maxluq ularni yo‘q qilish rejasi haqida yana bosh qotirdi. Hiylalarning zo‘rini ham o‘ylab topdi. Oq bayroq ko‘tarib chiqdi. Yaylovdagilarga o‘z murojaatini e’lon qildi:

“– Kelinglar, hammamiz tinch-totuv yashaymiz, men o‘zimni sizlarga tanishtirsam, mana shu o‘rmon, yaylov, daryo va qir-u adirlarning xo‘jayini men bo‘laman. Men shunday kuch-qudratga egamanki, hech kim amrimga qarshi chiqolmaydi. Shunday ekan men sizlarga o‘z xizmatimni taklif qilmoqchiman. Xohlasangiz, men sizlarni bo‘ri, sher kabi yirtqich o‘rmon hayvonlaridan himoya qilaman. Shunda sizlar xohlagan joyingizda emin-erkin yashab, o‘z joyingizga o‘zlaringiz hokimlik qilasizlar!”

Yaylovdagi sigirlar bu maxluqni kim ularga xo‘jayin qilib saylab qo‘ygani, yaylov shundoq ham o‘zlariniki ekani haqida o‘ylab ham ko‘rmadilar. Ba’zilarining ko‘ngli hokimlikni, ba’zilari bo‘ridan himoyalanishni o‘ylab, maxluqning taklifiga bajonidil rozi bo‘ldilar. Betayin maxluq o‘zini yaylov xo‘jayini ekaniligini bildirish uchun, yaylov atrofining har yeriga peshob qilib chiqdi. Bir necha marta sigirlar uchun zararsiz bo‘lgan tulki kabi kichik hayvonlarni yaylovdan quvib chiqardi. Bu bilan boshqa hayvonlar nazarida u o‘zini yaylovning mutlaq hokimi  qilib ko‘rsatdi.

Kunlar shu zaylda davom etdi. O‘ylangan rejali hiylani amalga oshiradigan kun ham yetib keldi.  Maxluq kengash chaqirdi. Negadir kengashga qizil va qora sigirlarni taklif qildi. Ammo oq sigirni taklif qilmadi. Kengashda “xo‘jayin” o‘z muddaosini bayon qildi:

“Ko‘rib turibsizlar yaylov keng va katta, uni bir o‘zim himoya qilishga qiynalyapman. Mana sizlarning rangingiz to‘q. Shuning uchun xavf-xatar ham yo‘q. Ammo oq sigirning rangi kechasi tiniq, kunduzi ham ko‘zga yaqqol tashlanadi. U sababli sizlarni himoya qilishga qiynalyapman. Ruxsat bersangiz, undan qutulsak...”. Ular o‘zaro kelishdilar. Kelishuvdan so‘ng, maxluq oq sigirga hujum qildi va uni yeb bitirdi. Bu maxluqning yirtqich ekani hech kimning xayoliga ham kelmadi. Beparvolik, loqaydlik shu zaylda davom etdi.

Kunlar, kunlardan keyin haftalar o‘tdi. “Yirtqich”ning ko‘ngli sigir go‘shtini tusab qoldi. O‘ylagan rejasini davom ettirdi. Yoniga qora sigirni chaqirdi: “Sening rangingga gap yo‘q. Qizil sigir ko‘p muammolarni keltirib chiqaryapti. Oxirgi paytlarda gapga ham kirmay qo‘ydi. Buning ustiga uning rangi ham xira. Undan qutulish haqida fikringni bilmoqchi edim?!” Ular kelishdilar. Kengashdan chiqiboq, “yirtqich” qizil sigirga hujumga o‘tdi va uni yeb bitirdi.

Yirtqich qizil sigir go‘shtini ham hazm qilib bo‘lganidan keyin, xotirjamlik bilan qora sigirning oldiga bordi. Qora sigir ajali yaqinlashganini sezdi. U “yirtqich”dan “do‘stlik” hurmati o‘zini vahshiyona o‘ldirmaslikni iltimos qildi. “Yirtqich” unga “do‘stlik” hurmati sifatida oxirgi so‘zni aytishga ham ruxsat berdi. Qora sigir oxirgi so‘zini aytdi:

“Bu holatga tushishimni birinchi sigirga hujumga o‘tganingdayoq bilgan edim! Nega loqaydlik qildim. Afsus...endi kech!”.

Insonlarga pandu nasihat qilishda zarbulmasallarning o‘rni beqiyos. Masal orqali voqea-hodisalar va ularning oqibatlari bayon qilinsa, odamlarga yanada tushunarliroq, ta’sirli va zehnga o‘rnashib qolishi oson bo‘ladi.

Albatta, bu zarbulmasaldan ko‘plab chiroyli ibratlarni olish mumkin:

  • Har bir inson o‘ziga berilgan hayotini Alloh buyurganidek yashab o‘tishi lozimligi;
  • Har bir insonning o‘z erki bor. Qullik bir qancha asrlar oldin bekor qilingan, shunday ekan qullikka rozi bo‘lmaslik;
  • Vatanini g‘animlardan himoya qilish, o‘zini zarariga bo‘lsa-da, vatandoshi zarariga ish qilmaslik;
  • “O‘rmonga olov ketsa ho‘l-u quruq borobar yonadi”-deyilganidek, yurtdoshi zarariga amalga oshirilayotgan ish bir kun kelib, uning ham boshiga tushishi tayin ekanligini unutmaslik;
  • Kelib chiqishi noma’lum, hayot tarzi betayin kishilardan yiroq bo‘lish, ayniqsa din-u diyonatda va aqida masalalarida ularga aslo ergashmaslik;
  • Yangi xabar kelganda albatta tekshirib ko‘rish kerakligi;
  • Yolg‘on aldovlarga uchmaslik, uning oqibatini o‘ylab ish yuritish;
  • O‘z oila a’zolari, ota-onasi, mahalladoshlariga zarar keltiradigan ishlarni oldini olish, raqib tomonga yordam berish u yoqda tursin, umuman yomon oqibatli ishlarga rozi bo‘lmaslik;
  • Beparvolik, loqaydlikka yo‘l qo‘ymaslik. 

I. Axrorov

Toshkent islom instituti prorektori

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Shari’at nomidan gapirishga shoshilmang!

24.12.2025   4660   7 min.
Shari’at nomidan gapirishga shoshilmang!

Imom Sufyon ibn Sa’id Savriy rahmatullohi alayh o‘z zamonida hadis rivoyat qiluvchilarning ko‘payib ketganini zikr qilib, shunday degan: “Bir kemada bir nechta boshliq dengizchi bo‘lsa kema g‘arq bo‘ladi!”. Ayni shu gapni hozirgi kunda shariatning nomidan gapirib fatvo berib yurganlarga ham qarata aytsa bo‘ladi. Sahobalar – Alloh ulardan rozi bo‘lsin – Qur’oni karim nozil bo‘lish davriga hamasr bo‘lsalar ham, shariatni Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni shaxsan o‘zlaridan o‘rgangan bo‘lsalarda, shariat nomidan biron gap aytishga shoshilmaganlar. Ulardan biron masala so‘ralsa, xato gapirib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘zlaridan ilmliroq bo‘lganlarga havola qilib yuborardilar. Sahih Muslimda rivoyat qilinadi: Bir kishi Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan masala so‘radi. U esa: “Buni Baro ibn Ozibdan so‘ragin”, dedi. Baro ibn Ozib esa: “Zayd ibn Arqamdan so‘ra”, degan ekan. Abu Muhammad Romahurmuziy “Al-Muhaddis al-fosil” kitobida Abdurrahmon ibn Abu Laylodan quyidagini rivoyat qiladi: “Men ushbu masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirmadan ortiq ansor sahobalar bilan ko‘rishganman. Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini rivoyat qilish mas’uliyatini bilganlari sababli o‘rniga boshqa kishi hadis aytib berishini istar edilar. Shunindek, ulardan birontasidan biron masala so‘ralsa, o‘rniga bu masalada boshqa ilmliroq kishi javob berishini hoxlardilar. Imom Sha’biydan bir kishi: “Agar sizlardan biron savol so‘ralsa qanday javob berardingizlar?”, deb so‘ragan ekan. Sha’biy rohmatullohu alayh: “Agar kimdir bizdan bir savol so‘rasa, biz yonimizdagi shergimizga, sen javob ber, deb havola qilar edik. Shu tariqa savol yana birinchi so‘ralgan kishiga qaytib kelar edi”, deb javob bergan ekanlar.

 

Agar salafi solihlar ilmni yashirib qo‘yish gunohidan qo‘rqmaganlarida edi, umuman fatvo berishga jur’at ham qilmagan bo‘lar edilar. Bu borada salaf ulamolardan juda ko‘p rivoyatlar bor. Ushbu rivoyatlar fatvo berish mas’uliyatidan naqadar ehtiyotkor bo‘lganlarini yaqqol ko‘rsatib beradi. Ammo bugungi kunda ahvol butunlay boshqacha, odamlar fatvo berishga oshiqadigan, mas’uliyatni o‘ylamay, bir-biri bilan birinchi bo‘lib savolga javob berishga musobaqalashadigan bo‘lib qoldilar. Shuningdek, mazhabsizlikni da’vo qiluvchi guruhlarning har bir mav’iza va nasihat majlisida ham aqida va fiqh masalalarida asossiz fatvolar ko‘p aytiladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda oddiy bir haydovchi ham eng murakkab va chuqur masalalarda odamlarga fatvo berishdan tortinmaydi. “Men katta bobomdan eshitganlarim bor”, yoki “Uyimdagi eski kitoblardan o‘qib olganman”, deb halolni harom, haromni halol qilib qo‘yish holatlari juda ko‘p. Bu kabi shaxsiyatlar o‘qigan kitobidagi ma’lumotlar yoki eshitgan gaplari haqiqatga qanchalik mos, adashish va og‘ishlardan xoli ekani tekshirib o‘tirmaydilar ham. Aslida, bunday masalalarda hatto katta ulamolar ham xato qilib qo‘yishi mumkin, qolaversa, oddiy ustoz ko‘rmagan shaxsiyatlar haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Eng xatarli tomoni shundaki, agar kitoblar ustozlarning nazoratisiz o‘qilsa, turli manbalardan chiqqan fatvolar bir masalada “shariat nomidan” biri halol, biri harom, biri to‘g‘ri, biri noto‘g‘ri, deb chiqarveradi. Bu esa birdam, xotirjam jamiyatning parchalanishiga, odamlarning shariatga nisbatan bee’tibor bo‘lib qolishiga olib keladi. Oqibatda, ummat qalbidan fatvoning hurmati, shariatning ulug‘vorligi va ulamolarning obro‘-e’tibori so‘nib boradi. Har kim o‘zicha fatvo beravirishi sababli odamlar orasida, masjid imomlari va yurt ulamolari haqida “Bularni faqat oylik oladigan paytidagina eshitamiz”, “Bularning barchasi haqni gapira olmaydilar”, degan gaplar keng tarqab qoldi. Aslida bu gaplarni tarqatganlarning maqsadi musulmonlar orasida nizo va fitna urug‘ini sochish, o‘z yurtining ulamolarining gapiga ishonmaydigan holatga olib kelib qo‘yishdir. Natijada musulmonlar birodar bo‘lib yelkadosh turish o‘rniga, o‘zaro janjallashib, bir-birini yomonlab, dushmanlashib ketadilar.

21 asr ijtimoiy tarmoq asri deb aytamiz. Musulmonlar diniy masalalarda javob olish uchun ijtimoiy tarmoqqa murojat qilishlari tabiiy. Hechkim, buni inkor ham qilolmaydi, qolaversa bu ishni man qilib qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan ish. Lekin, aziz xalqimiz bilishi lozim bo‘lgan narsa shuki, ijtimoiy tarmoqlardan beriladigan aksar fatvo va savollarga javoblar O‘rta Osiyoda amalda bo‘lib turgan hanafiy mazhabiga tamoman zid bo‘ladi. Bu fatvolarda keltirilayotgan hadislar va shunga o‘xshash siz nomini birinchi marotaba eshitayotgan kitoblardan keltirilgan naqllar sizni aldab qo‘ymasin. Aslida esa bu fikr na biror sahobadan, na biror tobeindan, na salaf ulamolaridan hech biridan rivoyat qilinmagan bo‘ladi.

Ibn Umar raziyallohu anhuning fatvosi, hazrati Ali roziyallohu anhuning qozi sifatida chiqargan hukmi, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqllar, Abu Zarr roziyallohu anhuning amali va Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning tutgan yo‘li ishonchli rivoyatlar bilan bizgacha yetib kelgan. Qolaversa, bularning barchasi sahobalar orasida e’tirozsiz qabul qilingan. Demak, sahobalarning barchasi ham o‘zlaricha ijtihod qilmaganlar, balki ichlaridagi eng ilmli kishilarga ergashganlar. Shuningdek, tobeinlar va ulardan keyingi avlod fuqaholarining ijmosi ham bor. Bu ijmo’ ularning fatvolari asosida tuzilgan manbalarda ochiq ko‘rinadi. Bu kabi manbalar sifatidan Abdurrazzoq, Vaki’ning va Ibn Abu Shaybaning “Musannaf”lari, Said ibn Mansurning, Bayhaqiyning “Sunan”lari, Ibn Abdulbarrning “Tamhid”i va “Istizkor”i kabi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Bularning barchasi ushbu masalada sohta salafiy va bemazhablar tomonidan aytilgan shoz, ya’ni barchaga xilof gaplarni mutlaqo inkor qiladi. Bunday masala haqida ilm ahli bo‘lgan inson, yuqorida zikr etilgan manbalarga o‘xshash kitoblarni ko‘rmasdan turib, gapirishga haqli emas. Sahobalar va tobeinlarga nisbat beriladigan fikrlarning manbai aynan shu kabi kitoblardir. Kimki bu asarlarni ko‘rmasdan turib, biror fikrni sahoba yoki tobeinlarga nisbat bersa, u ilm ahli oldida uyatli holatga tushadi va ularning nazarida qadri tushadi. Bu esa qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini tushunish qiyin emas.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biron masalada fikr bildirishdan ehtiyot bo‘ling. Unutmang ilm ota-bobolardan meros bo‘lib qolmaydi. Ilm kitoblardan, ustozlardan o‘rganiladi. Demak, yetti ajdodingiz ulamolar katta eshon bobolar bo‘lsa ham sizda biron masalada shariat nomidan gapirishga haqqingiz yo‘q. Qolaversa, oxiratining g‘ami bo‘lgan musulmon odam fatvo berishdan juda ehtiyot bo‘lishi kerak. Zero, xato aytilgan bir fatvoning oqibati jahannam bo‘lishi hech gap emas. Gapimizini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqlni keltirib tugatamiz. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Sizlar orasida fatvo berishga eng jur’atli bo‘lganingiz — do‘zaxga kirishga ham eng jur’atli bo‘lganingizdir”. (Dorimiy rivoyati).

Mahmudjon Muxtorov
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

MAQOLA