“Times Higher Education” haftaligi har yili jahondagi ikki yuzta eng yaxshi universitet reytingi – “World University Rankings” ni e’lon qiladi.
Reytingdan faqat yetakchilar o‘rin olgan. Natijalar rasmiy ma’lumotlarga tayangan holda, o‘n minglab ekspertlarning bahosi va talabalarning ijtimoiy so‘rovnomalari asosida chiqariladi.
Ushbu reytingda e’lon qilingan eng kuchli o‘ntalikni e’tiboringizga havola etamiz.
1-o‘rin Yel universiteti, Konnektikut, AQSH.
Xususiy tadqiqot universiteti bo‘lib, AQSH mustaqilligi uchun bo‘lgan urushdan avval asos solingan to‘qqizta mustamlaka kollejidan uchinchisi hisoblangan. Yelda nafaqat gumanitar va aniq fanlar bo‘yicha, balki ilohiyot va aktyorlikdan ham saboq olish mumkin. Bu yerda Bill va Xillari Klintonlar, ikkala Bush, iqtisodchi Pol Krugman, aktyorlar Devid Duxovni va Edvard Norton, aktrisalar Meril Strip, Sigurni Uiver va Jodi Foster, yozuvchi Sinkler Lyuis va yana ko‘plab mashhur kishilar tahsil olishgan.
Universitet shiori: “Lux et veritas” – “Nur va haqiqat”.
2-o‘rin London Imperiya kolleji, Buyuk Britaniya.
Bu oliy o‘quv yurti to‘rtta fakultetdan iborat: tabiiy fanlar, muhandislik ishi, tibbiyot va biznes. Bu yerda yozuvchi Gerbert Uells, “Queen” gitarachisi Brayan Meylar tahsil olishgan.
Bilim yurti shiori: “Scientia imperii decus et tutamen” – “Bilim – Imperiyaning bezagi hamda himoyasidir”.
3-o‘rin Berklidagi Kaliforniya universiteti, AQSH.
Jamoatchilik tadqiqot universiteti. Eng yaxshi markaz sifatida kompyuter va IT-texnologiyalari, iqtisod va fizika sohasida kuchli mutaxassislarni yetkazib beradi. Berklidagi fizika Ikkinchi jahon urushida atom bombasini yaratishda ulkan hissa qo‘shgan. Bundan tashqari oliygoh faol talabalari bilan ham mashhur. Bu yerda “Apple” ixtirochisi Stiv Voznyak, aktyor Gregori Pek, o‘qituvchi va siyosatchi Robert Maknamaralar tahsil olishgan.
Shiori: “Fiat Lux” — “Ziyo taratish”.
4-o‘rin Prinston universiteti, Nyu-Jersi, AQSH.
Xuddi Yelga o‘xshab u ham AQSH mustaqilligi uchun bo‘lgan urushdan avval asos solingan to‘qqizta mustamlaka kollejlaridan biri bo‘lgan. Universitet tarixi yozuvchi Nina Berberova, prezident Vudro Vilson, aktrisa Bruk Shilds, yozuvchilar Xaruki Murakami va Frensis Skott Fitsjerald nomlari bilan bog‘liq.
Shiori: “Dei sub numine viget” — “Xudoning qudrati bilan taraqqiy etadi”.
5-o‘rin Massachusetdagi texnologiya instituti, AQSH.
Bu oliygoh juda ham mashhur insonlarni o‘z bag‘rida tarbiyalagan. Jumladan, oliy o‘quv yurtining 81 a’zosi Nobel mukofoti laureatlari hisoblanishadi. Bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Institutni Federal zaxiraning sobiq boshlig‘i Ben Bernanke, Bosh vazir Benjamin Netanyaxu, BMTning sobiq Bosh kotibi Kofi Annanlar tamomlashgan.
Shiori: “Mens et Manus” — “Aql va qo‘l”.
6-o‘rin Kembrij universiteti.
Buyuk Britaniyada Oksforddan keyin 1209 yilda asos solingan ikkinchi universitet. 88 nafar Nobel mukofoti sohiblarining faoliyati ushbu ta’lim dargohi bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq.
Shiori: “Hinc lucem et pocula sacra” — “Bu ziyo va muqaddas ildizlar yeridir”.
7-o‘rin Stenford universiteti, Kaliforniya, AQSH.
Kremniy vodiysidagi xususiy tadqiqot universiteti. Universitetni tamomlaganlar orasida “Hewlett-Packard”, “Yahoo”, “Google”, “Nike”, “Gap”, “PayPal”, “Instagram” kabi kompaniyalar asoschilarini uchratish mumkin. Bundan tashqari bu yerda prezident Gerbert Guver, Isroil sobiq Bosh vaziri Ehud Barak, AQSHning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfollar o‘qishgan. Oliygohda biznes, huquq, tibbiyot va texnika fakultetlari bor.
Shiori: “Die Luft der Freiheit weht” – “Shamol erkin esaveradi”. Bu hikmat nemis insonparvar ritsari Ulrix fon Guttenga taalluqlidir.
8-o‘rin Oksford universiteti, Buyuk Britaniya.
Eski ingliz tilidagi universitet, unga XI asrlar atrofida asos solingan. Asosiy yo‘nalishi — gumanitar, matematika, fizika, ijtimoiy fanlar, tibbiyot sohalari. Oksfordni 25 nafar britan Bosh vaziri tamomlagan. Bu yerda Margaret Tetcher, faylasuf Tomas Gobbs, yozuvchilar Jonatan Svift, Oskar Uayld, Jon Tolkin va Oldos Xaksli, fizik Stiven Xokinglar tahsil olishgan.
Shiori: “Dominus Illuminatio Mea” – “Xudo – menga ta’lim berguvchi”.
9-o‘rin Garvard universiteti, Massachusets, AQSH.
Garvardni AQSHning sakkiz nafar prezidenti tamomlagan. Universitet bilan 75 nafar Nobel mukofoti sohibi bevosita yoki bilvosita bog‘liq. Garvard universiteti bitiruvchilari orasidan eng ko‘p milliarder chiqqan oliy o‘quv yurti sifatida mamlakatda birinchi o‘rinda turadi. Universitetni BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun, Teodor Ruzvelt, Franklin Ruzvelt, Barak Obama, pokistonlik siyosatchi Benazir Bxutto, aktrisa Natali Portmanlar tamomlashgan.
Shiori: “Veritas” — “Haqiqat”.
10-o‘rin Kaliforniya texnologiya instituti.
Yer yuzidagi aniq fanlarga va muhandislikka ixtisoslashgan mashhur universitetlardan biri. NASAning asosiy kosmik apparatlari unga qarashli. 31 nafar Nobel mukofoti laureatlari ushbu universitet bilan bog‘liq.
Shiori: “The truth shall make you free” — “Haqiqat sizga erkinlik beradi”.
Internet materiallari asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qur’oni karim oyatlari bitilgan qog‘ozlardan hurmatsizlik bilan foydalanilayotgani, ulamolar, imom-xatiblarni tanqid qilish, xato-kamchiliklarini qidirish va hatto masxaralash kabi holatlar kuzatilmoqda. Ba’zilar esa ularni obro‘sizlantirish, dunyodan bexabar johilga chiqarishga urinmoqda. Bundan ham yomoni egniga chopon kiyib, boshiga salla o‘rab, bachkana qiliqlar bilan ilm ahlining ustidan mazahlab video tasvirlar olib tarqatayotgan yoshlar ham uchramoqda.
Bunday nomaqbul xatti-harakatlar islomiy qadriyatlar borasida ham uchrayotgani tashvishlidir. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Juma kuni bilan tabriklash borasida ham turli tushunmovchiliklar yuzaga keldi. Ayrimlar Juma bilan tabriklashni mas'harabozlikka aylantirib, o‘zicha suratu videolar, yozuvlar tarqatishdi. Ba’zilar hayit kuni aniq bo‘lmagani uchun turli mas'haraomuz so‘zlar bilan she’r yozib ommaga ulashdi. Afsuski, jamiyatimizda bunday yengil-yelpi audio, video va yozma jo‘natmalarni ko‘pchilik yaxshi qabul qiladi va tez ommalashadi. Lekin diniy masalalarda hazil bo‘lmaydi. Bu ishni qilayotganlar esa bilmasdan gunoh orttirib olayotgani achinarli. Albatta, bu diniy bilimsizlik belgisi hamdir.
Alloh taoloning shiorlarini oyoqosti qilish, ulardan birortasini masxara qilish, kamsitish, behurmat qilish, xo‘rlash, mensimaslik, xor qilish mo‘min kishining kofir bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Illo, Juma kuni ham Hayit ham islom shiorlaridandir.
Islom ta’limotiga ko‘ra “shior” so‘zi “nishon”, “belgi”, “alomat” ma’nolarini bildiradi. Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taoloning dinining ko‘zga ko‘ringan va shon-shavkatining alomati bo‘lgan narsalar shior hisoblanadi. Bular qatoriga shariatimizda ulug‘langan zotlar – payg‘ambarlar, sahobalar, tobeinlar, avliyolar, ulamolar, ilm ahllari ham, Juma kuni, Ramazon oyi, muqaddas oylar, ibodat vositalari bo‘lmish tasbih, salla va joynamoz kabi narsalar ham kiradi.
Dinimiz ulamolarining fatvolarida bunday deyiladi: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur’oni karimni yengil sanab oyoq osti qilsa, yoki shar’iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa, yoki masjidni masxara qilsa, kofir bo‘ladi” (“G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).
Alloh taolo islom shiorlarini qadrlashga targ‘ib qilgan va ularni toptash, masxara qilishdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qur’oni karimda: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi 32 oyat), – deb xitob qilgan.
Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar: “Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba’zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi”. Shunda Cavbon raziyallohu anhu: “Yo Racululloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!” – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar”, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Xuddi shunday Islom dinini, shariat ahkomlarini yetkazishdek ulkan mas’uliyatni zimmasiga olgan ulamolar sha’niga yomon so‘zlarni gapirish Alloh va Uning rasulini g‘azabini keltiradigan yomon ishdir.
Olimning fazlini Alloh va Uning rasuli ulug‘lab tursa-yu, unga nisbatan hurmatsizlik qilish, Alloh va Uning rasuliga hurmatsizlikdir. Ahli sunna e’tiqodiga ko‘ra, musulmon katta gunohni qilish bilan dindan chiqmaydi, lekin dinni, ulamolarni past sanash bilan dindan chiqish xavfi bor. Chunki ulamolar din nomidan gapiruvchi shaxslardir. Ularga otilgan tosh dinga, payg‘ambarga otilgan hisoblanadi.
Tohir Buxoriyning “Xulosatul fatovo” asarida: “Kim bir olimni zohiriy sababsiz yomon ko‘rsa, uning dindan chiqish xavfi bor!” deyiladi (Ali Qoriy, “Sharhu Fiqhil akbar”).
Ilm ahlini hurmatlash Alloh taoloni ulug‘lashdir. Payg‘ambarimiz alayhi vassalm: “Keksalarimizni hurmat qilmagan, kichiklarimizga rahm qilmagan va olimimizni haqqini bilmagan kishi bizdan emas” deganlar (Imom Hokim rivoyat qilgan).
Qolaversa, ilm ahli va salohiyatli kishilarni masxara qilish, ularni qadrini yerga urish kofir va munofiq kishilarning sifatidir. Bu haqda oyati karimada bunday deyiladi:
“Kofir bo‘lganlarga bu dunyo ziynatli qilib qo‘yilgan. Ular imon keltirganlar ustidan kuladilar. Holbuki, qiyomat kuni taqvoli bo‘lganlar ulardan balanddirlar” (Baqara surasi, 212-oyat).
Demak, bilib bilmay, ulamolar va ilm ahlni, Islom shiorlarini masxara qilish mo‘minga ham aqli rosa kishiga ham xos sifat emas. Ayniqsa, mamlakatimizning asosiy qismi Islom diniga e’tiqod qilar ekan, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarini hurmat qilish har bir O‘zbekiston fuqarosining burchidir.
Tolibjon NIZOMOV