Ikki yo‘ldan odatda chiqadigan bavl, axlat, yel, maziy, vadiy, maniy hamda noodatiy chiqadigan qurt, tosh, ozgina qon singari narsalar tahoratni buzuvchi ekanligida jumhur ulamolar ittifoq qilishgan. Faqatgina Imom Molik rohimahulloh odatdan tashqari holda ikki yo‘ldan chiqadigan qurt, tosh, istihoza qoni va doimiy siydik tomim turishi, ich ketishi, tinmay yel kelib turishi singari narsalar tahoratni buzuvchilarga kirmasligini aytganlar.
Ikki yo‘ldan boshqa joydan chiqqan narsalar borasida esa mazhabboshilar o‘rtasida ham ixtiloflar mavjud.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra ikki yo‘ldan boshqa joydan chiqqan narsa najosat bo‘lsa va u tananing poklanishi lozim bo‘ladigan qismiga oqib o‘tsa tahorat buziladi. Bularga qon, yiring kabilar kiradi. Bunday najosatlar tahoratni buzishi uchun oquvchi bo‘lishi darkor.
Oquvchi bo‘lish sharti jarohat doirasidan tashqariga oqib chiqadigan bo‘lishligidir. Ko‘zdan va jarohatdan chiqqan qon ko‘z va jarohat doirasidan chiqmasa tahorat buzilmaydi.
Mazhabimizga ko‘ra oquvchi qon tahoratni buzuvchi sanaladi. Boshqa mazhablarda va ayrim toifalarda esa ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiqqan qon tahoratni buzmasligini aytishadi. Imom Ahmad rohimahulloh “ko‘p qon chiqsa tahoratni buzadi”, deganlar.
Keling, mazhabimizni qo‘llab quvvatlovchi dalillardan ba’zilarini keltirib o‘taylik:
1) Rosulloh sollallohu alayhi vasallam:
الوضوء من كل دم سائل
ya’ni, “Har bir oquvchi qondan tahorat qilish bor”, deganlar (Doroqutniy rivoyati, 581).
2) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Tahorat yetti narsadan qayta qilinadi”, deganlar. Og‘iz to‘la qayt qilishni, oquvchi qonni, qahqaha otib kulishni (namozda) va uxlashni ular jumlasidan sanab o‘tganlar (Bayhaqiy rivoyati).
3) Oisha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda onamiz aytadilar: “Fotima bintu Abu Hubaysh Payg‘ambar alayhissalom oldilariga kelib: “Ey Allohning rosuli men istihoza qoni ko‘raman. Hech pok bo‘lmayman. Namoz o‘qishni tark qilib turayinmi?”, deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom: “Yo‘q, bu narsa hayz emas, faqatgina tomirdan keluvchi qondir. Qachon odatda hayz ko‘radigan kunlaring kelsa, namoz o‘qimay turasan. U kunlar tugasa o‘zingdan qonni yuvib tashlab, (g‘usl qilgach) har bir namoz (vaqti) uchun alohida tahorat olasan ”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim).
Bu hadisda Payg‘ambar sollallohu alayh vasallam tahorat qilishni vojib qiluvchi illatni bayon qilib berganlar. U esa ayoldan chiqqan qon tomirdan chiquvchi qon ekanligidir. Tomirdan chiquvchi deb ifodalanishi ikki yo‘ldan chiquvchi qonni ham ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiquvchi qonni ham o‘z ichiga qamrab oladi. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayh vasallam Fotima bintu Abu Hubayshga har bir namoz uchun tahorat qilishga buyurdilar.
Shu va shunga o‘xshash dalillar hamda ibodat masalalarida ehtiyotini olish afzalligi sababli mazhabboshilarimiz ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiquvchi qon poklanishi lozim bo‘lgan joyga oqib o‘tsa tahoratni buzishligiga hukm qilganlar. Boshqa o‘ringa oqishligi chiquvchi qon ko‘pligi ma’nosidadir. Zero, ukol qilishda shpritsga qon tortilsa, poklanishi lozim bo‘lgan joyga oqmasada tahorat buziladi. Chunki tortilgan qon oquvchi hukmiga o‘tadi.
A’zamjon Saminov,
“Hidoya” madrasasi mudarrisi
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi "Abu Saxiy" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Isro va me’roj voqeasi hikmatlari” mavzusida ma’ruza qilib berdilar.
Islom tarixidan ma’lumki, payg‘ambarlikning o‘ninchi yilida Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bir kechada Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirib, u yerdan osmonlarga ko‘tardi. Bu haqda Isro surasining 1-oyatida bunday xabar berilgan: “O‘z bandasi (Muhammad)ni bir kechada Masjidul Haromdan atrofini barakotli qilganimiz Masjidul Aqsoga olib borgan Zot (Alloh) barcha nuqsonlardan pokdir. Biz unga oyatlarimizdan (mo‘jizalarimizni) ko‘rsatish uchun (shu ishni qildik). Albatta, U eshituvchi va ko‘ruvchidir”.
Ma’ruzada aytilganidek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam osmonlarga jismlari bilan ko‘tarilganlar. Har osmonda payg‘ambarlar va ko‘plab farishtalar bilan ko‘rishganlar. U zotga jannat va jahannam ahlining holi qanday bo‘lishi ko‘rsatilgan. Sidratul-muntaho – yaratilgan mavjudotlar ilmi va harakati tugaydigan joyga yetib, Allohning g‘ayb olamida ko‘pgina ajoyibotlarni ko‘rganlar. O‘shanda ba’zi oyatlar nozil bo‘lgan, besh vaqt namoz farz qilingan.
Muftiy hazratlari ushbu buyuk mo‘jizadan olishimiz zarur bo‘lgan ayrim hikmatlarga to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, Allohning qudrati mutlaqo cheksizligi, Payg‘ambar alayhissalomning maqomlari naqadar ulug‘ligi, namoz – eng oliy maqomda amr qilingan ulug‘ ibodat ekani, imon – g‘oyibga ishonish ekani kabilarni oyat va hadislar bilan sharhlab berdilar.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu buyuk mo‘jizadan munosib ibrat olib, imon-e’tiqodda sobitqadam, hayot sinovlarida sabrli, O‘zidan umidini uzmaydigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati