Ikki yo‘ldan odatda chiqadigan bavl, axlat, yel, maziy, vadiy, maniy hamda noodatiy chiqadigan qurt, tosh, ozgina qon singari narsalar tahoratni buzuvchi ekanligida jumhur ulamolar ittifoq qilishgan. Faqatgina Imom Molik rohimahulloh odatdan tashqari holda ikki yo‘ldan chiqadigan qurt, tosh, istihoza qoni va doimiy siydik tomim turishi, ich ketishi, tinmay yel kelib turishi singari narsalar tahoratni buzuvchilarga kirmasligini aytganlar.
Ikki yo‘ldan boshqa joydan chiqqan narsalar borasida esa mazhabboshilar o‘rtasida ham ixtiloflar mavjud.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra ikki yo‘ldan boshqa joydan chiqqan narsa najosat bo‘lsa va u tananing poklanishi lozim bo‘ladigan qismiga oqib o‘tsa tahorat buziladi. Bularga qon, yiring kabilar kiradi. Bunday najosatlar tahoratni buzishi uchun oquvchi bo‘lishi darkor.
Oquvchi bo‘lish sharti jarohat doirasidan tashqariga oqib chiqadigan bo‘lishligidir. Ko‘zdan va jarohatdan chiqqan qon ko‘z va jarohat doirasidan chiqmasa tahorat buzilmaydi.
Mazhabimizga ko‘ra oquvchi qon tahoratni buzuvchi sanaladi. Boshqa mazhablarda va ayrim toifalarda esa ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiqqan qon tahoratni buzmasligini aytishadi. Imom Ahmad rohimahulloh “ko‘p qon chiqsa tahoratni buzadi”, deganlar.
Keling, mazhabimizni qo‘llab quvvatlovchi dalillardan ba’zilarini keltirib o‘taylik:
1) Rosulloh sollallohu alayhi vasallam:
الوضوء من كل دم سائل
ya’ni, “Har bir oquvchi qondan tahorat qilish bor”, deganlar (Doroqutniy rivoyati, 581).
2) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Tahorat yetti narsadan qayta qilinadi”, deganlar. Og‘iz to‘la qayt qilishni, oquvchi qonni, qahqaha otib kulishni (namozda) va uxlashni ular jumlasidan sanab o‘tganlar (Bayhaqiy rivoyati).
3) Oisha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda onamiz aytadilar: “Fotima bintu Abu Hubaysh Payg‘ambar alayhissalom oldilariga kelib: “Ey Allohning rosuli men istihoza qoni ko‘raman. Hech pok bo‘lmayman. Namoz o‘qishni tark qilib turayinmi?”, deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom: “Yo‘q, bu narsa hayz emas, faqatgina tomirdan keluvchi qondir. Qachon odatda hayz ko‘radigan kunlaring kelsa, namoz o‘qimay turasan. U kunlar tugasa o‘zingdan qonni yuvib tashlab, (g‘usl qilgach) har bir namoz (vaqti) uchun alohida tahorat olasan ”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim).
Bu hadisda Payg‘ambar sollallohu alayh vasallam tahorat qilishni vojib qiluvchi illatni bayon qilib berganlar. U esa ayoldan chiqqan qon tomirdan chiquvchi qon ekanligidir. Tomirdan chiquvchi deb ifodalanishi ikki yo‘ldan chiquvchi qonni ham ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiquvchi qonni ham o‘z ichiga qamrab oladi. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayh vasallam Fotima bintu Abu Hubayshga har bir namoz uchun tahorat qilishga buyurdilar.
Shu va shunga o‘xshash dalillar hamda ibodat masalalarida ehtiyotini olish afzalligi sababli mazhabboshilarimiz ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiquvchi qon poklanishi lozim bo‘lgan joyga oqib o‘tsa tahoratni buzishligiga hukm qilganlar. Boshqa o‘ringa oqishligi chiquvchi qon ko‘pligi ma’nosidadir. Zero, ukol qilishda shpritsga qon tortilsa, poklanishi lozim bo‘lgan joyga oqmasada tahorat buziladi. Chunki tortilgan qon oquvchi hukmiga o‘tadi.
A’zamjon Saminov,
“Hidoya” madrasasi mudarrisi
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (O‘XIA) delegatsiyasining Indoneziyaga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida O‘XIA vakillari ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim, ilm-fan hamda ekstremizm va terrorizmning oldini olish sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga bag‘ishlangan qator uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Xususan, Indoneziya Terrorizmga qarshi kurashish milliy agentligi (BNPT)da bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ekstremizmga qarshi kurashda kompleks yondashuvning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Agentlikning xalqaro aloqalar departamenti direktori, Indoneziya Milliy politsiyasi generali Dhani Hernando bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tajriba almashish amaliyotini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘XIA tomonidan yurtimizning ekstremizm va terrorizmning oldini olish sohasida to‘plagan tajribasi haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Tomonlar o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar va hamkorlik loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Indoneziyadagi Sahid universiteti prorektori Ani Siska bilan ham muloqot qildi. Suhbat chog‘ida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, onlayn ma’ruzalar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar va akademik mobillikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) vakillari bilan o‘tkazilgan muloqotda yoshlarni radikal g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, strategik kommunikatsiyalar, muqobil ma’rifiy narrativlarni ishlab chiqish hamda analitik tadqiqotlarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. CSIS vitse-prezidenti Medilina Henditio O‘XIA olimlari va tadqiqotchilari uchun xalqaro ilmiy dasturlar, stajirovkalar va grant loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini taklif qildi.
Tashrif doirasida O‘XIA huzuridagi “Ziyo” media markazi tomonidan Indoneziyaning ekstremizmga qarshi kurashish tajribasi, soha mutaxassislari bilan intervyular va maxsus reportajlar tayyorlandi. Ushbu materiallar asosida hujjatli film yaratish rejalashtirilgani ham mazkur tashrifning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.
Indoneziyaga amalga oshirilgan mazkur tashrif O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida ta’lim, ilm-fan, xavfsizlik hamda ekstremizmning oldini olish sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati