Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2026   |   20 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:16
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2026, 20 Rajab, 1447
Maqolalar

Kufr haqida

01.08.2024   16640   4 min.
Kufr haqida

Ma’lumki bugungi kunda ba’zi toifalar kufr so‘zini ko‘p ishlatmoqda. Iymon keltirgan va o‘zini musulmon deya da’vo qilayotgan kishini ham kufrda yani dindan chiqqanlikda ayblamoqdalar.

Aslida bu “Kufr” o‘zi nima degani? Qanday odamga kofir deyiladi? Bu savollarga quyidagi maqolamiz orqali javob berishga harakat qilamiz.

Kufr so‘zi lug‘atda “yopish”, “berkitish” ma’nosini anglatadi.

Kufr shar’iy istilohda imonning ziddi bo‘lib, “tonish”, “bosh tortish” ma’nolaridadir.  Bu haqda Alloh taolo bunday deydi: «Bizlar (bu ikki kitobning) har biriga kofirdirmiz», dedilar (Qasos, 48).

Shu e’tibordan shar’iy ma’nosi va lug‘aviy ma’nosi o‘zaro uzviy bog‘liqdir. “Kofir” degani “kufr egasining qalbi kufr sababli yopilgan” degan ma’nodadir. “Durrur muxtor” asarida bunday deyiladi: “Kufr shariatda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni dinga oid olib kelgan narsalarida yolg‘onchiga chiqarishdir”.

Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom  Muslim rivoyati).

Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb o‘ylanayotgan u gapirgan so‘zi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab o‘rganish shartdir. Zero, barcha fosid so‘z yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar o‘zgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala bo‘lgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa, gapiruvchining o‘ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom  Muslim rivoyati).

 Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday bo‘lmasa, gaplari o‘ziga qaytadi” (Imom  Muslim rivoyati).

Agar bir musulmon odam kufrga o‘xshash so‘zni gapirib qo‘ysa, modomiki uning so‘zini boshqa bir yaxshi ma’noga yo‘yishning imkoni bo‘lsa, uni kofir deyilmaydi. Shuningdek, u gapirgan so‘zni kufr so‘z ekanligida olimlar o‘rtasida ixtilof bo‘lsa, agarcha u ixtilof zaif rivoyatda kelib, rivoyatda u so‘zni kufr ekanligi shak qilingan bo‘lsa-da, u musulmon kofirga chiqarilmaydi.

Zero, musulmonni nima narsa imonga olib kirgan bo‘lsa, ana o‘shandan tonishgina imondan chiqarib yuboradi. Chunki kishidagi mavjud islom shak bilan yo‘q bo‘lmaydi. Islom shak bilan yo‘q bo‘ladigan narsa emas. Agar bir kishi bir so‘zni aytib qo‘ysa yo qilib qo‘ysa va bir qancha ta’villarga ko‘ra u kofir bo‘lishi kerak bo‘lgan vaqtda bittagina ta’vilga ko‘ra u kofir bo‘lmasligi chiqsa, bu masala nozik bo‘lgani va musulmon haqida yaxshi gumon qilish lozimligi e’tiboridan ana shu bir ko‘rinishga ko‘ra, u kofir emas deyiladi. Olimlar shunga fatvo berishgan. Bundan tashqari kufr jinoyatning eng yuqorisi bo‘lib, u jazoning ham eng yuqorisini taqozo qiladi. Endi shak va ehtimol bilan esa bir odamga eng katta jazo qo‘llanmaydi ( Raddul muxtor xoshiyasi. III jild. 385 bet).

Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatar sababidan Qur’oni karim va Sunna o‘zga birovni kufrga chiqarishdan qaytargan.

Manbalar asosida tayyorlandi.

 

Komiljon Otamirzayev,  
Uychi tumani «Dahyak-ota»  jome  
masjidi imom xatibi 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mas’uliyat, hamjihatlik va samarali faoliyat yili

06.01.2026   5973   1 min.
Mas’uliyat, hamjihatlik va samarali faoliyat yili

2026 yilning ilk kunlarida viloyat bosh imom-xatibi viloyatimizda faoliyat yuritayotgan shahar va tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda yangi milodiy yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalar, joylarda diniy-ma’rifiy ishlar sifatini oshirish, aholi orasida ma’naviy targ‘ibotni kuchaytirish, yoshlar va oilalar bilan ishlash hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Viloyat bosh imom-xatibi tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilib, amaliy ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, imom-xatiblarning mas’uliyati, intizomi va jamiyat oldidagi burchi alohida ta’kidlanib, 2026 yilda diniy sohadagi faoliyatni yanada tizimli, mazmunli va samarali tashkil etish zarurligi qayd etildi. Mazkur uchrashuv yangi yilda joylarda olib boriladigan ishlarga mustahkam asos bo‘lib xizmat qildi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati

Mas’uliyat, hamjihatlik va samarali faoliyat yili Mas’uliyat, hamjihatlik va samarali faoliyat yili Mas’uliyat, hamjihatlik va samarali faoliyat yili
O'zbekiston yangiliklari