Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir kuni o‘g‘il bemor onasini ko‘chadan uyga olib kirayotganida ona:
– Meni qo‘yib yubor, sayr qilishni xohlayman, – dedi.
O‘g‘il:
– Onajon, uyga kiring, ovqatlanib oling, keyin o‘zim sizni aylantirib kelaman, – dedi.
Ona:
– Yo‘q, hoziroq ko‘chaga chiqqim kelyapti, – dedi.
Bu holatni kuzatib turgan kelin:
– Yana ko‘chaga chiqib ketibdilar. Ishqilib qo‘shnilar ko‘rmagan bo‘lsin-da, – dedi.
Ona xarxasha qilishda davom etdi.
O‘g‘il esa onasini oshxonaga kuzatib qo‘ydi. So‘ngra hovlining bir chetida o‘yga toldi. Shunda ayoli kelib:
– Dadasi, siz ham ishingizdan qolib ketyapsiz. Men ham uy-ro‘zg‘ordan ortmay onajonga qaray olmayapman. Keling, onajonni biror kasalxonagami yo qariyalar uyiga joylashtiraylik. Ular bizdan ham yaxshi qarashadi. Siz ham, men ham bir tashvishdan qutulamiz.
Shunda o‘g‘il:
– Chamasi 6 yosh edim. Onam kechki ovqat tayyorlash uchun sabzi artayotganlarida bexos barmoqlarini kesib oldi. Shunda onam qo‘llarini bog‘lab, hech narsa bo‘lmaganday ishida davom etdi. Bir kuni men ham barmog‘imni kesib oldim. Buni ko‘rgan onam chiday olmay, oldimda parvona bo‘ldi. Shifokorga borib kerakli muolajalarni qilgach, ko‘ngillari xotirjam tortdi. Shunda bildimki, onam barmoqlarini kesganlarida etlari, mening barmog‘im kesilganda esa yuraklari kesilgandek bo‘lgan ekan. Yoshligimdan onam oq yuvib, oq taradilar. Endi navbat meniki, – dedi.
O‘g‘il so‘zida davom etib:
– Sen onamdan uyalib “qo‘shnilar nima der ekan” desang, men onamni ijaraga uy olib bo‘lsa ham qarayman. Bilaman, ro‘zg‘orning yuki mening zimmamda. Uni ham qilaman. Lekin onamning taqdiri ertaga sening boshingga tushmasmikin?! Shundan qo‘rqaman. Onam bemor bo‘lsa ham doim yonimda, shundan baxtiyorman.
Akbarshoh RASULOV,
tarjimasi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.