Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
– Mendan hazratning virdlari haqida ko‘p so‘rashadi. Hazratning asosiy virdlari ilm edi. U kishi: «Oddiy mo‘minning virdi zikr, qorining virdi Qur’on, tolibi ilmning virdi talabi ilm, olimning virdi ilm tarqatish», deb qo‘yardilar.
Kun tartiblariga kelsak, hazrat qishin-yozin saharlab turardilar. Biroz tahajjud o‘qib, so‘ngra ishga o‘tirardilar. Bomdod vaqti kirganda namozni o‘qib, virdlariga o‘tirardilar. Virdlari sunnatda kelgan tonggi zikrlar, Yosin tilovati va o‘zlari ixtiyor qilgan muayyan zikrlardan iborat edi. Voqea surasini ham har kuni o‘qirdilar.
Ko‘pincha ertalab soat 7 larda marosimga borishlari kerak bo‘lardi. Hazratni olib ketgani kelgan kishining kelganini xabar qilishi yoki darvoza qo‘ng‘irog‘ini chalishi hazratning nazdlarida katta beodoblik hisoblanardi. Ular aytilgan vaqtga kelib turar, hazrat ham kelishilgan vaqtga tashqariga chiqardilar. Marosimga olib ketadigan mashina 6:30 ga yaqin kelardi. Hazrat 3 daqiqada kiyimlarini almashtirib, roppa-rosa 6:30 ga tashqariga chiqardilar. Vaqtni tejaganlaridan kiyimning tugmasini ham yo‘l-yo‘lakay taqib borardilar.
Marosimdan keliboq, yana ishga kirishardilar. So‘nggi bir yildan beri parhezda bo‘lganlari uchun ko‘pincha marosimdan kelib, uyda choy ichardilar. Choy ichishlari uzog‘i bilan 15 daqiqaga borardi. Keyin tushgacha ishlardilar. O‘zlari uchun kunda 10 sahifa kitob ta’lif qilishni vazifa qilib olgandilar. Vazifalari tugamaguncha to‘xtamasdilar, ne bo‘lmasin, uni bajarardilar. Hatto safarda ham imkon topdi deguncha ishlarini davom ettirardilar.
Odatda, peshindan keyin haftaning ba’zi kunlari dars halqalari bo‘lar, ba’zi kunlari esa suzishga borar edilar. Shuningdek, yana ba’zi kunlari shomdan keyin dars bersalar, boshqa kunlari shomdan keyin basketbolga borardilar. Haftada ikki marta suzish, ikki marta basketbol, beshta dars va bir nechta majlis bo‘lardi. Bu bardavom va bir maromdagi tadbirlar bo‘lsa, undan tashqari, turli yig‘inlar, safarlar ham ketma-ket bo‘lib turardi.
Hazratning vaqtiga Alloh taolo baraka berib qo‘ygan edi. Buni u kishi bilan hamnafas bo‘lgan inson ham o‘z vaqtidagi o‘zgarishdan seza olardi. U kishining vaqtga bo‘lgan e’tiborlaridan Alloh taolo u kishini bu karomat bilan siylagan bo‘lsa, ajab emas. Hazratning virdlaridan yana biri – har doim tahoratli yurardilar va har bir tahorat ketidan ikki rak’at nafl o‘qirdilar.
Kechqurun soat o‘nda, kechikib ketsa, o‘n yarim-o‘n birlarda uyquga yotardilar. Ba’zan xuftonni ertaroq o‘qib, keyin yotish oldidan tahoratni yangilab, vitrni o‘qirdilar. Hazrat biror lahzani ham zoye qilmas edilar. Vazifalarni o‘tab bo‘lgan paytlari Qur’on tinglar edilar. Qur’oni karimni ko‘p o‘qir va eshitar edilar. Ozgina fursat bo‘sh bo‘lib qolsalar, zikr qilib o‘tirar edilar. U kishi badiiy adabiyotga ham qiziqardilar. Ilmiy ishlardan bo‘shagan paytlari turli badiiy asarlar bilan ham tanishib turar, hikmatli she’rlarni o‘qishni, tinglashni yaxshi ko‘rar edilar.
Ismoil maxdum qizi Fotima hoji ona
Shayx hazratlarining umr yo‘ldoshlari
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi