Mamlakatimizning Janubiy Koreyadagi diplomatik vakolatxonasi tashabbusi bilan mazkur davlatda tahsil olayotgan talaba-yoshlar va vatandoshlar ishtirokida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni hamda buyuk qomusiy olim Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda o‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda davlat tilini yangi pog‘onaga olib chiqish borasida hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlandiki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘ldi. "Davlat tili haqida"gi qonunda ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratilgan.
Eng muhimi, davlatimiz rahbarining 2019 yil 21 oktyabrda "O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21 oktyabr sanasi "O‘zbek tili bayrami kuni" sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, tadbirda buyuk qomusiy olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek qoldirgan ma’naviy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi. Buyuk ajdodimiz o‘zining boy ilmiy-ma’rifiy merosi hamda mislsiz bunyodkorlik faoliyati bilan O‘zbekiston taraqqiyoti va jahon sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulkan tarixiy siymo ekanligi alohida urg‘ulandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Davlatimiz Rahbari tomonidan joriy yil 16 fevral kuni imzolangan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori ushbu oyni xalqimizga xos insonparvarlik, ezgulik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarga sodiq holda o‘tkazishda asosiy omil bo‘lmoqda.
Qutlug‘ oyning avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida soha xodimlari tomonidan yurtimizning barcha hududidagi eng og‘ir mahallalardagi kam ta’minlangan oilalar uchun iftorliklar tashkil etilib, ko‘ngli o‘ksik kishilar og‘irini yengil qilish va ko‘ngillarini shod etish ishlari boshlab yuborildi.
Joriy yilning 22 fevral kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Uchtepa tumani "Hazrat Ali" masjidi imomlari bilan birgalikda Davlatobod mahallasida istiqomat qiluvchi Husan aka Alimov xonadonda bo‘ldilar. Hovli kichik bo‘lishiga qaramy 4 ta oila ahillikda, Yaratganga shukronalikda umr kechirmoqdalar. Tashrif chog‘ida ushbu xonadon ahillariga ro‘zg‘or ashyolari va oziq-ovqat mahsulotlari hadya qilindi. Shundan so‘ng xonadon egalari bilan birgalikda iftorlik dasturxonida ma’rifiy-hayotiy suhbat qilindi. Yakunda Yurtimiz va yurtdoshlarimizning haqqiga xayrli duolar qilindi.
Bunday xayriya tadbirlari mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati