Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qadim zamonda bir tikuvchi bo‘lgan ekan. U o‘z hamqishloqlariga bir-biridan chiroyli kiyimlar tikib berar ekan. Tikuvchining kichik yoshdagi bir nabirasi bo‘lib, u juda ziyrak, harakatchan bola ekan. U doimo bobosining yonida yurib, uning ishlariga qarashar, har bir qilayotgan ishini diqqat va etibor bilan kuzatib borar ekan.
Kunlarning birida tikuvchi nabirasiga bir hikmatni ta’lim bermoq istabdi. Katta hajmdagi bir matoni keltirib, qaychi bilan uni kesib mayda-mayda bo‘laklarga bo‘libdi. So‘ngra qaychini bir chekkaga uloqtiribdi. Shundan keyin tikuvchi igna olib kelibdi va u bilan kichik-kichik bo‘laklarga bo‘lingan mato parchalarini bir-biriga ulab tika boshlabdi. Natijada chiroyli bir kiyim paydo bo‘libdi. Kiyimni tikib bo‘lgach, ignani boshidagi sallasining bir chekkasiga sanchib qo‘yibdi.
Buni kuzatib turgan ziyrak nabira bobosidan so‘rabdi: “Bobo nima uchun matoni kesib, parchalab bo‘lganingizdan keyin qimmatbaho qaychingizni yerga uloqtirdingiz, ammo tikib bo‘lganingizdan keyin bir chaqa turadigan ignani boshingizdagi sallangizga sanchib qo‘ydingiz?”.
Tikuvchi bobosi javob berdi: “Ey, nabiraginam, agar e’tibor bergan bo‘lsang, qaychi butun bir matoni parcha-parcha qilib bo‘lib tashladi. Ammo, kichkinagina inga o‘sha parchalarni bir-biriga ulab chiroyli kiyim tikdi. Bundan shunday xulosa olish mumkinki, odamlar orasida shunday kishilar bo‘ladiki, ular butun bir jamiyatni o‘rtasiga fitna urug‘ini sochib, ularni bir-biridan ayrib tashlaydi, jamiyatni parchalab yuboradi. Ana unday kishilarning o‘rni oyoq ostida, ular shunga munosib. Ammo, odamlarni birlashtirish, ularni hamjihat qilish yo‘lida sa’y-harakat qiladigan kishilar doimo ardoqlanadi, ularni boshingga ko‘ratsang arziydi. Sen ham doimo odamlarni bir-biriga do‘st, ahil-inoq qiladigan kishilardan bo‘lgin”, dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’atining joriy yil 27 oktyabrdagi yig‘ilishi bayonining 10-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahridagi tumanlar ish yurituvchilari bilan mahorat darsi tashkillashtirildi.
Unda Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i Jahongir Hotamov masjidlar rahbar organlari tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida adliya organlariga bir oy ichida ma’lumot berishi, masjid ustav va guvohnomalarini saqlashda e’tiborli bo‘lish, imom-xatib yo noiblar besh vaqt namozlarda ish joyida bo‘lishi shartligini ta’kidladi.
Bo‘lim yetakchi mutaxassisi Elyor Minovarov masjidlarda qurilish-ta’mirlash ishlarida loyiha hujjatlarini vakolatli idoralar bilan oldindan kelishish lozimligini eslatib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi tashkilotlarda qonun hujjatlari talablariga amal qilish va huquqiy savodxonlikni oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan mazkur tadbir savol-javoblarga boy bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati