Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qadim zamonda bir tikuvchi bo‘lgan ekan. U o‘z hamqishloqlariga bir-biridan chiroyli kiyimlar tikib berar ekan. Tikuvchining kichik yoshdagi bir nabirasi bo‘lib, u juda ziyrak, harakatchan bola ekan. U doimo bobosining yonida yurib, uning ishlariga qarashar, har bir qilayotgan ishini diqqat va etibor bilan kuzatib borar ekan.
Kunlarning birida tikuvchi nabirasiga bir hikmatni ta’lim bermoq istabdi. Katta hajmdagi bir matoni keltirib, qaychi bilan uni kesib mayda-mayda bo‘laklarga bo‘libdi. So‘ngra qaychini bir chekkaga uloqtiribdi. Shundan keyin tikuvchi igna olib kelibdi va u bilan kichik-kichik bo‘laklarga bo‘lingan mato parchalarini bir-biriga ulab tika boshlabdi. Natijada chiroyli bir kiyim paydo bo‘libdi. Kiyimni tikib bo‘lgach, ignani boshidagi sallasining bir chekkasiga sanchib qo‘yibdi.
Buni kuzatib turgan ziyrak nabira bobosidan so‘rabdi: “Bobo nima uchun matoni kesib, parchalab bo‘lganingizdan keyin qimmatbaho qaychingizni yerga uloqtirdingiz, ammo tikib bo‘lganingizdan keyin bir chaqa turadigan ignani boshingizdagi sallangizga sanchib qo‘ydingiz?”.
Tikuvchi bobosi javob berdi: “Ey, nabiraginam, agar e’tibor bergan bo‘lsang, qaychi butun bir matoni parcha-parcha qilib bo‘lib tashladi. Ammo, kichkinagina inga o‘sha parchalarni bir-biriga ulab chiroyli kiyim tikdi. Bundan shunday xulosa olish mumkinki, odamlar orasida shunday kishilar bo‘ladiki, ular butun bir jamiyatni o‘rtasiga fitna urug‘ini sochib, ularni bir-biridan ayrib tashlaydi, jamiyatni parchalab yuboradi. Ana unday kishilarning o‘rni oyoq ostida, ular shunga munosib. Ammo, odamlarni birlashtirish, ularni hamjihat qilish yo‘lida sa’y-harakat qiladigan kishilar doimo ardoqlanadi, ularni boshingga ko‘ratsang arziydi. Sen ham doimo odamlarni bir-biriga do‘st, ahil-inoq qiladigan kishilardan bo‘lgin”, dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
17 noyabr kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari Xayrullo domla Sattarov va Nursultonxon domla Abdumannonovlar Finlandiya musulmonlari jamiyati imomi Ramil hazrat Belyayev rahbarligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Mehmonlar mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 16 noyabr – "Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqdalar. Uchrashuvda Finlandiya delegatsiyasi Samarqandda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik sohasidagi faoliyatni yuqori baholadi hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ishonch bildirdi.
Shuningdek, mehmonlar shahrimizning ko‘hna qadamjolari va madaniy meros obyektlarini ko‘rishdan katta zavq olganliklarini ta’kidladilar. Uchrashuv samimiy va foydali ruhda o‘tdi, va tomonlar esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati