Kunlarning birida ona va bir o‘smir bola avtobusda yonma-yon o‘tirib ketayotgan edi. Bir vaqt o‘g‘il onasiga: “Menga gapirmang” deya qo‘pollik qildi. Ona odamlar oldida hijolat tortdi.
Buni kuzatib turgan bir kishi bolani oldiga kelib: “Qani sen bilan bir gaplashib olaylik” deya so‘zida davom etdi: “Nega onangni hurmat qilmayapsan? Senga bir gap aytsam. Onang nima bo‘lishidan qat’iy nazar har doim oldingda. Yoshing 12, 20, 30 yoki 50 bo‘lishidan qat’iy nazar, u sening mehribon onang bo‘lib qolaveradi. Boshqa odam senga bunchalik mehribon bo‘lmaydi. Qani edi, mening onam ham yonimda bo‘lsalar edi. Unga qanchalik yaxshi ko‘rishimni, men uchun eng qadrli inson ekanini va otasiz katta qilgani uchun minnatdorchilik bildirishni xohlardim. Birgina uni yaxshi ko‘rishimni aytsam armonim qolmasdi. Seni esa hali onang hayot. Qani endi onangni qattiq quchoqlab, u eshitgisi kelayotgan gapni ayt. U sendan qanchalar xursand bo‘lishini ko‘rasan”, deb ko‘zlari yoshlanib nari ketdi.
Otangiz, onangiz hali hayotmi? Ularni qadriga yeting. Hali shunday vaqtlar keladiki, kiygan kiyimlaridan ham hidlarini topa olmaysiz.
ALLOH hayot bo‘lgan ota-onalarimizni salomat qilsin. Bu dunyodan o‘tganlarini ALLOH rahmatiga olsin!
Akbarshoh Rasulov,
tarjimasi
Islom mutaassiblikka mutlaqo aloqasi bo‘lmagan dindir. U o‘ziga e’tiqod qiluvchilarni torlikka chaqirmaydi. Islom manbalari – Qur’on va sunnatda mutaassiblikka undovchi biror narsa yo‘q. Aksincha, kishilarni islomga undash Qur’oni karim ko‘rsatib berganidek, hikmat, go‘zal mav’iza va chiroyli bahs ila amalga oshiriladi. Bu esa mutaassiblik, biror masalani tor olishga butkul teskari bo‘lgan uslubdir.
Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarning birida: "Osonlashtiring – qiyinlashtirmang, xushxabar bering nafratlantirmang", - deya marhamat qilinadi. Ushbu chaqiriq mutaassiblikni inkor etadi. Zero, mutaassiblikdan nafrat, bag‘rikenglikdan esa xushxabar yuzaga keladi. Demak, islom mutaassiblikni inkor etar ekan, u terrorni, tinch aholi orasida vahima keltirib chiqarishni va begunoh insonlarning qonini to‘kishni ham qoralaydi. Islomning nazdida bir odamning joniga qasd qilish butun insoniyatning joniga qasd qilish bilan barobardir.
Qur’oni karimda bu haqda: "Kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi", - deyiladi. (Moida surasi, 32-oyat) Shunday ekan, islomni mutaassiblik bilan bog‘lash yanglishishdir. Din nomidan qo‘poruvchiliklar qilishning muqaddas islom ta’limotiga mutlaqo aloqasi yo‘q.
Abduvahob Yaqubboyev,
Namangan tumani "Mirzaboy Xolto‘raboy" masjidi imom-xatibi
@SOFTALIMOTLAR