frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

“Islom fiqhi asoslari” o‘qilishi shart bo‘lgan kitob

31.10.2024   32306   3 min.
“Islom fiqhi asoslari”  o‘qilishi shart bo‘lgan kitob

So‘nggi paytlarda “Mazhab nimaga kerak?”, “O‘zimiz Qur’on va sunnatdan hukm olsak bo‘lmaydimi?” deguvchi toi­falarga raddiyalar beradigan kitob­larga yurtimizda ehtiyoj katta edi. Alhamdulillah, ana shu ehtiyoj ajoyib asarlar bilan to‘ldirib borilyapti.


Yaqinda O‘zbekiston musul­monlari idorasi raisi­ning birinchi o‘rinbo­sari Homidjon qori Ishmat­be­kovning “Islom fiqhi asoslari. To‘rt mazhab imomlari” kitobi chop etildi.


Muallif yozadi: “Keyin­gi yillarda mavjud mazhab­larni inkor etib, ularni bid’atga chiqarib, mo‘min-musulmonlar fikrini chal­g‘itishga urinayotgan buzg‘unchi toifalarning g‘arazli tashviqot-targ‘ibotlariga aldanib qolish holatlari yoshlarimiz o‘rtasida kuzatilmoqda. Go‘yoki mazhablar Qur’on va sunnatga xilof va ulardan yiroq degan da’vo bilan mazhabga ergashishdan qaytarishga urinmoqdalar. Ushbu kitobda mavjud to‘rt mazhabning aynan Qur’on va sunnatga asoslangani va dinimizning zamonlar osha yuzaga keladigan muammolarni hal qilishda aynan mazhab ulamolari joriy qilgan usul va qoidalarga asoslanishi ham bayon etilgan”.


Ustozlardan biri Qur’on va sunnatni yuqori kuchlanishga ega elektr energiyasiga qiyoslagan. Tasavvur qiling, uyingizga rozetka bo‘la turib, choy qaynatish uchun tefalni yuqori kuchlanishga ega elektr energiyasiga ulamaysiz-ku, shundaymi? Mabodo, shunday qilinsa, oqibat qanday bo‘lishi hammaga ayon. Bugun “Qur’on va sunnat turganda nega mazhabga ergashishimiz kerak?” deydigan toifalarning qilayotgan ishlarini xuddi yuqoridagi holatga o‘xshatish mumkin.


Arab tilini chala-chulpa bilib olib, Qur’on ilmlaridan bexabar, shariatni ­tushunmaydigan kimsalar bir yoki bir nechta risolani o‘qib olib, o‘zlaricha Qur’ondan hukm olishga oshiqishlari ju­da katta xatodir.


Ish o‘z ustasiga topshirilishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. H. Ishmatbekov ana shu masalalarga ham e’tibor qaratib, hatto saodat asrida ham Nabiy alayhissalom sahobalarning gaplariga qu­loq solganlarini keltirgan.


Badr kuni jang boshlanishidan oldinroq Nabiy alayhissalom ijtihod qildi­lar. U zot sahobalari bilan jang qilish uchun bir joyni belgilab, o‘sha yerga tushdilar. Sahobalardan biri Habbob ibn Munzir Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: “Bu joyni sizga Alloh tayin qilib berdimi, undan boshqa joyga ko‘chish mumkin emasmi? Yoki bu yerni o‘zingiz dushmanga hiyla qo‘llash uchun tanladingizmi?” deb so‘raydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo‘q, Alloh emas, o‘zim dushmanga hiyla qo‘llash uchun bu yerni tanladim”, deydilar. Shunda Habbob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga boshqa joyni ko‘rsatib, o‘sha yerda turish g‘alaba qozonishga yanada qulayroq bo‘lishini maslahat beradi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning maslahatini olib, u ko‘rsatgan yerga ko‘chib o‘tishadi, natija g‘alaba qozonish bilan yakunlanadi.


Xullas, “Islom fiqhi asoslari” kitobini har bir mo‘min-musulmon o‘qib chiqishi shart bo‘lgan kitoblar sirasiga kiritish mumkin. 

T.NIZOM

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   4448   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari