Cavol: Saharlik qilib, ro‘za tutgan ayol iftordan oldin, masalan, peshin vaqtida hayz ko‘rib qolsa, kechgacha o‘zini ro‘zador kabi turishi kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ro‘zador holdagi ayolning ko‘rgan qoni hayz ekani aniq bo‘lsa, iftorgacha ro‘zador holda turmaydi. Chunki u hayz ko‘rishi bilan ro‘zasi ochilib ketadi va unga yeb-ichishi joiz bo‘ladi. Ammo buni oshkora qilmaydi. Iftorgacha hech nima yeb-ichmayman deb, yemay-ichmay yurishi to‘g‘ri emas. Jumladan, “Hoshiyatut Tahtoviy”da bunday deyilgan:
“(Ro‘zador) ayol hayz yoki nifos ko‘rib qolsa, og‘zi ochiladi va qazosini tutib beradi. U o‘zini uzrli kishilarga o‘xshatishi shart emas. Chunki bunday ayolning ro‘za tutishi harom bo‘lib, haromga o‘xshatishlik ham haromdir. Kunning bir qismida musofir o‘z shahriga yetib kelsa, kasal tuzalib qolsa, majnun hushiga kelsa, hayzli, nifosli ayol pok bo‘lib qolsa, bularning barchasi yeb-ichishdan tiyilib turishi vojibdir. Sahih gap mana shu”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.