Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Ixtilof va tafriqaning turlari

11.11.2024   1772   12 min.
Ixtilof va tafriqaning turlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bilingki, ixtilof ikki xil bo‘ladi:

  1. Bir narsaning turidagi ixtilof.
  2. Bir narsaga qarshi ixtilof.

Turdagi ixtilof shuki, ixtilof qilingan gap yoki ishning har biri haq bo‘ladi va shariatda bor bo‘ladi. Bunga misollar: Sahobalardan ikkitalari Qur’on tilovatida ixtilof qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganlarida, ikkovingizniki ham to‘g‘ri, deganlar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Azon va iqomatning sifati, sahv sajdasini qilish mahali, tashahhud, xavf namozi, iyd va janoza namozi takbirlariga o‘xshagan, shariatda bor, lekin turlari har xil narsalar shular jumlasidandir.

Bunga o‘xshash ixtilofda xusumat qilish haromdir. Ko‘pincha bunga o‘xshash ixtiloflarda ummat ichida xusumat chiqib, urush darajasigacha yetib borilishiga guvoh bo‘lganmiz. Misol uchun, iqomatda kalimalarni juft yoki toq aytish, «omiyn»ni ovoz chiqarib yoki ichida aytish masalalarida shundoq bo‘ladi. Bu esa, ayni harom ishdir. Ushbu turdagi ixtiloflarga dalillarning siyg‘alari, ba’zi bir nomlarni aytish va shunga o‘xshash narsalar kiradi. Jahl yoki zulm yuzasidan bir gap yoki ish maqtaladi-yu, ikkinchisi yomonlanadi. Oqibatda ikki tomon o‘rtasida xusumat kengayib, urush-janjalga borib yetadi. Qarama-qarshi ixtilofda esa, ikki gap yoki ishdan biri haq, boshqasi botil bo‘ladi. Bu ancha qiyin ishdir.

Qarama-qarshi ixtilofga Alloh taoloning tavhidi haqidagi ixtilof kiradi. Shuningdek, qabr azobi haqmi yoki haq emasmi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning me’rojlari jism bilanmi yoki ruh bilanmi, kabi ixtiloflar kiradi. Birinchi turdagi, ya’ni, gap va narsalarning turidagi ixtilofda goho, agar haq bo‘lsa ham ikkinchi tomonga zulm qilgan taraf mazammat qilinadi. Agar orada bir-biriga zulm qilish bo‘lmasa, Qur’oni Karim ikki tomonni ham madh qilgan.
G‘azotlardan birida musulmonlar dushmanga panoh bo‘lib turgan xurmolarni kesish yoki kesmaslik haqida ixtilof qildilar. Ba’zilari xurmolarni kesdilar. Ba’zilari kesmadilar. Orada kim to‘g‘ri qildi-yu, kim noto‘g‘ri qildi, degan savol paydo bo‘ldi. Shunda Alloh taolo: “Siz xurmoni kesgan yoki aslida tik qoldirgan bo‘lsangiz, faqat Allohning izni ila qildingiz”, degan oyatni nozil qildi.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Bani Qurayza urushi kuni asr namozini vaqtida o‘qiganlarni ham, Bani Qurayzaga yetib kelguncha orqaga surganlarni ham ma’qul ko‘rganlar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Izoh: Xandaq urushida Bani Qurayza ismli yahudiy qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan sulh tuzgan bo‘lishiga qaramay, mushrik hizblarga qo‘shilib, U zot sollallohu alayhi vasallamga qarshi chiqqan edi. Urush tugab, kofir va mushriklar noumid bo‘lib, ortlariga qaytib ketdilar. Shunda Jabroil alayhissalom kelib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo U zotni Bani Qurayzaning adabini berib qo‘yishga amr qilayotganini yetkazdi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam darhol yo‘lga otlandilar va sahobai kiromlarga: “Biror kishi asr namozini Bani Qurayzadan boshqa joyda o‘qimasin!” dedilar.

Namoz vaqti yaqin qolgan edi. Hamma yo‘lga otlandi. Yo‘lda ketayotganlarida namoz vaqti kirdi. Ba’zi sahobalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, “Biror kishi asr namozini Bani Qurayzadan boshqa joyda o‘qimasin!” deganlar, namozni albatta, o‘sha yerda o‘qishimiz kerak, deb namoz o‘qimay, yo‘lda davom etdilar. Ba’zilari esa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu gap bilan bizni tez yurishga undamoqchi bo‘ldilar, namozni o‘qib olib, tez yurib ketaversak zarari yo‘q, deb yo‘lda asrni o‘qib oldilar.

Orada, qaysi tomonning ishi to‘g‘ri, degan savol paydo bo‘ldi. Bu savol Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga berilgan edi, ikki tomonning ham qilgani to‘g‘riligini aytdilar). Ammo ikkinchi turdagi, ya’ni, qarama-qarshi ixtilofda bir tomon madh qilinadi. Ikkinchi tomon mazammat qilinadi.

Qur’oni Karimda: “Lekin ixtilof qildilar. Bas, ulardan kimdir iymon keltirdi. Kimdir kufr keltirdi”, deyilgan. Boshqa bir oyatda esa: “Ushbu ikki xusumatchi tomon Robbilari haqida xusumat qildilar. Bas, kufr keltirganlarga olovdan kiyim bichildi”, deyilgan.

 

MUSULMONLARNING KO‘P IXTILOFLARI BIRINCHI TURGA OIDDIR

“Ummat a’zolari orasidagi havoi nafsga berilish, qon to‘kish, dushmanlik va bir-birini yomon ko‘rishga olib boradigan ixtiloflarning ko‘pi birinchi turdagi ixtiloflardir. Xusumatchi toifalardan biri ikkinchisining ham haq ekanini bilmaydi, insof qilmaydi, balki bu xilofni ikkinchi turdagi, qarama-qarshi xilofdan deb biladi. Bu esa, zulm va haddan tajovuz qilish sababidandir…” (iqtibos tugadi).

Bizning fikrimizcha, bundan olti yuz ellik yilcha avval yozilgan “Sharhi Aqidai Tahoviyya”ni sharhlashga hojat yo‘q, hammasi tushunarli. Ammo ba’zi ta’liqlar qilib o‘tsak, foydadan xoli bo‘lmas, degan umiddamiz.

Biz keltirgan iqtibosda gap va amallarning turi haqidagi ixtiloflarning yomonligi yo‘q, faqat tomonlar bir-birlariga zulm qilmasa bo‘lgani, deyilmoqda. Chunki mazkur kitob, ahli sunnat val jamoat e’tiqodidagi musulmonlar ommasi aqidasini o‘z ichiga olgan kitobdir. Mashhur to‘rt fiqhiy mazhablarning hammasi ham xuddi o‘sha aqidaviy mazhabdadirlar.

Demak, fiqhiy mazhablar orasidagi ba’zi bir narsalarni ado etishdagi (turlari bo‘yicha) xilma-xillik, turlichalik yomon narsa emas. Balki urush-janjal va zulmdan xoli bo‘lsa, bo‘laveradigan narsa. Har bir mazhab shar’iy dalillar ko‘targan joylarda ba’zi narsalarni ado etishda afzal yo‘lni topishga harakat qilganlar. Bu uslub hozirgi kunda, ko‘p fikrlik, ijobiy musobaqa kabi nomlar bilan atalmoqda. Nima uchun o‘zgalar bizning uslubimizni qo‘llab, yaxshilik tomon qadam qo‘ygan chog‘larida biz o‘zimizning yaxshi narsamizni qadrlamay urush-janjalga aylantiramiz?!
Demak, musulmon ummati ijmo’i ila e’tirof etilgan mashhur to‘rt fiqhiy mazhab doirasida ba’zi fiqhiy masalalarni turlicha hal qilinishi yomon narsa emas. Bir mazhabning ichida esa, umuman ixtilofga o‘rin qolmaydi. Undoq bo‘lsa, bizdagi ixtiloflar qayerdan chiqmoqda? Bizdagi ixtiloflar ba’zilarimizning Hanafiy fiqhiy mazhabini inkor qilishimizdan chiqmoqda. Yuqorida vasflari kelgan, chet ellardan kelib bizga diniy ta’lim bermoqchi bo‘lganlarning da’volari ham shu. Ular o‘z ishlariga juda ham go‘zal ism tanlashgan. U muhtaramlar, biz Qur’on va Sunnatga amal qilamiz, deydilar. Bu go‘zal shior ortida, bizga muxolif bo‘lganlar Qur’on va Sunnatga amal qilmagan bo‘ladi, degan tag ma’no ham bor. Endi ushbu da’voni qisqacha qilib, anglashga harakat etaylik:

Birinchidan: Agar biz Qur’on va Sunnatga amal qilish da’vosi ila Hanafiy mazhabida Sunnat deb aytilgan amalni, misol uchun, «omiyn»ni ichida aytishni inkor qilib, «omiyn»ni ovoz chiqarib aytish kerak, desak, Shofe’iy mazhabiga taqlid qilgan bo‘lmaymizmi?! Chunki, aynan Shofe’iy mazhabi namozda «omiyn»ni ovoz chiqarib aytish sunnat, degan. Bu holda hanafiylar ichida shofe’iylar ijtihodi bo‘yicha ish ko‘rib, behudaga janjal chiqargan bo‘lmaymizmi?

Ikkinchidan: Biz yuqorida zikr etilgan farazni rad qilib, hech bir mazhab bilan ishimiz yo‘q, aytgan gapimizni hadisdan oldik, deyishimiz mumkin. Ikkinchi tomon bizga, bu gap hadis ekanini qayerdan bildingiz, deyishi turgan gap. Unda biz, falonchi muhaddis rivoyat qilgan, deymiz. Unda siz o‘sha falonchi muhaddisga taqlid qilayotgan ekansiz, deydi ikkinchi taraf. Shundoq qilib tortishuv davom etaveradi.

Uchinchidan: Biz misol qilib olgan masalamiz “omiyn”ni ovoz chiqarib aytishni sunnatga amal qilish ekanini va Hanafiy mazhabiga binoan «omiyn»ni ovoz chiqarmay aytish sunnat emasligini da’vo qilishimiz ila bir necha sahih hadislarni inkor qilgan bo‘lmaymizmi? Chunki Hanafiy mazhabi “omiyn”ni ichida aytish sunnat ekaniga bir necha sahih hadislarni dalil qilib keltiradi. Agar ikki ish ham sunnat ekanini tan oladigan bo‘lsak, Hanafiylar ichida bu ishni qo‘zg‘ab kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishimizdan maqsadimiz nima?

To‘rtinchidan: Hanafiy mazhabidagilar “omiyn”ni ichida aytish afzal ekaniga Qur’oni Karimdan dalil keltiradilar. Nima uchun biz Qur’on va Sunnatga amal qilishni da’vo eta turib, Hanafiy mazhabi keltirgan Qur’oniy dalilni inkor qilamiz?! Bunga o‘xshash savollar ketma-ket chiqaveradi. Bularni asta va chuqur o‘ylab ko‘rishimiz lozim. Bir narsani da’vo qilishdan oldin da’vomizga asos bormi, o‘zimiz o‘sha da’voga loyiqmizmi va boshqa shunga o‘xshash narsalarni tarozuga solib ko‘rsak, yaxshi bo‘lar edi.

Boshqalarni biror kamchilikda ayblashdan oldin, ular nima deyishmoqda, aytayotgan gaplari va qilayotgan ishlariga nima dalillar keltirishmoqda deb, yaxshilab o‘rganishimiz kerak. Biz o‘zimizcha, Qur’on va Sunnatga amal qilyapmiz, deb kerilib yuraverib, ikkinchi tomon u narsalarga bizdan ko‘ra yaxshiroq va to‘g‘riroq amal qilayotgan bo‘lmasin. Endi masalaga boshqa tomondan nazar solaylik. O‘zimizga o‘zimiz bir savol beraylik. Bizda musulmonlar o‘zaro ixtilofga tushgan masalalar aslida ixtilof qilishga arzigulik masalalar edimi? Agar o‘zaro ixtilofga tushib qir-pichoq bo‘lishimizga sabab bo‘lgan masalalarning hammasini, jumladan, “omiyn”ni ichida yoki oshkora aytishni, ruku’ga borganda ikki qo‘lni ko‘tarishni, imomning ortidan qiroat qilishning hukmini o‘rganib chiqsak, oshib borsa, sunnat amal bo‘ladi. Farz ham emas, vojib ham emas. Fiqhiy hukm bo‘yicha sunnat amalni qilgan odam savob oladi, qilmagan odam gunohkor bo‘lmaydi. Bizni sharmanda qilishga sabab bo‘lgan boyagi amallarda esa hech kim sunnatni tark etgani yo‘q. Balki bir amalni ado etishning ikki yo‘lidan birini tutishdi, xolos. Hanafiy mazhabini tutganlar shu mazhab ulamolari bitta oyati karimani va bir necha hadisi sharifni dalil qilib, namozda “omiyn”ni ichida aytish sunnat, deb qilgan hukmlariga binoan yetti pushtilaridan buyon “omiyn”ni ichlarida aytib kelishar edi.

Ba’zilarimiz fiqhiy mazhabni chetlab o‘tib, o‘zimizga ijtihod qilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri Qur’on va Sunnatdan hukm chiqarishga urinib, ba’zi hadislarga suyangan holda «omiyn»ni ovoz chiqarib aytish afzal, uni ovoz chiqarib aytmaganlar xato qiladilar, dedik. Ko‘pchilik orasida «omiyn»ni keragidan ham balandroq qilib aytib qasddan kishilarning asablarini buzdik. Ba’zilarimiz turli masjidlarga shogirdlarimizni yuborib, ixtilofni chuqurlashtirishga harakat qildik. Orada xilof chiqdi. Bir-biriga ozor berish, o‘zaro nizo, urush-janjal va hokazolar avj oldi. Xo‘sh, bir sunnat yoki mustahab amalni joyidan qo‘zg‘ata olmay olamni shovqin-suronga to‘lg‘izganimizdan chiqqan natija nima bo‘ldi?

Natija turli urush-janjallarga, ozorlarga va boshqa musibatlarga olib borgan xilof bo‘ldi.

Shariatimiz hukmi bo‘yicha bundoq xilof haromdir. Bu hukm bilan yuqorida «Sharhi Aqidai Tahoviya» kitobidan keltirilgan iqtibosda ham tanishdik. Harom narsani halol sanash millatdan chiqaruvchi kufr bo‘lsa, uni haromligini e’tirof qilib turib qilish esa, gunohi azimdir. Bu haqda hech kim ixtilof qilgan emas. Chunki musulmonlar o‘rtasida xilof chiqarishni halol sanash kufr ekanligi, bu harom ishni qilish gunohi azim ekanligi Qur’oni Karim oyatlarida va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida qayta-qayta ta’kidlangan. Qur’on va Sunnatga amal qilishga ozgina rag‘bati bor odam uchun bulardan ayrimlarini bilib olishning o‘zi ham umr bo‘yi zinhor ixtilofga yaqinlashmasliklariga kifoya qiladi, deb o‘ylaymiz.

 

Keyingi mavzular:

Ixtilof haqidagi ba’zi oyatlar;
Ixtilof haqidagi ba’zi hadisi shariflar
.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

"Mahalla yettiligi"ning vazifalari nimalardan iborat?

26.12.2024   4698   1 min.

O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.

"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.