Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Islom jamiyati soyasida yashaydigan g‘ayridinlar islomiy istilohda «ahli zimma» deb ataladilar. Ya’ni, ularning dini, joni, moli va boshqa jihatdan tinch-omonligi musulmonlar zimmasida bo‘ladi. Musulmonlar «ahli zimma»lar bilan ahdnoma tuzganda, ularni ana shu narsalar bilan ta’minlashni o‘z zimmalariga olganlar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam davrlarida Madinai Munavvarada yahudiylar musulmonlar bilan ahdnoma asosida ahli zimma bo‘lib, o‘z dinlariga amal qilib, tinch-omon yashaganlar. Ularning o‘zlari tomonidan og‘ir xiyonat va jinoyatlar sodir bo‘lgandagina musulmonlar qarshi choralar ko‘rishga majbur bo‘lganlar.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning davrlarida ham ana shu siyosat davom etdi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning davrlarida esa boshqa masalalar kabi bu masalada ham ko‘plab yangiliklar sodir bo‘ldi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ahli zimma masalasida ham kishining aqli lol qoladigan darajada ajoyib ijtihodlar qildilar. Bularning hammasi Islomning umumiy ta’limotlariga suyangan holda amalga oshirildi. Qur’on va Sunnat ta’limotlarining nozik joylarigacha chuqur tushunib yetgan xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bu sohada asrlar davomida barcha dinlar, barcha millatlar va barcha jamiyatlarga o‘rnak bo‘lib, yana ortib qoladigan ishlarni qildilar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning Baytul Maqdis nasorolariga bergan ahdlari va ular bilan qilgan muomalalari haqida yuqorida gaplashgan edik. Bu ishni hozirgacha hech kim qila olmadi, mabodo qilsa ham, Umar roziyallohu anhuning qilganlarini takrorlagan bo‘ladi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning fors majusiylariga nisbatan yuritgan siyosatlari ham u kishining va omillarining Hurmuzon hay’ati ila qilgan muomalalaridan ko‘rinib turibdi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning o‘z faoliyatlari davomida chiqargan farmonlari, hukmlari va qilgan muomalalari ahli zimmaga nisbatan ham ayni adolatdan iborat bo‘lgan. Ushbu masalaga oid hujjatlarni o‘rgangan odam ulkan haqiqatning qarshisida turganini darhol his etadi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi
Bugun, 26 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Islom – salomatlik targ‘ibotchisi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, shuningdek, yosh olimlar, doktorant va magistrlar, yurtimiz va xorijlik professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari qatnashdi.
Mazkur anjumanda islom dinining inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rag‘batlantirish hamda jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, "Islomda sog‘lom turmush tarzi", "Ibn Sinoning to‘g‘ri ovqatlanish va tanani sog‘lom saqlashga oid tavsiyalari", "Farzand kamolotida jismoniy tarbiyaning o‘rni", "Yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ushbu anjuman natijasida islomda sport, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar haqidagi tadqiqotlar takomillashishi barobarida salomatlikka oid diniy-axloqiy qarashlar, ilmiy mulohazalar va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati