Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asara, ya’ni mol-dunyo to‘plab manmanlik qilmoqning hamda o‘zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo‘lasizlar”, dedilar. Sahobalar: "Yo Rasululloh, bizga nima deb amr qilasiz?". U zot alayhissalom: “Amirlaringizning farmoyishlariga itoat eting va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiring!” dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Hadisning umumiy ma’nosi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asaraning hamda o‘zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo‘lasizlar”, dedilar.
Mol-dunyo fitnasi ham boshqa fitnalar kabi juda xatarli bo‘lib, o‘z sohibini turli balolarga va oxiratda alamli azobga mubtalo etuvchidir. Shuning uchun Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam sahobalarini hamda butun ummatni fitnalardan ogoh bo‘lishga chaqirib, zamonlar kelib mol-dunyo bilan fitnalangan manman, mutakabbir kishilarni va Islom diniga nomuvofiq ishlarga guvohi bo‘lishlarini bashorat qildilar.
Sahobalar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga nima deb amr qilasiz?" dedilar. Sahobalarning odatlaridan biri dunyo va oxirat ishlarini barchasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan maslahatlashib bajarish bo‘lgan. Shuning uchun sahobalar o‘z odatlariga binoan, vaqti kelib ana shunday fitnalarga duch bo‘lganda musulmon kishilar qanday yo‘l tutishsalar najot topishlari mumkinligini so‘radilar. U zot alayhissalom: “Amirlaringizning farmoyishlariga itoat etinglar va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiringlar!”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlar jamiyati orasida turli fitnalar boshlanganda ummat uchun eng to‘g‘ri yo‘l – yurt rahbariga, hokimlarga itoat etish, farmonlarini bajarishga buyurdilar. Chunki bunday vaqtda qanday qilib bo‘lsa ham mamlakatda fuqarolarga tinchlikni ta’minlab berish va fuqarolarning farovon hayot kechirishi uchun boshqalarga nisbatan juda qattiq qayg‘uradigan, mana shunga intilib yashaydigan inson faqat yurt rahbari bo‘lar ekan. Shuning uchun turli fitnalarning oldini olishda musulmonlar suyanadigan eng ishonchli kishi faqat yurt rahbari bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga musulmon kishi o‘z zimmasidagi Alloh taoloning haqlarini, farz ibodatlarni bajarishi lozim ekanligini uqtirdilarki, boshqa manbalarda keltirilishicha Rasululoh sollallohu alayhi vasallam: “Fitna va qatl ko‘paygandagi ibodat xuddi menga hijrat qilgan kabidir”, deb o‘sha vaqtdagi ibodatning savobini Rasulga bo‘lgan muhabbat va hijratga tenglashtirgan ekanlar.
Fitnalar boshlanganda musulmon kishining bu ikki narsa – itoat va ibodatga chorlanishini buyuk hikmati bordir. Inson yurt rahbariga itoat qilish bilan jismi-jonini jismoniy fitnalardan himoya qilsa, ibodat bilan o‘z qalbini mafkuraviy fitnalardan himoya qiladi. Zero, dunyo fitnalarga aralashib turgan davrda oxirat saodatiga yetaman degan kishi uchun eng maqbul va so‘ngi yo‘l shudir.
Hadisdan olinadigan foydalar:
Hadisi sharifda jamiyat fuqarolarini o‘zaro ittifoqlikka chaqirib, fitnalardan ehtiyot bo‘lishga buyuriladi. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kimki o‘z amirining biror ishidan nafratlansa, sabr qilsin. Chunki sultonning itoatidan bir qarich bo‘lsa ham chiqqan kishi johiliyat, ya’ni Islom dinidan bexabar, johillar o‘limini topadi!” dedilar.
TII Modul ta’lim tizimi talabasi, To‘raqo‘rg‘on tuman
“Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Sufiyev Ja’farxon
Bugun, 26 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Islom – salomatlik targ‘ibotchisi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, shuningdek, yosh olimlar, doktorant va magistrlar, yurtimiz va xorijlik professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari qatnashdi.
Mazkur anjumanda islom dinining inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rag‘batlantirish hamda jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, "Islomda sog‘lom turmush tarzi", "Ibn Sinoning to‘g‘ri ovqatlanish va tanani sog‘lom saqlashga oid tavsiyalari", "Farzand kamolotida jismoniy tarbiyaning o‘rni", "Yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ushbu anjuman natijasida islomda sport, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar haqidagi tadqiqotlar takomillashishi barobarida salomatlikka oid diniy-axloqiy qarashlar, ilmiy mulohazalar va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati