Xalqaro halol sammit va Turkiya ko‘rgazmasi (OIC Halal Yexpo-2024) 2024 yil 27 noyabrdan 30 noyabrgacha Istanbuldagi “IFM” ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tadi.
“IQNA” saytining “Yeni Shafak” nashriga tayanib ma’lum qilishicha, Turkiyada bo‘lib o‘tadigan X Jahon halol sammiti joriy yilning noyabr oyi oxirida Istanbulda 110 dan ortiq davlat vakillarini birlashtiradi.
“Halol 10 yilda muvaffaqiyat” shiori ostidagi ushbu sammit va ko‘rgazma 2024 yil 27 noyabrdan 30 noyabrgacha Turkiya prezidenti nazorati ostida Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi.
Turkiyadagi “Halal – 2024” ko‘rgazmasi Yevroosiyo mintaqasida o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ushbu ko‘rgazmada islom madaniyati va an’analariga mos oziq-ovqat, kosmetika va gigiyena mahsulotlari namoyish etiladi. Ko‘rgazma, shuningdek, turli kompaniya va o‘z sohalaridagi mutaxassislar bilan almashish va interaktiv hamkorlik qilish imkoniyatini beradi.
Mazkur tadbir har yili turli mamlakatlarda o‘tkaziladi va islom mamlakatlarida mashhurdir. Ko‘rgazmada “Halol” oziq-ovqatdan tashqari, “Halol turizmi”, “Islom to‘qimachilik sanoati”, “Halol tibbiyoti”, “Halol kimyosi”, “Farmatsevtika” kabi masalalar muhokama qilinadi.
Halol ko‘rgazmasi Turkiya oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, investitsiya, kosmetika, turizm, kimyo, qadoqlash, mashinasozlik, islomiy turmush tarzi, islom modasi kabi sohalarda halol sanoat mahsulotlari va xizmatlarida yetakchi sanaladi. Ushbu sammit va ko‘rgazma 110 dan ortiq davlatdan mehmon va 20 dan ortiq davlatdan 55 dan ortiq ma’ruzachini birlashtiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 26 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Islom – salomatlik targ‘ibotchisi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, shuningdek, yosh olimlar, doktorant va magistrlar, yurtimiz va xorijlik professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari qatnashdi.
Mazkur anjumanda islom dinining inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rag‘batlantirish hamda jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, "Islomda sog‘lom turmush tarzi", "Ibn Sinoning to‘g‘ri ovqatlanish va tanani sog‘lom saqlashga oid tavsiyalari", "Farzand kamolotida jismoniy tarbiyaning o‘rni", "Yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ushbu anjuman natijasida islomda sport, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar haqidagi tadqiqotlar takomillashishi barobarida salomatlikka oid diniy-axloqiy qarashlar, ilmiy mulohazalar va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati