Sayt test holatida ishlamoqda!
28 May, 2025   |   1 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:31
Shom
19:50
Xufton
21:24
Bismillah
28 May, 2025, 1 Zulhijja, 1446

Ayol to‘g‘ri gapirdi, Umar xato qildi

13.11.2024   3936   3 min.
Ayol to‘g‘ri gapirdi, Umar xato qildi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Umar roziyallohu anhuning davrlarida odamlar mahrning narxini ko‘tarib yuborishdi. Hazratimiz Umar roziyallohu anhu uni bir qolipga solib qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Minbarga chiqib, mahrga bir chegara qo‘ymoqchi ekanliklarini gapirdilar. Shunda Shifo binti Abdulloh ismli ayol turib dedi: Ey mo‘minlar amiri! Bu ishingiz to‘g‘ri bo‘lmaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Va agar xotin o‘rniga boshqa xotin olmoqchi bo‘lsangiz va ularning biriga haddan ziyoda mahr bergan bo‘lsangiz ham, undan hech narsani qaytarib olmang» (Niso surasi, 20-oyat), deb aytgan-ku! Siz endi uni qanday qilib cheklab qo‘yasiz?!

Shunda Umar roziyallohu anhu:

Ayol to‘g‘ri gapirdi, Umar xato qildi, dedilar.

Ushbu voqeadan mahr qancha ko‘tarilsa-da, harom emasligiga guvoh bo‘lyapmiz. Ammo mahrning ko‘tarilishi sunnatga xilof – ana shu narsa Umar roziyallohu anhuni uni cheklashga undadi. Chunki u zot o‘zining siyosiy zakovati, ijtimoiy tajribasi bilan mahrning ko‘tarilishi yoshlarning turmush qurishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bilardilar. Buning natijasida yoshlar uylanishni ortga surishlari aniq edi.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Fotima roziyallohu anhoga sovchi qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunga rozilik bildirib dedilar:

– Unga berishga biror narsang bormi?

– Menda hech narsa yo‘q.

– Sovuting qayerda?

– O‘zimda.

– Uni Fotimaga mahr qilib ber.

Jannat ayollarining sayyidasi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari bo‘lmish Fotima roziyallohu anhoning mahri birgina sovut. Bugungi insonlarning mahrni, to‘y xarajatlarini haddan ortiq kattalashtirib yuborishi haqiqatda sunnatga xilofdir. Kishilar mahrning balandligini qizining qadri balandligi deb bilishsa kerak.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoni Ali roziyallohu anhuga uzatayotib, bitta kiyim, bitta ichiga xurmo po‘stlog‘i to‘ldirilgan yostiq, bitta qo‘ltegirmon, bitta mesh, suv bilan sirka solib qo‘yish uchun ikkita ko‘za bergan edilar.

E’tibor qaratilsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ali roziyallohu anhuni qiynamayaptilar. U kishining faqirliklarini bilib, ro‘zg‘orni jihozlashga yordam beryaptilar. Qolaversa, Ali roziyallohu anhuni o‘zlari tarbiyalab katta qilganlar. Shuning uchun kelin tomon ham sep tayyorlashdan haddan oshmasdan, nasibador bo‘lishi sunnatda bor. Bu narsa insonlar orasida o‘zaro yordam, shafqat kabi narsalarning yoyilishiga sabab ham bo‘ladi. Bu narsa agar kuyov aslzoda bo‘lsa yaxshi natija beradi. Qancha-qancha kuyovlar xotinining oilasi qilgan yordam uchun, ularning go‘zal xulqi uchun xotinlarining aziyatiga sabr qilib yurishibdi. Uylanadigan yigitlar ko‘pincha yosh bo‘lishadi. Yangi ish topgan, tajribasiz bo‘lishadi. Ularning tashvishi faqatgina oilasiga yordam berish, ayolini ta’minlash bo‘ladi, xolos. Agar kelinning oilasi boy bo‘lsa, sunnat shuki, kuyovlariga yordamlashishsin. Agar yordam berishmasa, hech bo‘lmaganda, kuyovlaridan ko‘p narsani talab qilishmasin!

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Boshqa maqolalar

Duoingiz qabul bo‘lmasligining 10 sababi

26.05.2025   2527   2 min.
Duoingiz qabul bo‘lmasligining 10 sababi

Ibrohim ibn Adham Basrada ekanliklarida u kishini odamlar qurshab olishib: “Nimaga biz duo qilsak ijobat bo‘lmayapti? Holbuki, Alloh taolo: «Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” dedi...»[1], deyishdi.

Ibrohim ibn Adham javob berib aytdilar: “Ey Basra ahli, o‘n narsa sababli qalblaringiz o‘lib bo‘lgan bo‘lsa, qanday qilib duolaringiz ijobat bo‘lsin?!

1. Allohni tanib turib, Uning haqqini ado qilmaysiz.
2. Qur’onni o‘qib turib, unga amal qilmaysiz.
3. Rasulullohning muhabbatlariga da’vogar bo‘la turib, u zotning sunnatlarini tashlab qo‘yasiz.
4. Shaytonning dushmanligini aytasiz-u, o‘zinigiz unga itoat qilasiz.
5. Jannatga kirishga da’vogarsiz-u, buning uchun amal qilmaysiz.
6. Jahannamdan qutulish da’vosida bo‘la turib, o‘zingizni unga uloqtirasiz.
7. O‘lim haq deb turib, unga tayyorgarlik ko‘rmaysiz.
8. O‘zingizning kamchiliklaringiz qolib, boshqalarning ayblari bilan ovorasiz.
9. O‘liklarni ko‘masizlar-u, undan ibrat olmaysiz.
10. Allohning ne’matlarini yeb, shukr qilmaysiz”.

Duolarimiz ijobat bo‘lishini xohlasak, ushbu o‘n narsa borasida nafsimizni tergab, hisob-kitob qilishimiz darkor ekan.

Qalbingiz qalblarning qay bir toifasidan?!

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Qalblar to‘rt turlidir: (Birinchisi) Nur taratadigan chirog‘i bor sof qalb. (Ikkinchisi) G‘ilofli qulflangan qalb. (Uchinchisi) Teskari qalb. (To‘rtinchisi) Ikki tomonli qalb. Sof qalbga kelsak, u mo‘minning qalbi bo‘lib, uning chirog‘i nuridir. G‘ilofli qalb esa kofirning qalbidir. Teskari qalb munofiqning qalbi bo‘lib, u tanib, so‘ng inkor qilgan qalbdir. Ikki tomonli qalb esa o‘zida iymon va munofiqlikni jamlagan qalbdir. Undagi iymon pokiza suv bilan o‘sadigan o‘simlikka o‘xshaydi. Undagi munofiqlik esa qon va yiring bilan kattalashadigan yaraga o‘xshaydi. Qaysi biri ko‘p bo‘lsa, shunisi ustun keladi”[2].

Mustafo Sodiq Rofiiy rahmatullohi alayh: “Eng katta xato – atrofingni tartibga solib, qalbingni nazoratsiz tashlab qo‘yishingdir”, deganlar.

 


[1]  G‘ofir surasi, 60-oyat.
[2]  Ibn Kasir rivoyati, Isnodi jayyid hasan.