Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Diniy bag‘rikenglik – tinchlik va taraqqiyot kaliti

15.11.2024   6875   5 min.
Diniy bag‘rikenglik – tinchlik va taraqqiyot kaliti

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni mustahkam qaror toptirishning eng muhim tamoyillaridan biri ijtimoiy va diniy bag‘rikenglikdir. Yurtimizda turli konfessiyalar vakillari yagona oila bo‘lib, do‘stlik va hamjihatlik muhitida yashayotgani, jonajon Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgani bizning eng katta boyligimizdir.

Shavkat MIRZIYOЕV

O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik tarixiy ildiz va mustahkam qonuniy asoslarga ega bo‘lib, dunyoviy davlat va din orasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. Yurtimizda millatlararo va davlatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va tashabbuslarning paydo bo‘layotganligi do‘stlik va hamjihatlik qo‘rg‘onining yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi. Yurtimizda qadimdan turli e’tiqodga mansub millat va elatlar istiqomat qilib kelgan. 130 dan ziyod millat farzandlarining hur va ozod diyorda, tinchlik va osoyishtalik kayfiyatida yashashlari vatanimizning bag‘rikenglik o‘lkasi ekanligining yorqin namunasidir. Ularning o‘zaro hamjihatlikda, ahil-inoqlikda bir-birlarining e’tiqodlarini hurmat ehtirom ruhida yashab kelishlarining o‘zi Yaratganning xalqimizga bergan ulkan ne’matidir.

Konstitutsiyamizning 18-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasada barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, deb ko‘rsatilgan. Bu Asosiy qonunda shunchaki belgilanmasdan, amalda ham namoyon bo‘lmoqda. Buni nafaqat jamiyatning har bir fuqarosi his qilmoqda, ayni paytda jahon ham jamiyati e’tirof etmoqda, o‘zbek modelining mazkur masaladagi tajribasidan namuna olmoqda. Bu bejiz emas. Chunki mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikning asosiy omillaridan biri murosa tamoyili bo‘lgan diniy bag‘rikenglikdir.

Ming yillar mobaynida Markaziy Osiyo g‘oyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan va tinch-totuv yashagan markaz bo‘lib keldi. Etnik sabr-toqat, bag‘rikenglik hayot bo‘ronlaridan omon qolish va rivojlanish uchun zarur tabiiy me’yorlarga aylandi. Hatto bu hududlarni bosib olganlar ham Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati oldmda bosh egibgina qolmay, uning eng qimmatbaho an’analarini, shu hududda mavjud bo‘lgan davlatchilik an’analarini avaylab qabul qilganlar”. Bularning barchasi juda qadimdan ajdodlarimiz o‘zaro munosabatlarda o‘ziga xos sharqona murosa tamoyillariga amal qilganini ko‘rsatadi. “So‘ngi ikki asr davomida ham o‘zlarini “madaniyatli” va “ma’rifatli” xisoblab kelgan davlatlar ommaviy qirg‘inlar va diniy ta’qiblar bilan o‘zlariga dog‘ tushirgan paytda O‘zbekiston zamini xalqlar va madaniyatlar tinch birlashgan joygina bo‘lib qolmay, balki quvg‘in qilingan xalqlarga boshpana ham berdi”.

Alloh taolo Qur’oni karimda musulmonlarni o‘zlariga tajovuz qilib, urush ochmagan o‘zga din vakillariga yaxshilik qilishga qiziqtirib shunday marhamat qiladi: “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevadi” (Mumtahana surasi, 8-oyat).

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshqa din va e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikeng bo‘lish, ularning e’tiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishning oliy namunasini ko‘rsatibgina qolmay, ummatni hamisha ana shu yo‘ldan borishga da’vat qilishdan charchamadilar.

Islom dini boshqa din vakillarining tiriklarini hurmat qilish bilan cheklanib qolmadi, ularning o‘liklarini ham ehtirom qildi. “Sahihi Buxoriy”da Jobir roziyallohu anhudan quyidagi voqea rivoyat qilinadi: “Bir kuni oldimizdan bir janoza o‘tdi. Shunda Nabiy alayhissalom bu janoza uchun o‘rinlaridan turdilar va biz ham (ul zotga ergashib) o‘rnimizdan turdik. Biz: “Yo Rasululloh, bu yahudiyning janozasi!” dedik. Shunda ul zot sollallohu alayhi va sallam: “Qachon janozani ko‘rsangiz, o‘rningizdan turing!” dedilar”.

Payg‘ambarning sallolahu alayhi vasallam ahli kitobdan qo‘shnilari bo‘lgan. Ular bilan yaxshi qo‘shnichilik qilar, hadya berib, ulardan qabul etardilar. Habashiston nasroniylarining vakillari kelganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni masjidga tushirib, o‘zlari ziyofat berib, xizmat qildilar. U zot shu kuni bunday deganlar: “Bular as'hobimizga ikromli edilar, men o‘zim ularni ikrom etmoqni xush ko‘raman”.

Sohibqiron Amir Temur “Tuzuk”larida: “Mening qo‘l ostimdagi qirq aymoq hammasini teng ko‘rdim. Barlosni tatardan, tatarni naymandan, naymani yuzdan ustun qo‘ymadim. Barcha muvaffaqiyatlarim garovi shundadir” deb yozgan.

Insonni, avvalo, insonligi uchun hurmat va ehtirom qilish bashariyatning ko‘p ming yillik tarixidan meros bo‘lib kelayotgan olijanob fazilatlarning eng muhimlaridan biri hisoblangan – bag‘rikenglik, o‘zaro totuvlik, dinlar aro hamjihatlik tamoyillari asosida faoliyat olib borgan inson davrimizning ham muqaddas dinimizning ham talablarini bajargan bo‘ladi.

Jannatmakon yurtimizda yashayotgan millatlarning tinch-totuv, o‘zaro hurmat va e’tiborda istiqomat qilishlarida Alloh taolo madadkor bo‘lib, ona Vatanimizni turli balo va ofatlardan hifzu himoyasida saqlasin!

Odiljon Narzullayev,
Yangiyo‘l tuman “Qirsadaq jome masjidi imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

23.05.2025   2674   3 min.
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.


1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).

Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.


2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.

Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).

Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.


3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).

Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.


4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.

Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.

U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.

U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.


5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).

Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.


Xulosa:

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.

Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.