Sayt test holatida ishlamoqda!
29 May, 2025   |   2 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:25
Bismillah
29 May, 2025, 2 Zulhijja, 1446

Gunoh qilgan har bir musulmon...

19.11.2024   5123   3 min.
Gunoh qilgan har bir musulmon...

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sahifasida ko‘p istig‘for topgan kishiga tubo – jannat bo‘lsin», dedilar (Ibn Moja rivoyati).

2. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar gunoh qilmasangiz, Alloh sizlarni ketkazib, o‘rningizga gunoh qilib, istig‘for aytadigan bir qavmni keltirur va ularni mag‘firat qilur», dedilar (Muslim va Ahmad rivoyati).

3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi banda gunoh qilib, so‘ngra tahorat qilsa, tahoratini mukammal qilsa, so‘ng turib ikki rak’at namoz o‘qisa, keyin o‘sha gunohiga istig‘for aytsa, Alloh albatta uni kechiradi», dedilar (Ahmad, Nasoiy va Termiziy rivoyati).

 4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoga qarab: «Agar bir gunoh bilan alamlansang Allohga istig‘for ayt va tavba qil. Albatta gunohdan tavba nadomat va istig‘for aytishdir» dedilar (Bayhaqiy rivoyati).

5. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mavlolari Zayddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim «Astag‘firullohallaziy laa ilaha illaa huval hayyul qoyyumu va atuubu ilayh» desa, hatto jangdan qochgan bo‘lsa ham, uning gunohlari kechiriladi», dedilar (Abu Dovud rivoyati).

Ma’nosi: O‘zidan o‘zga iloh yo‘q, Hayyul Qoyyum bo‘lgan Allohga istig‘for aytaman va U Zotga tavba qilaman.

6. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Gunoh qilgan har bir musulmon yaxshilab tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qib, so‘ngra istig‘for aytsa, albatta, Alloh uni kechiradi», dedilar va ushbu oyatni o‘qidilar: «Va fahsh ish yoki o‘zlariga zulm qilib qo‘yganlarida Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rarlar» (Oli Imron surasi, 135-oyat) (Termiziy rivoyati).

7. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir majlisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Robbig‘firliy va tub ’alayya, innaka antat tavvaabur rohiym» deb yuz marta aytganlarini sanaganmiz» (Abu Dovud rivoyati).

Ma’nosi: Robbim! Meni mag‘firat qil, tavbamni qabul qil, axir Sen tavbalarni qabul qiluvchisan, rahmlisan.

8. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimni (amal) sahifasi xursand qilishini yaxshi ko‘rsa, bas, unda istig‘forni ko‘paytirsin», dedilar (Bayhaqiy rivoyati).

9. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Alloh tabaroka va taolo shunday deydi: «Ey Odam bolasi! Modomiki Menga duo qilar ekansan, Mendan umidvor bo‘lar ekansan, Men sendagi jamiki narsani mag‘firat qilaman, parvo qilmayman. Ey Odam bolasi! Agar gunohlaring osmonning tepasiga yetgan bo‘lsa ham, keyin Menga istig‘for aytsang, seni mag‘firat qilaman, parvo qilmayman. Ey Odam bolasi! Menga yer yuzi to‘la gunoh bilan ro‘baro‘ kelsang ham, Menga shirk keltirmagan holda Menga yo‘liqsang, Men senga uni (yerni) to‘ldiradigan mag‘firat bilan ro‘baro‘ kelaman» (Termiziy rivoyati).

Anvar Tursunov
«Hilol» jurnali 4 (61) son

Boshqa maqolalar

Hajga ketgan odam qurbonlikni qanday qiladi?

23.05.2025   19354   2 min.
Hajga ketgan odam qurbonlikni qanday qiladi?

Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.

Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.

Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).

Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.

Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.

Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.

Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.