Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo insonlarning surat va shaklini go‘zal qilib yaratgan. Agar inson siyratini, ichki dunyosini ham chiroyli qilsa, shunda u komillik darajasiga yetishishi mumkin. Kishining komillik sifatlaridan biri muloyimlik va kechirimlilik sanaladi. Barcha yaxshi xulq va sifatlarni o‘zida mujassam etgan janob Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu fazilatlarda ham eng go‘zal namuna edilar. Ul zotga ergashgan sahobai kirom, tobein, tabaa tobein va ulug‘ avliyo hamda fuzalolar ham bu sifatlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashganlar. Shu sabab ham komillik cho‘qqilarini egallagan edilar.
Kechirimlilik insonning ulug‘ sifatlaridan biridir. Boshqalarning dushmanligi va ozorlariga sabr qilib, qasos olmasdan, kechirib yuborish bu juda katta narsa. Chunki bir kun insonning o‘zidan shunday xato sodir bo‘lsa, boshqalar ham uni kechirishlari mumkin. Xalifa Umar ibn Abdulaziz huzuriga kechasi bir odam kirib, hamkasbi xususida ba’zi sirlarni gapira boshladi. U odam shikoyatini to‘xtatganidan keyin, xalifa unga dedi: “Ertaga sening shikoyatingni o‘rganib chiqamiz. To‘g‘ri gapirgan bo‘lsang, uni jazoga tortish bilan birga sen g‘iybatchi sifatida sakson darra urilasan. Agar noto‘g‘ri gapirgan bo‘lsang, birovga tuhmat qilganing uchun sakson darra urilasan. Agar gapingni qaytib olsang va uzr so‘rasang, u ham, sen ham afv etilasan”, dedi.
Avf bu sodir etilgan gunohini o‘z vaqtida tan olgan va undan vaqt o‘tkazmay tavba qilgan mo‘min kishidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: “Odam bolasining har biri ham gunoh qiladi, ammo ularning ichida eng yaxshilari, qilgan gunohlariga tavba qiladiganlaridir”.
Alloh taolo bunday deydi: “Agar sizlar (ularni) afv etsangizlar, koyimasangizlar va kechirsangizlar, u holda, albatta, Alloh (ham) mag‘firatli va rahmlidir” (Tag‘obun, 14).
Albatta, Alloh bandasining tavbasini qabul etuvchi zotdir. Shundan o‘rnak olgan holda, insonlar ham bir-birlaridan kechirim so‘rashlikka imkon berishlari, birodarlarining uzrini qabul etishlari va gunohini avf qilishlari lozim.
Agar yomonlik qiluvchidan o‘ch olmoqchi bo‘lsak, yaxshilik bilan olaylik. Chunki yomonlikka yaxshilik bilan javob berish yomonning o‘zini ham hayratga solib qo‘yadi va xijolat qiladi. U o‘z yomonligidan qaytish bilan birga dushmanligi ham do‘stlikka aylanadi. Kishilarning kechiruvchanlik fazilatlarini Alloh taolo Qur’onda madh etadi: “...yomonlikka yaxshilik qaytaradigan zotlar...” (Ra’d, 22).
Yana bir oyatda esa, Alloh taolo yomonlikka yaxshilik bilan javob berishni O‘z Rasuliga buyuradi: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf qiling. (Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur” (Fussilat, 34).
Ko‘p hollarda inson o‘zining qilayotgan ishini to‘g‘ri deb bilib, xato va gunohlarga yo‘l qo‘yayotganini e’tirof etgisi kelmaydi. Shunday holatlarda unga o‘z xatosini tan olmay adashayotganligini eslatib qo‘yish musulmonchilik haq-huquqlaridan ekanligi Qur’oni karimda bayon etilgan. G‘azabni yutish eng qiyin ishlardan bo‘lib, uni jilovlab olish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin qalbida taqvosi bo‘lgan insongina g‘azabdan g‘olib chiqa oladi. Alloh taolo Qur’oni karimda g‘azablari kelganda uni ichiga yutadigan, odamlarni afv qiladigan kishilarni maqtab, ular haqiqiy taqvodor ekanliklarini va ular uchun kengligi osmonlar va yerga qadar bo‘lgan jannatlar tayyorlab qo‘yilganligini bayon qilgan. Alloh taolo O‘zining habibi bo‘lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ham kechirimli bo‘lishga buyurgan.
Tarixdan ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Toif shahriga u Saqif qabilasini Islom diniga chaqirish maqsadida borganlarida, ular Allohning Rasuliga imon keltirish o‘rniga, u zotni toshbo‘ron qilib xaydaydilar. Muborak boshlaridan oyoqlarigacha qonga belangan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga Jabroil alayhissalom kelib: “Alloh bu qavmning sizga yetkazgan aziyati evaziga o‘ch olish uchun menga nimani buyursangiz shunga itoat etishimga amr etdi” – deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim, qavmimni hidoyat qil. Ular buni bilmay qildilar”, deb duo qildilar. Shunda Jabroil alayhissalom: “Alloh taolo sizni marhamatli va mehribon deb rost aytgan ekan”, dedilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring...” (A’rof, 199).
Insonning olijanobligi, izzatu sharafi uning kechirimliligida namoyon bo‘lishi bilan birga uning martaba va darajasini yana ham ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Uboda ibn Somit roziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga: “Men sizlarga Alloh bandasining darajasini nima tufayli balandga ko‘tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ha, ayting”, deyishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni afv qilsang, seni mahrum qilganga in’om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang”, dedilar.
Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, ko‘ngliga yomonlik, adovat va g‘araz o‘rnashib olgan ba’zi nomaqbul insonlar o‘ziga har qancha yaxshilik, kechirimlilik qilinsa ham, dushmanligi tobora kuchayaveradi, yomonlikni takror-takror amalga oshiraveradi. Bunday inson qiyofasidagi shaytonlarga munosib ravishda, yomonligiga barobar yomonlik bilan jazo berishga Alloh taolo ijozat etadi, biroq shunda ham sabr va kechirishning afzalligini eslatadi: “...agar intiqom olmoqchi bo‘lsangizlar, u holda faqat sizlarga yetkazilgan ziyon barobarida intiqom olingiz! Agar (intiqom olmay) sabr qilsangizlar, albatta, bu sabr qiluvchi kishilar uchun yaxshiroqdir” (Nahl, 126).
“...yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshash yomonlikdir. Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolimlarni sevmas” (Sho‘ro, 40).
Alloh taolo barchalarimizni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning axloqi hamidalari bilan yaxshi sifatlanib borishimizni nasib aylasin! Imonimizni salomat saqlab, muloyimlik, hayo, qanoatlik, kechirimli solih bandalardan bo‘lishimizga muvaffaq aylasin!
Bahodir MUHAMMADIYEV
Munosabat
Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni xursandchilik ayyomi – Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Mamlakatimizda Qurbon hayiti nafaqat diniy, balki umummilliy bayram sifatida ham keng nishonlanadi. Zero, ushbu kunda yurtdoshlarimiz bir-birini hayit bilan samimiy tabriklab, o‘zaro sovg‘alar ulashadi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, xayriya ishlari amalga oshiriladi.
Shu ma’noda, ushbu qutlug‘ bayram insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lish bilan birga, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlik kabi fazilatlarni ham o‘zida mujassam etadi.
Yurtimizda hayit bayramini munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning ko‘p asrlik an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun barcha zarur tayyorgarliklar ko‘riladi, mamlakatimizning barcha hududlarida tom ma’noda bayram shukuhi hukm suradi.
Kezi kelganda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham katta islohotlar amalga oshirilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, soha faoliyati samaradorligi yangi bosqichga chiqarilayotganini alohida qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizning har bir go‘shasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi yakuniga yetib bormoqda, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qad rostlamoqda.
Yaqinda Prezidentimiz ushbu majmuaga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, zarur ko‘rsatmalar berdi. Zero, bu davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra bilishi, ulug‘ ajdodlarga yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.
E’tiborga sazovor jihatlardan yana biri shuki, Prezidentimiz qo‘ng‘iroq qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Bundan hojilarimiz behad mamnun bo‘ldi, e’tibor va ehtiromdan xursand bo‘lgan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh bilan duo qildilar.
Arafot maydonida, duolar mustajob bo‘ladigan ayni onlarda Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, duolar qildik.
Ayniqsa, tabrikda hojilarimiz alohida eslab o‘tilgani ziyoratchilarimizni cheksiz quvontirdi.
Barcha yurtdoshlarimiz qatori hojilarimiz ham ushbu tabrikdagi olijanob g‘oya va tashabbuslarga befarq emasligini izhor qildi.
Tabrikdagi “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi islohotlarning asosi ekanini alohida e’tirof etish va hojilarimizning tashabbuslari ham ushbu g‘oyaga hamohang ekanini qayd etish lozim.
Bu Arafot maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hojilarimizning murojaatida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mazkur murojaatda hojilarimiz yurtga qaytgach, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi Renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Prezidentimizga ko‘makchi bo‘lamiz, deb va’da berdi.
Shuningdek, Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarni targ‘ib etish borasida faol bo‘lishni aytib o‘tdi.
O‘z navbatida, hojilarimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish, xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish kabi tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga ahd qildi.
Aziz yurtdoshlar! Shubhasiz, ushbu shukuhli kunlar tom ma’noda barchamiz uchun katta bayram, xursandchilik onlaridir. Mo‘tabar manbalarda saodatli damlarni shodu xurramlik bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tavsiyalar kelgan. Ulamolarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, deyishadi. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishga shoshilishimiz lozim.
Ushbu fazilatli kunlarda muborak manzillarda turib, ona Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovon hayot, farzandlarimizga baxtu saodat so‘rab, duolar qilmoqdamiz!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy