Bismillahir Rohmanir Rohiym
EN GO‘ZAL ISMLAR ALLOHNIKIDIR
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Allohning chiroyli ismlari bor. U bilan duo qilinglar” (A’rof surasi, 180-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning to‘qson to‘qqizta – bir kam yuzta ismi bor. Kim ularni ixso qilsa (yod olsa), jannatga kiradi. Alloh toqdir, toqni yaxshi ko‘radi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu xadisda kelgan “ixso” kalimasini fakatgina yodlash emas, balki “uning ma’nolarini bilib, tafakkur kilish va unga muvofiq go‘zal xulq bilan xulqlanish lozim”, deganlar.
Lekin bu ism-sifatlar arab tilida bo‘lgani uchun ma’nolarini anglab, tafakkur kilish bizga kiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun xam ularning ma’nolarini bilish va uni siz azizlarga yetkazish maksadida ma’rifat gulshaniga safar kilishga karor kildik.
ALLOH TAOLONING GO‘ZAL ISMLARI:
اللهُ
1. Alloh.
Butun olamlarni yaratgan Xoliq, barcha maxluqot va mavjudot sig‘inadigan yagona ma’bud Ismi Zotidir. U Zotdan boshqaga nisbatan bu ism ishlatilmaydi.
الرَّحْمَنُ
2. Ar-Rahmon.
Bu sifat faqat Allohga xos bo‘lib, barchaga kofirga ham, mo‘minga ham mehribon va ne’mat beruvchi ma’nosini anglatadi. Rahmon sifatini Alloh taolodan boshqa hech kimga nisbatan ishlatib bo‘lmaydi.
الرَّحِيمُ
3. Ar-Rahiym.
Bu sifat xosroq bo‘lib, qiyomat kuni faqat mo‘minlarga rahm qiluvchi ma’nosini anglatadi.
المَلِكُ
4. Al-Malik.
Mulk (haqiqiy podsholik) Unikidir. Undan o‘zga ega yo‘q. Shuning uchun bandalar faqat Unga ibodat qilishlari lozim.
القُدُّوسُ
5. Al-Quddus.
Barcha ayblardan xoli, noloyiq sifatlardan pok. Mutlaq poklik Allohning o‘zigagina xosdir.
السَّلَامُ
6. As-Salom
Barcha nuqsonlardan salomat. Shuningdek, tinchlik, xotirjamlik va rohat beruvchi.
المُؤْمِنُ
7. Al-Mo‘min.
Iymon va omonlik beruvchi.
المُهَيمِنُ
8. Al-Muhaymin.
Hamma narsani qamrab oluvchi. Alloh bandalarning barcha holatlariga guvoh bo‘lib turadi. Undan hech narsa maxfiy qolmaydi.
العَزِيز
9. Al-Aziz.
Barchaning ustidan g‘olib. Undan biror narsa g‘olib kelolmaydi.
الْجَبَّارُ
10. Al-Jabbor.
Yaratganlarining ishlarini isloh etuvchi, nuqsonlarini tuzatuvchi.
المُتَكَبِّرُ
11. Al-Mutakabbir.
Kibriyosi va ulug‘ligi behad. Hamma narsadan ulug‘.
الخَالِقُ
12. Al-Xoliq.
Olamdagi hamma narsani o‘z xohishiga ko‘ra yaratuvchi, mutlaq vujudga keltiruvchi.
الْبَارِئُ
13. Al-Bori’.
Yo‘qdan paydo qiluvchi, vujudga keltiruvchi.
المُصَوِّرُ
14. Al-Musavvir.
Mahluqotlarning suvratini shakllantiruvchi, har bir narsaga o‘ziga xos suvrat beruvchi.
الغَفَّارُ
15. Al-G‘affor.
Bandalarining aybini o‘z fazli ila kechib yuboruvchi, mag‘firat qiluvchi.
القَهَّارُ
16. Al-Qahhor.
Barcha maxluqotlarini o‘z hukmiga yuritib va qudrati ila bo‘ysundirib turuvchi.
الوَهَّابُ
17. Al-Vahhob.
Ne’matlarni behisob beruvchi.
الرَزَّاقُ
18. Ar-Razzoq.
Ko‘plab rizq beruvchi.
الفَتَّاحُ
19. Al-Fattoh.
Ko‘plab narsalarni ochuvchi. O‘z rahmati xazinasini bandalarga ochuvchi.
العَلِيمُ
20. Al-Aliym.
Har bir narsani biluvchi. Bo‘lgan va bo‘ladigan, avvalgi va oxirgi, zohir va botin narsalarning barchasini biluvchi.
القَابِض
21. Al-Qobiz.
Ruhlarni qabz qiluvchi. Xohlagan kishisining rizqini qabz qiluvchi. Qalblarni qabz qiluvchi.
البَاسِط
22. Al-Bosit.
Xohlagan bandasining rizqini, (ruhini) qalbini keng qiluvchi.
الخَافِض
23. Al-Xofiz.
Pasaytiruvchi. Kofir va fosiqlarning martabasini xor-zor qilib pasaytiradi.
الرَافِع
24. Ar-Rofi’.
Ko‘taruvchi. Mo‘min va taqvodorlarning martabasini azizu mukarram qilib ko‘taradi.
المُعِزُّ
25. Al-Mu’izz.
Aziz qiluvchi. Kimni xohlasa to‘g‘ri yo‘lga solib aziz qiladi.
المُذِلُّ
26. Al-Muzill.
Xor qiluvchi. Kimni xohlasa xor qiladi.
السَّمِيعُ
27. As-Samiy’.
Har bir narsani eshituvchi.
البَصِيرُ
28. Al-Basiyr.
Har bir narsani ko‘ruvchi.
الحَكَم
29. Al-Hakam.
Adolatli hukm qiluvchi.
العَدْل
30. Al-Adl.
Mutlaq adolat qiluvchi.
اللَّطِيفُ
31. Al-Latiyf.
O‘ta lutf ko‘rsatuvchi. Barcha narsalarning nozik va daqiq joylarigacha biluvchi.
الخَبِيرُ
32. Al-Xobiyr.
Hamma narsadan o‘ta xabardor.
الحَلِيمُ
33. Haliym.
G‘azabi qo‘zimaydigan va iqob qilishga shoshilmaydigan.
Davron NURMUHAMMAD
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi