Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2024   |   29 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2024, 29 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Dindan chiqishni niyat qilgan kimsa

25.11.2024   2018   17 min.
Dindan chiqishni niyat qilgan kimsa

Bismillahir Rohmanir Rohiym

46 - وَمَنْ يَنْوِ ارْتِدَادًا بَعْدَ دَهْرٍ
يَصِرْ عَنْ دِيْنِ حَقٍّ ذَا انْسِلاَلِ

Ma’nolar tarjimasi:

Kimki biror zamondan so‘ng murtad bo‘lishni niyat qilsa, (shu lahzaning o‘zidayoq) haq dindan pinhona chiqib ketganga aylanadi. 

 

Nazmiy bayoni:

Kimki murtadlikni niyat-qasd etar,

Shu ondayoq pinhona haq dindan ketar.

 

Lug‘atlar izohi:

مَنْ – shart ism.

يَنْوِ – shart fe’li. Oxiridagi ي si hazf qilinishi bilan majzum bo‘lib turibdi.  Niyat tashdidli نِيَّةٌ va tashdidsiz نِيَةٌ shakllarida keladi, lug‘atda “qasd qilish”, “azmu qaror qilish” ma’nolarini anglatadi.

اِرْتِدَادٌ – lug‘atda “orqaga qaytish”, “tark etish” ma’nolarini anglatadi. Shu ma’noda Islom dinidan qaytgan kishi murtad deyiladi.  

بَعْدَ  – zarf.

دَهْرٍ – kalimasi “zamon”, “asr”, “uzun umr” ma’nolarini anglatadi.

يَصِرْ – javob shartlikka ko‘ra jazm bo‘lib turibdi.

عَنْ – jor harfi مِنْ ma’nosida kelgan.

حَقٍّ  دِيْنِ– muzof, muzofun ilayh. Haq din degan so‘z bilan Islom dinining sifati bayon qilingan. 

انْسِلاَلِ – bu masdar biror joydan bildirmasdan chiqib ketishga nisbatan ishlatiladi.


Matn sharhi:

Ushbu matnda Islom dinidan qaytishni niyat qilgan kimsaning murtad bo‘lishi bayon qilingan. Bu masala o‘ta nozik bo‘lganidan matnda kelgan har bir kalimani diqqat bilan atroflicha o‘rganib chiqishni taqozo qiladi. Murtad bo‘lishni niyat qilsa, deyildi. Niyat qalbning ishi bo‘lganidan avvalo qalbda niyatgacha bo‘lgan bosqichlar ham borligini bilib olish lozim. 

Qalbning biror narsaga qanday bog‘lanishi haqida Ibn Hajar rahmatullohi alayh Ibn Abi Jamradan quyidagi rivoyatni keltirgan: qalbga keladigan narsalar quyidagi tartibda bo‘ladi:

1. اَلْهَمَّةُ (ko‘ngilga kelish);

2. اَللَّمَّةُ (istak paydo bo‘lish);

3. اَلْخَطَرَةُ (o‘y-fikr kelish);

4. اَلنِّيَّةُ (niyat qilish);

5. اَلاِرَادَةُ (qasd qilish);

6. اَلْعَزِيمَةُ (azmu qaror qilish).

Ya’ni dastlab biror ma’no ko‘ngilga keladi, so‘ngra o‘sha ma’no kuchayadi, keyin esa u haqida turli o‘y-fikrlar keladi. Ushbu uchta bosqich  bandaning ixtiyoridan tashqarida bo‘lgani uchun ular haqida banda mas’ul qilinmaydi. 

Ammo bulardan keyingi niyat, qasd qilish va azmu-qarorlar bandaning ixtiyori bilan vujudga kelgani uchun bular haqida banda javobgar bo‘ladi.

Demak, qaysi bir mo‘min kishi missionerlar ta’siriga tushibmi yo boshqa bir sabablar tufaylimi, ma’lum bir muddatdan keyin qisqa vaqt bo‘lsin yoki ko‘proq vaqt bo‘lsin, o‘z ixtiyori bilan Islomdan chiqishini niyat qilsa (Alloh saqlasin), kelajakda murtad bo‘lishni niyat qilayotgan bo‘lsa-da, o‘sha ondayoq dindan chiqib ketgan hisoblanadi. Chunki Islomni din deb qabul qilib, oxiratga ishongan har bir mo‘min bandaga keltirgan iymonida sobit turish buyurilgan:

“Ey, iymon keltirganlar! Allohga, Payg‘ambariga, (shu) Payg‘ambariga nozil qilgan Kitob (Qur’on)ga hamda ilgari nozil qilgan Kitobga iymon keltiringiz!”[1].   

Ya’ni iymon keltirganlarga qarata yana iymon keltiring, deya buyurilishi, ey iymon keltirganlar, keltirgan iymoningizda sobitqadamlik bilan bardavom bo‘linglar ma’nosini anglatadi. Chunki ishongan narsasi to‘g‘risida qat’i e’tiqodda turish iymon taqozosidir. Agar banda ushbu qat’i e’tiqodiga qarshi borishni niyat qilsa, bu niyati qalbidagi tasdiqni yo‘qqa chiqaradi, tasdiqni yo‘qqa chiqarishga rozi bo‘lish esa o‘zining kufrga ketishiga rozi bo‘lishdir. Kufrga rozi bo‘lish esa kufr bo‘ladi.  Shuning uchun bilib-bilmasdan bunday ishga duchor bo‘lgan kimsa darhol kalimai shahodat qaytarib, tavbaga shoshilishi lozim bo‘ladi.

Ammo ushbu masalaning teskarisi bunday emas. Ya’ni kofir odam bir muddatdan so‘ng mo‘min bo‘laman, deb niyat qilsa, to iymon keltirmagunicha kufrdan chiqmaydi. Chunki voz kechish niyatning o‘zi bilan hosil bo‘ladi, ish-harakat esa niyatning o‘zi bilan hosil bo‘lmaydi. Buning misoli muqimlik bilan safarga o‘xshaydi, musofir kishi muqimlikni niyat qilishning o‘zi bilan muqimga aylanadi, chunki muqimlik safardan voz kechishdir. Voz kechish niyatning o‘zi bilan hosil bo‘ladi. Muqim kishi esa yolg‘iz niyatning o‘zi bilan musofirga aylanmaydi, u yashab turgan joyidan ajralib chiqqanidan keyin musofirga aylanadi. Chunki safar ish-harakatdir, ish-harakat yolg‘iz niyatning o‘zi bilan hosil bo‘lmaydi. Islom ish-harakatdir, shunga ko‘ra musofir niyatning o‘zi bilan muqimga aylanib qolganidek, musulmon kishi ham kufrni niyat qilishning o‘zi bilan kofirga aylanadi. Kofir esa, muqim kishi safarga chiqmagunicha, niyatning o‘zi bilan musofirga aylanib qolmaganidek, to iymonga iqror bo‘lmagunicha, mo‘minga aylanmaydi...”[2].

   

Beparvolikning ayanchli oqibati bayoni

47 - وَلَفْظُ الْكُفْرِ مِنْ غَيْرِ اعْتِقَادٍ بِطَوْعٍ رَدُّ دِيْنٍ بِاغْتِفَالِ

Ma’nolar tarjimasi:

E’tiqod qilmasdan (bo‘lsa-da) o‘z ixtiyori bilan kufr (so‘z)ni talaffuz qilish g‘aflat bilan dinni rad etishdir.


Nazmiy bayoni:

E’tiqodsiz ixtiyor-la kufrni aytish,

Demishlar: g‘aflat-la haq dindan qaytish.


Lug‘atlar izohi:

لَفْظُ – mubtado. Lafz lug‘atda “chiqarmoq”, “talaffuz qilmoq” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda ikki xil ta’rif berilgan:

1. Inson talaffuz qilgan narsa;

2. Talaffuz qilgan yo qilmaganidan qat’i nazar uning hukmidagi narsa.

الْكُفْرِ – muzofun ilayh.

مِنْ – “tabyiniya” (farqlash) ma’nosida kelgan jor harfi.

غَيْرِ– sifat.

اعْتِقَادٍ – jor majrur لَفْظُ ga mutaalliq. 

بِ – “sababiya” ma’nosidagi jor harfi.

طَوْعٍ – jor majrur لَفْظُ ga mutaalliq. طَوْعٍ masdari lug‘atda ixtiyoriy ravishda bo‘yunsunish ma’nosini ifodalash uchun ishlatiladi.

رَدُّ – xabarlikka ko‘ra raf bo‘lib turibdi. Lug‘atda “qaytarish”, “inkor qilish” ma’nolarini anglatadi. 

دِيْنٍ – muzofun ilayh. Din kalimasi lug‘atda “toat”, “mukofot” ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa “aql egalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlaridagi narsani qabul qilishga undaydigan ilohiy qonun – din deb ataladi”.

Islom dini va Islom millati o‘rtasidagi farq quyidagichadir:

– Unga itoat etilish jihatidan din deb nomlanadi, ya’ni itoat etiladigan ilohiy hukmlar Islom dini deyiladi;

– Unga jamlanish jihatidan millat deb nomlanadi, ya’ni Islom dini  hukmlariga itoat etuvchilar Islom millati deyiladi.  

بِ – “musohaba” (birga bo‘lmoq) ma’nosidagi jor harfi.

اغْتِفَالِ – jor majrur رَدُّ ga mutaalliq. اِغْتَفَلَ fe’li g‘ofil holatda e’tiqod qilishga nisbatan ishlatiladi.


Matn sharhi:

Xalqimizda “O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir” degan hikmatli so‘z bor. So‘fi Ollohyor bobomiz tilga o‘ta ehtiyot bo‘lish lozimligi haqida shunday nasihat qilgan:

Yomon til ikki olamda zarardir,

Gohi isyon, gohi xavfu xatardir.

* * *

Yomon til shumlig‘i ki, jonga urg‘ay,

Gohi jondin o‘tib iymong‘a urg‘ay.

Ya’ni yomon til dunyo-yu oxiratda kishiga zarar yetkazadi. Uning yomonligi gohida egasining boshiga yetsa, gohida dindan chiqishiga sabab bo‘ladi. E’tiqodga taalluqli so‘zlarni yaxshi bilmasdan gapirish mumkin emasligini har bir musulmon kishi yaxshi anglashi lozimdir. O‘shiy rahmatullohi alayh ixtiyoriy ravishda kufr so‘zini talaffuz qilish dindan qaytish ekanini aytgan. Ushbu bahsga aloqador masalalardan biri kufr kalimasini majburan aytgan kishining iymoni to‘g‘risidagi so‘zlardir. Majburdan kufr kalimasini aytgan kishilar haqida turli xil qarashlar bor. Qalbi iymonga to‘liq bo‘lgani holda, ro‘parasidagi aniq o‘limdan qutulish uchungina o‘zini iymondan qaytgan qilib ko‘rsatish kufr bo‘lmasligi oyati karima bilan sobit bo‘lgan: 

“Kim Allohga iymon keltirganidan keyin (yana qaytib) kofir bo‘lsa (holiga voy!) Lekin kimning qalbi iymon bilan xotirjam holda (kufr kalimasini aytishga) majbur qilinsa, u mustasnodir. Ammo kimki ko‘ngilni kufrga ochsa, bas, u (kabi)larga Alloh (tomoni)dan g‘azab va ulkan azob bordir”[3].

Ya’ni kimki iymon keltirganidan so‘ng kufr kalimasini tilga olsa, kimki kufrga rozi bo‘lib, unga ko‘ksini ochsa, undaylarga jahannamning qattiq azobi yetadi. Ammo qalbi iymonga limo-lim bo‘la turib kufr kalimasini aytishga majburlanganlarga bunday azob bo‘lmaydi. Mufassirlar ushbu oyati karimani Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu haqida nozil bo‘lgan, – deyishgan. Mushriklar u zotni tutib azoblashganida u zot qattiq zo‘rlanganidan ular xohlayotgan narsani majbur holatda aytib qo‘ygan. Shunda insonlar: “Ammor kofir bo‘ldi”, deyishgan. Ammor roziyallohu anhuning o‘zlari ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlariga yig‘lab kelganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Qalbingni qanday his qilyapsan, deganlar. U iymonga limo-limligini aytgan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Agar ular qaytarsalar, sen ham qaytargin”, – deganlar.

Shu o‘rinda ulug‘ sahobalardan biri bo‘lgan Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning tarjimayi holi bilan tanishib chiqish foydadan xoli bo‘lmaydi.


Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning tarjimayi holi

Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu Arabiston yarimorolidagi Tihoma nomli joyda hijratdan 54 yoki 57 yil oldin tug‘ilgan. Nasablari Ammor ibn Yosir ibn Omir ibn Molik ibn Kinona ibn Qays bo‘lgan.

Bu zot Islomni eng avval qabul qilganlardan biri bo‘lib dastlab Islomga kirganlarning yettinchisi hisoblanadi.

Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning eng yaqin sahobalaridan bo‘lgan. Uhud, Ahzob, Xaybar, Makka fathi va Hunayn g‘azotlarida  ishtirok etgan.

Otasi Yosir Yamandan Makkaga ish bilan kelib shu yerda qolib ketadi. Abu Huzayfa ibn Mug‘iyra Maxzumiyning cho‘risi Sumayyaga uylanadi va undan Ammor roziyallohu anhu tug‘iladi.

Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu uzun bo‘yli, keng yelkali kishi bo‘lgan.

Onasi Sumayya binti Xoyyat Islomdagi eng avval shahid bo‘lgan ayol hisoblanadi.

Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu “Dorul Arqam”da Islomni qabul qilgan. Bu zot Islomga kirganidan so‘ng otasi Yosir, onasi Sumayya va ukasi Abdullohlar ham musulmon bo‘lganlar. Bu oila Islomni qabul qilganlari sababli Quraysh mushriklari tomonidan juda qattiq qiynoqlarga solingan. Qurayshlik zodagonlar bu oilani qiynash bilan boshqa yangi musulmon bo‘lganlarni ham qo‘rqitib qo‘yishmoqchi bo‘lishgan. Maxzumiylarning Yosir roziyallohu anhuning oilasiga qilgan qiynoqlari haqida turli rivoyatlar kelgan. Hatto Abu Jahl Islomdan qaytishdan bosh tortgani uchun Sumayyaga nayza sanchadi. Yosirni ham o‘ldiradilar. Shunga ko‘ra Ammor roziyallohu anhuning ota-onasi Islomdagi dastlabki shahidlardan bo‘lganlar. Ularning Ammor roziyallohu anhuga qilayotgan qiynoqlari shu darajaga yetganki, u qiynoqning zo‘ridan nima deyotganini idrok qila olmaydigan darajaga yetgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oila haqida “Sabr qilinglar, Yosir oilasi, sizlarga jannat va’da qilingan”, – deganlar. Mazkur qiynoqlardan qolgan olovning izlari Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning yuzlarida umrining oxirigacha bilinib turgan. Bu zot haqida quyidagi oyat nozil bo‘lgan:

“Kim iymondan so‘ng Allohga kufr keltirsa, – qalbi iymon ila orom topa turib zo‘rlanganlar bundan mustasno – kim ko‘ksini kufrga ochsa, bas, ularga Allohdan g‘azab bor. Ularga ulkan azob bor”[4].

Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu ikki marta hijrat qilgan. Qibla o‘zgartirilishdan oldin namozni Baytul maqdisga qarab o‘qigan sahobalardan biri bo‘lgan.

Badr, Uhud g‘azotlarida qo‘shinning oldingi safida turib jang qilgan. “Bay’atur rizvon”da ham qatnashgan. Yamoma g‘azotida quloqlari kesilib ketgan.  

Keyinchalik Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bu zotni Kufaga voliy qilib tayinlagan. 

Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu haqlarida aytgan ayrim so‘zlari:

–  “Ammor boshidan oyog‘igacha iymon bilan to‘ldirilgan, iymon uning go‘shti va qonlariga aralashib ketgan”;

–  “Jannat uch kishiga mushtoqdir: Aliga, Ammorga va Salmonga”; 

– “Sumayyaning o‘g‘li ikki ish o‘rtasidan albatta to‘g‘rirog‘ini ixtiyor qiladi, shuning uchun uning izidan yuringlar”.    

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan so‘ng doimo Ali ibn Abi Tolib roziyallohu anhuning yonlarida bo‘lgan.

Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu  hijriy 37 yilda Siffin jangida Ali roziyallohu anhuning qo‘shini safida jangga kirgan va Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuning qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan Abu G‘oniya Juhaniy tomonidan shahid etilgan.    

Siffin jangida to‘qson yoshdan oshgan Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning o‘ldirilishlari ko‘plab musulmonlarning haqiqatni anglab yetishlariga va Ali roziyallohu anhuning yonlariga qaytishlariga sabab bo‘lgan. Chunki jangda qatnashganlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning  Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu haqida “Ammorni o‘ldiradigan bog‘iy guruhning holiga voy, bu ularni jannatga chaqiradi, ular esa uni do‘zaxga chaqirishadi”, degan so‘zlarini bilar edilar. Ali roziyallohu anhu bu zotning jasadlarini ko‘tarib olib chiqadi va ko‘pchilik jamoat bilan janozasini o‘qib, kiyimlari bilan dafn qiladilar. 

 Alloh taolo bu zotni O‘z rahmatiga olib yotgan joylarini jannat bog‘laridan qilgan bo‘lsin.

Kufrga majburlanish haqida so‘z ketar ekan, majburlash darajalari va majburlangan kishining holatlari borasidagi bahslarni o‘rganib chiqish zarur bo‘ladi. “Fatovoi Qozixon” kitobida “Majburlangan kishiga ruxsat berilgan va man etilgan ishlar” mavzusida majburlangan kishilarning holatlari haqida batafsil ma’lumotlar berilgan.


Majburlangan kishiga ruxsat berilgan va man etilgan ishlar

 “Majburlangan kishiga ruxsat berilgan va man etilgan ishlar to‘rt qismdir:

1. Majbur qilingan amaldan bosh tortishdan ko‘ra uni bajarish to‘g‘riroq hisoblanadigan, bosh tortish sababli gunohkorga aylanadigan ishlar;

Masalan, o‘limtik yeyishga yo shu kabi biror harom narsani iste’mol qilishga majbur qilinib, agar buyurilgan narsani bajarmasa, o‘ldirilishi, yo qo‘li kesib olinishi, yoki yuz qamchi urilishi bildirilsa, majburlangan ishni qilib o‘zini talofatdan qutqarib qolishi to‘g‘riroq bo‘ladi. Agar majburlangan ushbu ishni bajarmasa halok bo‘lishi aniqligini bila turib, bosh tortsa gunohkor bo‘ladi. Ammo bilmasa gunohkor bo‘lmaydi.    

2. Majbur qilingan amaldan bosh tortish to‘g‘riroq bo‘lgan, qilmaslik tufayli savobga ega bo‘ladigan, ammo qilish sababli gunohkor ham bo‘lmaydigan ishlar;

Masalan, Alloh taologa kufr keltirishga majbur qilinib, agar kufr keltirmasa o‘ldirilishi yo biror a’zosiga talofat yetkazilishi bildirilsa, til uchida aytib halokatdan qutulib qolishga ruxsat borligini bilsa ham, bu ishni o‘ziga ep ko‘rmasdan bosh tortsa, savobga ega bo‘ladi. Shuningdek, qutulib qolish uchun til uchida aytsa ham gunohkor bo‘lmaydi. Ammo o‘ldirish yo biror a’zosiga talofat yetkazish emas, kishanlab qo‘yish yo qamab qo‘yish bildirilganda agarchi qalbi iymonga limo-lim bo‘lib turgan bo‘lsa-da, til uchida ham kufr keltirish mumkin emas.  

3. Majbur qilingan amaldan bosh tortish tufayli savobga ega bo‘ladigan, uni bajarish sababli gunohkor bo‘ladigan ishlar;

Masalan, musulmon kishini o‘ldirishga yo zino qilishga majbur qilinib, agar bajarmasa o‘ldirilishi bildirilsa, jonini bersa ham bu ishdan hazar qilishi tufayli savobga ega bo‘ladi, jonini qutqarish uchun shu ishni qilib qo‘ysa, gunohkor bo‘ladi. 

4. Majburlangan ishni qilish va qilmaslik barobar bo‘lgan ishlar.

Masalan, boshqaning moliga talofat yetkazishga majburlansa, bunday holatda ikkala tarafi ham barobar bo‘lib qoladi.

Bayon qilinganlarning barchasida majburlanayotgan kishi bildirilayotgan narsaning qo‘rqitish va po‘pisa uchun aytilmayotganiga, amalga oshishi aniq ekaniga ishonsagina, majburlangan hukmida bo‘ladi, aks holda bu hukmda bo‘lmaydi”[5].
 


[1] Niso surasi, 136-oyat.
[2] Mulla Ali Qori. Zov’ul maoliy. – Istanbul: “Dor Saodat”, 1962.  – B. 103.
[3] Nahl surasi, 106-oyat.
[4] Nahl surasi, 106-oyat.
[5] Hasan ibn Mansur ibn Mahmud O‘zgandiy. Fatovoi Qozixon, to‘rtinchi jildi. Pokiston: “Maktabatu Haqqoniya”. – B. 419.

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Safar soati

27.12.2024   3545   6 min.
Safar soati

Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning pok­lanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi. 
 

Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:

لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ

“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).


Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallo­hu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishi­ga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kuta­yotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.


Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”


Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os ro­ziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga ke­lib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qi­laman”, dedi.


Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.


Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alay­hi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».


Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...


Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.


Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:

رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ

“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.

“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga hu­zuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”. 


Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin! 

Mavjuda NURIDDINOVA
 tayyorladi.

Maqolalar