Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim: «Roziytu billahi Robban va bil Islami diynan va bi Muhammadin sollallohu alayhi vasallama Rosula», desa, unga jannat vojib bo‘ladi», dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Ma’nosi: Allohni Robbim deb, Islomni dinim deb, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni rasul deb rozi bo‘ldim.
* * *
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Robbingiz huzurida amallarning yaxshisi, darajangizni baland qiluvchisi, pul va oltinlarni infoq qilishdan afzalroq bo‘lgan va dushmaningizga yo‘liqib, uning bo‘yniga qilich urishdan ham yaxshi narsani aytaymi?» dedilar. Sahobalar: «Ayting», deyishdi. Shunda Rasululloh: «Allohni zikr qilish», dedilar (Termiziy va Ibn Moja rivoyati).
* * *
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Isro kechasi Ibrohim alayhissalomga yo‘liqdim. U zot: «Ey Muhammad, ummatingizga mendan salom ayting va jannatning tuprog‘i pok, suvi shirin va o‘zi tekis, o‘simligi «Subhanallohi valhamdu lillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar» ekanini ularga xabar bering», dedilar» (Termiziy rivoyati).
* * *
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki: «Subhanallohi va bihamdihi», desa, u uchun jannatda bir xurmo ekiladi», dedilar (Termiziy rivoyati).
* * *
Abu Zarr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Kalomlarning qaysi biri Alloh taologa mahbubroq?» deb so‘radilar. U zot: «Alloh farishtalariga ixtiyor qilgan «Subhana Robbi va bihamdihi, subhana Robbi va bihamdihi» jumlasini aytish», dedilar» (Termiziy rivoyati).
Bugun Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla Kenjayev boshchiligida Gurlan tumanidagi “Usmon Said bobo” jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirok etdi.
So‘ngra hududdagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Ayrim sabablarga ko‘ra arazlashib qolgan oilalar imomlar, hojilarning hayot tajribasidan kelib chiqqan gaplaridan ta’sirlanib, yarashib oldilar.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Bunday xayrli ishlar, ya’ni xalqqa xizmat qilib, odamlarni rozi qilish, Haqning roziligiga sabab bo‘ladi, inshoalloh.
So‘ngra imomlarning yo‘nalishga doir amalga oshirgan ishlari ko‘rib chiqildi.
Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati