Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Yanvar, 2025   |   28 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:16
Quyosh
07:38
Peshin
12:41
Asr
15:53
Shom
17:37
Xufton
18:53
Bismillah
28 Yanvar, 2025, 28 Rajab, 1446

Makulaturaga topshirilgan Qur’on va diniy kitoblarning hukmi

27.11.2024   4509   3 min.
Makulaturaga topshirilgan Qur’on va diniy kitoblarning hukmi

Cavol: Men makulatura sotish bilan shug‘ullanaman. Gohida ushbu qog‘ozlar orasidan eskirgan Qur’on varaqlari va boshqa diniy yozuvi bor qog‘ozlar ham chiqib qoladi.  Ularni nima qilsam bo‘ladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ma’lumki, dinimizda Alloh taoloning kalomi hamda go‘zal ismlari yozilgan qog‘oz va boshqa narsalarni xorlash yoki behurmat qilishdan qaytarilgan, aksincha ularni e’zoz va ehtirom qilishga buyurilgan. Shuning uchun, bunday muqaddas bitikli qog‘ozlarni makulaturaga topshirish mutlaqo yaramaydi.
Alloh taolo bu haqida bunday xitob qiladi:

ذَلِكَ وَمَنْ يُعَظِّمْ شَعَائِرَ اللَّهِ فَإِنَّهَا مِنْ تَقْوَى الْقُلُوبِ

“Gap shudir: Kimki Allohning shiorlarini ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, bu dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32 oyat).
Demak, oyat va hadislar yozilgan kitob yoki varaqlar o‘qish uchun yaroqli bo‘lsa, ularni hech bir yo‘l bilan yo‘q qilish joiz bo‘lmaydi, balki ularni foydalanadigan kishilarga topshirish lozim.

Ammo ular eskirib, o‘qishga yaroqsiz holatga kelib qolgan bo‘lsa, ularni toza bir lattaga o‘rab, oyoq osti qilinmaydigan yerga ko‘miladi. Bu haqda Alloma Haskafiy rohimahulloh aytadilar: “Foydalanib bo‘lmaydigan kitoblardan Alloh taoloning farishtalar va Payg‘ambarlarning ismi o‘chiriladi va yoqib yuboriladi. O‘chirmasdan turib ham oqar suvga oqizib yuborishning zarari yo‘q. Ko‘mish ham mumkin. Ko‘mish eng afzal yo‘ldir. Zero, Anbiyolar ham dafn etilganlar” (“Durrul muxtor” kitobi).

Demak, sizning qo‘lingizga kelib tushgan muqaddas yozuvli varaqlarni imkoni bo‘lsa, ko‘miladi yoki yoqiladi. Agar bu ish mashaqqat tug‘dirsa, maxsus vositalar yordamida yozuvlarini ketkazib, qayta ishlash mumkin.

Hozirga kelib esa, qog‘ozlardagi har qanday yozuvlarni ketkiza oladigan maxsus vositalar ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra, zamonaviy fatvo markazlari  yozuv va harflari to‘liq o‘chirilgan va maxsus ishlov berilgan qog‘ozlarni qaytadan foydalanish mumkinligiga fatvo bermoqdalar. Buning sababi ulardagi oyat va hadis hamda boshqa diniy yozuvlardan asar qolmaganidir.

Bu haqda Alloma Ibn Nujaym rohimahulloh bunday deganlar: "Qur’on yozilgan lavh (doska, taxta)ni o‘chirib, uni dunyo ishiga ishlatsa, joizdir" ("Al-Bahr ar-Roiq" kitobi).
Bundan tashqari oldingi vaqtlarda qog‘oz va kitoblar kam bo‘lgani uchun, ularni yerga ko‘mish mashaqqat emas edi. Hozirda esa, ularning hajm va miqdori ko‘paygani sababli bu miqdordagi kitob va qog‘ozlarni ko‘mish katta mashaqqat va sarf-xarajat talab qiladi. Dinimiz esa, mashaqqatga buyurmaydi.
Shu bilan birga ularni ko‘mib yuborilsa, hech kim foydalana olmaydi. Ammo ularni qayta ishlab qog‘oz holiga keltirilsa, qaytadan foydalanish mumkin. Biroq, shuni ham ta’kidlash joizki, ushbu amaliyot jarayonida mus'haf yoki oyat yozilgan qog‘ozlarni ushlashda ularning hurmatini joyiga qo‘yish, tahoratli yoki qo‘lqopli bo‘lish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar

Qur'oni karimda fitna so‘zi qanday ma'nolarni anglatadi?

27.01.2025   2230   7 min.
Qur'oni karimda fitna so‘zi qanday ma'nolarni anglatadi?

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:

وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون

“Biz sizlarning ba’zilaringizni ba’zilaringiz uchun sinov qilib qo’ydik – (qani) sabr qila olurmisiz?”

Mufassirlar ushbu oyatni turli xil uslubda tafsir qilganlar. Masalan, Tafsiyrul Bag’aviyda shunday sharhlangan: فتنة so’zi balo, sinov ma’nosini bildiradi. Boy inson faqir kishi uchun sinov hisoblanadi, chunki kambag’al inson aytadiki, nega men anavi boy singari emasman?! Sog’lom inson kasal inson uchun, sharafli inson martabasi past inson uchun imtihondir.

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Alloh taolo bu oyatda sizni bir-biringizga sinov qildim, ulardan eshitadigan gap-so’zlarga sabr qilishingiz va kelishmovchiliklarni ko’rib hidoyatga erishishingiz uchun, imtihon qilaman.  Muqotil rohimahulloh aytadilar: “Bu oyat Makka mushriklaridan Abu Jahl, Valid ibn Uqba, Os ibn Voil va Nazr ibn Horisalar haqida nozil bo’lgan. Chunki ular Abu Zar, Ibn Mas’ud, Ammor, Bilol, Suhayb, Omir ibn Fuhayr roziyallohu anhum va ular tengi insonlarni ko’rishganda: “Biz ham musulmon bo’lsak, anavilar singari bo’lamizmi?”, deyishgan. (ya’ni ular singari xor, kambag’al, muhtoj bo’lib yashaymizmi deyishmoqchi, chunki u kofirlarni aksari zodagon boylardan bo’lishgan. O’zlariga muhtojlik hayotini ravo ko’rishmagan)

Endi Tafsiyrul ibn Kasirga nazar tashlaydigan bo’lsak, unda:

وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون

Oyatini “Ba’zingizni ba’zingiz bilan biz imtihon qildik, osiy bo’lganlardan kim itoat qilishini (bo’ysunishini) bilishimiz uchun. Shuning uchun Alloh taolo oyatning davomida aytadi: أتصبرون وكان ربك بصيرا sabr qilmaysizlarmi va Robbingiz ko’rib turuvchi zotdir. (ya’ni sabr qilsangiz, sizlarni mukofotlaydi. U hamma ishlaringizni ko’rib bilib turibdi)

Muhammad ibn Is’hoq Alloh taoloning

 وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون

oyati borasida aytadilar: Alloh taolo aytadi: “Agar dunyoni rasullarim bilan birga qilishni xohlaganimda, menga hech kim xilof qilmasdi va shuni albatta qilardim. Lekin men bandalarimni payg‘ambarlar bilan imtihon qilishni hamda rasullarni ham  sinashni iroda qildim”.

Sahihi Muslimda Iyoz ibn Himardan, u kishi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: “Alloh taolo aytadi: Men seni imtihon qilaman va sen sababingdan (boshqalarga) sinov beraman”.

Musnad kitobida esa, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Agar xohlasam, Alloh men bilan birga oltin va kumushdan iborat tog’larni yurgizib qo’yardi”. Sahih kitobida esa, U zot sollallohu alayhi vasallamga podshoh maqomidagi payg’ambarlik yoki oddiy rasul bo’lish ixtiyori berildi. U zot oddiy rasul bo’lishni ixtiyor qildilar. (bu yerda ham Rasulga qaysi bilan sinalish imkoni berilyapti. Lekin U zot bizga namuna o’rnak bo’lish uchun oddiylikni ixtiyor qildilar)

Tafsiyrul Qurtubiyda mazkur oyat bo’yicha 9 ta masala zikr qilingan bo’lib, biz tafsirini sharhlayotgan oyatning qismi 8-masalada keladi. Unda aytiladiki bu dunyo sinov va imtihon dunyosidir. Alloh taolo barcha insonlarni umumiy tarzda ba’zilarini boshqalariga fitna (imtihon) qildi, u banda mo’min bo’lsin, kofir bo’lsin, farqi yo’q. Sog’lom inson bemor inson uchun, behojat inson hojatmand inson uchun, sabrli kambag’al boy inson uchun ham sinov-imtihon bo’lishi mumkin. Buning ma’nosi shundayki, ulardan har biri o’z sohibi-sherigi bilan sinaladi. Masalan, boyning kambag’al bilan sinalishi, boy unga mehribonlik qilib turishi va uning ustidan mazax qilmasligi. Kambag’al esa, boyga hasad ko’zi bilan qaramasligi, undan faqatgina bergan narsanigina olishidir. Hamda boy ham kambag’al ham haq ustida sabr qilishidir.

Oyatning davomida kelgan أتصبرون javobi hazf bo’lgan, ya’ni sabr qilmaysizlarmi deyilganda, javob kutiladigan so’zdir. Muzaniy aytadilar: “Qashshoqlik meni haydab chiqargan edi va men aravalarda va egarlarda amaldorlarni ko’rib xayolimga nimadir tushdi. Shunda bir kishini وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون oyatini o’qiyotganini eshitdim va aytdim: “Ha, albatta Robbimiz, sabr qilamiz va savob umid qilamiz”.

 أتصبرون sabr qilish hammaning ishi ham emas, u haq ustida turgan mo’minlarga xosdir. Qachonki musulmonlar sabr qilishgach, Alloh taolo ular borasida oyat nozil qildi:

إني جزيتهم اليوم بما صبروا

“Men bugun ularni (sizlarning ozor-aziyatlaringizga) sabr-toqat qilganlari sababli mukofotladim – ular haqiqiy (baxt-saodatga) erishguvchilar”. (Mo’minun surasi, 111-oyat)

Demak, xulosa o’rnida aytish mumkinki, inson bu hayoti dunyoda doim imtihon ustida yurganini unutmasligi lozim. Garchi uning boshiga ming turli sinovlar kelsa ham sabr qilib uning mukofotini Allohdan kutsin. Agar unda boshqalar orzu qiladigan mol-dunyosi yoki farzandlari, mansabi bo’lsa, Allohga shukrini ado etib yurishi, Alloh xohlasa, bu ne’matlarni tortib olishi mumkinligini unutmasin, hozirda ne’matlar bilan bo’lishi, uni xohlagancha tasarruf qilishi g’ururga ketkazmasin. Chunki g’urur shaytonning amalidan bo’lib, bandani jarlik tomon yetaklaydi.

Alloh taolo bir oyatda sinayman dedi, oyatni oxirida sabr qilmaysizlarmi deb ham tasalli bermoqda. Agar shu imtihonlardan o’tsak, bu dunyoda baxt-saodatni, oxiratda biz bilmagan qancha mukofotlarni hozirlaganini boshqa oyat bilan bayon qilmoqda. Alloh taolo aslida hech bir bandaga yomonlikni ravo ko’rmaydi, lekin boshiga kelgan musibatlarni, imtihonlarni uning gunohiga kafforat bo’lishini, duolari mustajob bo’lishini, O’ziga qaytishini xohlaydi. Aslida bu sinovlar  ne’mat bo’lib, banda Alloh yo’lida chiniqib, hadislarda kelganidek kuchli mo’minga aylanadi.

 Habiba Kamolitdinova,
Toshkent Islom instituti talabasi.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:

  1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2004 (361-bet)
  2. 2. الحسين بن البغوي. تفسير البغوي. دار طيبة – الرياض – 1409 ه. (87-77 ص)
  3. أبو عبد الله محمد بن أحمد بن أبي بكر القرطبي. تفسير القرطبي (الجامع لأحكام القرآن). مؤسسة الرسالة – اليروت – 2006 م. (392-382ص)
  4. أبو الغداء إسماعيل بن كثير الدمشقي. تفسير القرآن العظيم. دار طيبة – الرياض –1999 م. (101-100ص)
  5. https://ar.wikipedia.org/wiki/%D9%81%D8%AA%D9%86%D8%A9