Cavol: Sochimni yuvganimdan keyin chigalini ketkazish uchun maxsus yog‘dan foydalanaman. Shundan keyin tahorat olganimda sochimga mas'h tortsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ma’lumki, mazhabimizga ko‘ra, boshning to‘rtdan biriga mas'h tortish tahoratning farzlaridan bo‘lib, sochga surtilgan yog‘ yoki krem ostiga suvni o‘tkazishga mone’lik qilmasa, tahorat durust bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sochlarini zaytun moyi bilan moylar va boshqalarni ham shunga buyurar edilar.
Agar surtilgan moy suvni o‘tkazmasa, uni ketkazish lozim bo‘ladi. Aks holda tahorat va g‘usl durust bo‘lmaydi. Bu haqida alloma Ibn Nujaym rohimahulloh Bunday deganlar:
وَلَوْ أَلْزَقَتْ الْمَرْأَةُ رَأْسَهَا بِالصَّبغ بِحَيْثُ لَا يَصِلُ الْمَاءُ إلَى أُصُولِ الشَّعْرِ وَجَبَ عَلَيْهَا إزَالَتُهُ
“Agar ayol kishi boshiga sochining ostiga suvni o‘tkazmaydigan qilib yelim surtgan bo‘lsa, uni ketkazish vojib bo‘ladi” (“Al-Bahrur-Roiq” kitobi).
Agar boshiga krem surtgan kimsa mas'h tortganida, boshining to‘rtdan bir qismiga suv yetsa, uning tahorati durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
15 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti tashabbusi bilan 2026 yil “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan oila qadriyatlarini mustahkamlashga bag‘ishlangan xalqaro anjuman boshlandi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Konferensiya Qur’oni karim tilovati va “Oila – xalq yuragi” nomli videolavha namoyishi bilan boshlandi. Ochilish marosimida BAA Bag‘rikenglik va birdamlikda yashash vaziri Shayx Nahayon bin Muborak Ol Nahayon, Amirliklar Fatvo Kengashi raisi Abdulloh bin Bayya, Marokash podshohligi Vaqflar va Islom ishlari vaziri doktor Ahmad Tavfiq, Amirliklar Islom ishlari, vaqf va zakot bosh boshqarmasi raisi, doktor Umar Habtur ad-Dir’iy, Mavritaniya fatvo kengashi raisi, doktor Aslam bin Sayyid Mustafo, taniqli ulamolar, mashhur muftiylar va ilmiy-tadqiqotchilar kabi 300 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
So‘zga chiqqan notiqlar Islom dinida oila mustahkamligiga katta e’tibor qaratilishi barobarida bugungi kunda oila masalasiga yanada jiddiy ahamiyat qaratishga katta urg‘u berishdi.
Jumladan, shariat buyurganidek, inson nasl-nasabini saqlash, silai rahm qilish, ota-onani e’zozlash, jufti haloliga e’tirom ko‘rsatish, farzandlarni yaxshi tarbiyalash singari muhim vazifalarni keng targ‘ib etish, hozirgi xavf-xatarlar davrida oilani mustahkamlash, uning jamiyat rivojidagi o‘rni, birdamlik manbai ekanini tushuntirish kabi masalalar haqida so‘z bordi.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt rivojlangan pallada oilaviy rishtalarni muhofaza qilish va mazkur taraqqiyot imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligi, davr talabidan kelib chiqqan holda zamonaviy tahdidlarga javob beradigan, oila qadriyatlarini asrab-avaylaydigan, uning saodatini ta’minlaydigan dolzarb fatvolar ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati