Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Iyul, 2026   |   15 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:40
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:34
Shom
19:48
Xufton
21:15
Bismillah
29 Iyul, 2026, 15 Safar, 1448

Namoz bilan davolovchi shifokor

29.11.2024   7308   5 min.
Namoz bilan davolovchi shifokor

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir qiz aytadi: «O‘rta maktabda o‘qigan paytimda nihoyatda asabiy edim, bir kunda bir necha martalab yig‘lar edim. G‘am, qayg‘u tinimsiz meni ta’qib qilar, shu yoshimdayoq hayotdan sovib bo‘lgan edim. Umidsizlik, tushkunlik botqog‘iga botib, hayotning yoqimli ta’mini unutayozgandim. Bunday qattiq tushkunlik qarshisida onam nye qilarini bilmay, meni ruhiy bemorlar shifokoriga olib borishga majbur bo‘ldi. Shifokor ayol o‘z ishining ustasi, hammaning ishonchini qozongan ayol ekan. Bunga o‘zim ham guvoh bo‘ldim. U meni sinchkovlik bilan tekshirib ko‘rib, hayotda aziyat chekib yashashimning sabablarini tushuntirib berdi. So‘ngra shunday dedi: «Senga tinchlantiruvchi dorilar yozib berish men uchun juda oson! Lekin undan ham samarali yo‘l bor. Bu namoz! Bu muolajani senga o‘xshagan juda ko‘p bemorlarimda sinab ko‘rganman, natija juda yaxshi bo‘lgan. Qiladigan ishing qachon salgina bo‘lsa-da, g‘am-tashvish cheksang, tahorat qilib, ikki rakatgina namoz o‘qiysan. Lekin namoz o‘qiyotganda Alloh taoloning «Ular – iymon keltirgan, qalbi Allohning zikri bilan orom topganlardir. Bilingki, qalblar Allohning zikri ila orom topur!» degan oyatiga ishonishing kerak (Ra’d surasi, 28-oyat). Lekin namoz o‘qiganda Alloh g‘amlaringni ketkazishiga, qalbing Allohning zikri bilan orom topishiga to‘liq ishongan holingda o‘qishing kerak. Chunki iymon keltirgan odam qalbi Allohga doimo bog‘liq ekanini his qiladi. Bunday qalb dunyoda hamma narsa Allohdan ekanini yaxshi biladi. Bundan tashqari, namozning har bir qismi zikrdir. Buni Allohning «Men – Allohman, Mendan o‘zga iloh yo‘q. Menga ibodat qilgin, Meni zikr qilish uchun namozni qoim qilgin» degan so‘zi ham tasdiqlaydi (Toho surasi, 14-oyat)».

Shifokor ayol so‘zida davom etdi: «Birinchi navbatda farz namozlarga mahkam bo‘lasan, lekin g‘am-qayg‘uga qarshi dorini ham to‘xtatmaysan – ikki rak’at nafl namozni ham kuniga kamida uch marta, ikki hafta o‘qiysan. Ikki haftadan keyin yana kelasan».

Men uning tavsiyalaridan qanoat hosil qildim. To‘g‘risi, aslida farz namozlarga ham beparvo edim. Shuning uchun birinchi navbatda ularga qat’iy rioya qila boshladim. Bundan tashqari, qayg‘uga tushgan vaqtimda ham kuniga uch mahal nafl namoz o‘qishga bel bog‘ladim. Avvaliga u qadar katta o‘zgarish sezilmadi. Keyingi uchrashuvimizda shifokorga holatimni aytgan edim, kulib, «Demak, sen sifatsiz yoki qalbaki dori ichyapsan ekan», dedi. Men hayron bo‘lib, beixtiyor «Qanaqasiga?» deb yubordim. Shifokor sal jiddiylashdi: «Namozingni shosha-pisha, xushu’siz o‘qiyotgan bo‘lsang, oyatlarning ma’nosini tafakkur qilmayotgan bo‘lsang, namozning ta’siri ham shunga yarasha bo‘ladi. Xuddi doriga o‘xshab, namoz tarkibida ham faol moddalar bor – xushu’ va tadabbur. Mayli, boshida shunaqa bo‘ladi. Bu dorini yana ikki hafta sinab ko‘raylik. Lekin bu safar xushu’ bilan o‘qishga harakat qilgin! Har doim o‘qiydigan suralaringni emas, yangilarini o‘qigin. Inshaalloh, albatta foydasini ko‘rib, xursand bo‘lasan».

Men uning so‘zlaridan ta’sirlanib, chuqur o‘yga tolgancha uyga qaytdim. Namozlarni sokinlik bilan, xushu’ bilan o‘qiy boshladim. Rostdan ham, avvallari namozni xuddi shifokor aytganidek, qush don cho‘qigandek shoshilib, tez o‘qir edim, maqsadim go‘yo namozni tezroq tugatish bo‘lar edi, xolos. Undan tashqari, bu safar yangi suralar, yangi oyatlarni o‘qiy boshladim. Avvallari esa, shifokor aytganidek, har namozda Fotihadan keyin faqat Ixlos bilan Falaq suralarini o‘qiyverardim. Namozning halovatini mana endi his qila boshladim. Uning g‘am-alamlarimga ham ta’sir qilayotgani ich-ichimdan seza boshladim. Ikki hafta o‘tgach, shifokorning oldiga avvalgidan butunlay boshqa kayfiyatda, shahdam qadamlar bilan kirib bordim. Bu safar mutlaqo xotirjam edim, hayotga ishonch bilan, ochiq yuz bilan qarayotgan edim. Shifokor ham meni tabassum bilan qarshi olib, «Hayotimda uchratgan eng yaxshi bemor sen bo‘lding! Judayam qat’iyatli qiz ekansan. O‘zingga ishonching kuchli ekan, shuning uchun ham Alloh senga tezda shifo berdi. Inshaalloh, bugundan boshlab endi hech qachon psixologga ishing tushmaydi. Sharti shuki, farz va sunnat namozlarga mahkam bo‘l! Zarurat tug‘ilganda esa kuniga uch marta qayg‘u dori ichasan, ya’ni namoz o‘qiysan», dedi. U meni maqtab-maqtab, namozga, ibodatga yanada shijoatlantirib yubordi.

Bu voqeaga ancha yillar bo‘ldi. Parvardigorga hamdlar bo‘lsinki, o‘shandan beri ruhiy holatim a’lo darajada. Endi men faqat namozlarga beparvo bo‘lib qolsam yoki namozni xushu’siz o‘qisamgina qayg‘uga tushaman. Qayg‘ularimning sababi darhol yuzaga chiqadi, shunda xushu’ bilan, xuzu’ bilan namoz o‘qishga turaman. Qarabsizki, qayg‘ularim chekinib, qalbimga xotirjamlik inadi».

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qoraqalpog‘istonda imomlar o‘rtasida stol tennisi turniri bo‘lib o‘tdi

28.07.2026   3794   1 min.
Qoraqalpog‘istonda imomlar o‘rtasida stol tennisi turniri bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan masjid imom-xatiblari va imom-noiblari o‘rtasida Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami munosabati bilan sportning stol tennisi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
 

Nukus olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘lib o‘tgan musobaqa yakuniga ko‘ra:
 

  • 1-o‘rin: I.Ametniyazov (Taxtako‘pir tumani «Abdulkarim oxun» jome masjidi imom-xatibi);

  • 2-o‘rin: R.Komiljonov (To‘rtko‘l tumani «G‘oib ota» masjidi imom-noibi);

  • 3-o‘rin: O.Mashalov (Beruniy tumani «Sulton uvos bobo» jome masjidi imom-noibi).
     

Musobaqa so‘ngida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari A.Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qozisi B.Razov va Nukus «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom bilim yurti direktori J.Abdirazzaqovlar ishtirokchilarni g‘alaba bilan tabriklab, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilashdi. 
 

G‘oliblarga «Vaqf» xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati

 

Qoraqalpog‘istonda imomlar o‘rtasida stol tennisi turniri bo‘lib o‘tdi Qoraqalpog‘istonda imomlar o‘rtasida stol tennisi turniri bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari