Bismillahir Rohmanir Rohiym
﴿الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَنْزَلَ عَلَى عَبْدِهِ الْكِتَابَ﴾
“(O‘z) bandasi (Muhammad)ga Kitob (Qur’on)ni nozil qilgan zot (Alloh)ga – hamd!” (Kahf surasi, 1-oyat).
Ushbu Kitobni ummatlariga omonat ila yetkazib, unga amal qilishda go‘zal namuna, “Xulqi Qur’on” bo‘lgan zot – sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salom va salavotu durudlar bo‘lsin!
Payg‘ambarimizdan Qur’oni karimning biror harfini o‘zgartirmay o‘ta aniqlik bilan qabul qilib, unga ixlos ila amal qilgan sahobai kiromlardan Alloh rozi bo‘lsin!
Qur’oni karimga iymon keltirgan, uni o‘rgatgan, o‘rgangan va unga amal qilgan har bir musulmonga Allohning rahmati yog‘ilsin.
Qur’oni karim – Alloh taoloning kalomi. Uning har bir harfi va oyatini o‘qib o‘rangan kishilarga katta ajr-savoblar va’da qilingan.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
من قرأ حرفًا من كتابِ اللهِ فله به حسنةٌ. والحسنةُ بعشرِ أمثالِها لا أقولُ ﴿الـم﴾ حرفٌ ولكنْ ﴿ألفٌ﴾ حرفٌ و﴿لامٌ﴾ حرفٌ و﴿ميمٌ﴾ حرفٌ.
“Kim Alloh taoloning Kitobidan bir harf o‘qisa, buning barobariga u kishi uchun bir yaxshilik berilur. Alif, lam, mimni bir harf deb aytmayman . Balki alif bir harf, lom bir harf va mim bir harfdir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Qur’oni karimni o‘qib o‘rgangan va boshqalarga yetkazgan kishilar ulug‘ fazl-martaba sohibi bo‘ladilar. Bu haqda Usmon roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
خَيرُكُم من تعلَّمَ القرآنَ وعلَّمَهُ.
“Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganganlaringiz va o‘rgatganlaringizdir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisdan insonlarning eng yaxshilari avvalo Qur’onni o‘rganuvchilar, keyin esa uni o‘rgatuvchilar ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Alloh taolo shunday fazl-martabani barchamizga muyassar aylasin.
Davron NURMUHAMMAD
Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.
1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.
2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.
Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).
Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.
3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).
Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.
4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.
Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.
U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.
U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.
5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).
Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.
Xulosa:
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.