Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hayot tarzingizni hech kimga oshkor qilmang.
Sizga hasad qilishi mumkin, kimki uyingizga ko‘p marta kirib, unda nimalar borligini bilgan bo‘lsa.
Hech kim sizni uyingizni o‘mara olmaydi, faqat uyingizga kirib, undagi ma’lumotga ega bo‘lgan kishigina o‘g‘rilay oladi.
Hech kim sizning rejalaringizni barbod qila olmaydi, faqat siz unga sirlaringizni oshkor qilgan kimsagina barbod qila oladi.
Siringiz asiringiz, uni oshkor qildingizmi, bas siz o‘zingiz uning asiriga aylanasiz.
Kimdir sizga hasad qilib nojo‘ya maslahat berish orqali ham sizni rejangizni barbod qilishga harakat qilishi mumkin.
Hech kim oilangizga fitna qila olmaydi, faqat uyingizga ko‘p kirib yurgan odamgina bu ishni qila oladi.
Nuqsonlaringizni ham faqat yaqin tanish odamlaringizgina bilishadi.
Har kimning eng yaqin kishisi bor. Lekin har qanday holatda ham siringizni saqlang. O‘zingiz saqlashga qodir bo‘lmagan narsani, boshqalar saqlashini kutmang.
Men bu yerda odamlar bilan aloqani uzish kerak demoqchi emasman. Yo‘q, balki hamma narsada chegaralarni belgilab olish kerakligini aytmoqchiman va bu chegaralardan o‘tmaslik kerak. Hayotingizni hech kimga oshkor qilmang, chunki odamlar qachon o‘zgaradi, bilmaysiz.
Bir vaqtlar qalbingizga va ruhingizga eng yaqin bo‘lgan odamlar keyinchalik siz eng ko‘p qo‘rqadigan odamlarga aylanib qolishlari mumkin. Chunki siz ularga qachonlardir o‘zingizni, sirlaringizni va nuqsonlaringizni ishonib topshirgansiz.
Siringiz sizning asiringiz bo‘lsin. Uyingiz sirli bo‘lsin va oilangiz bilan aralashish uchun hech kimga ruxsat bermang, qanchalik yaqin qarindosh bo‘lmasin. Uyingiz sirlarini hech kimga aytmang. Agar muvaffaqiyatingizga ishonchingiz komil bo‘lsa, hech kimdan maslahat so‘ramang.
Xursandchilik qalbingizga kirganida ega bo‘lgan narsalaringizni tarqatib yubormang, g‘azab paytida esa o‘zingizning ega bo‘lgan narsalaringizdan voz kechib yubormang. G‘azab paytida tilingizni tiying, quvonch paytida esa saxiyligingizni nazorat qiling. Uzoqni o‘ylang va yaqindagiga o‘ralashib qolmang.
Shunchaki maslahat.
Otaning ovozi onaning ovozidan kuchli. Lekin gap uning balandligida emas... Oilada onaning ovozi baland chiqsa, u bilan farzandning muomilasi tez orada tiklanadi. Chunki onaning hissiyotlarini bola onaning qornidayoq his qila boshlagan, onaning kechinmalari qamrovini biladi. Ammo otaning ovozi baland chiqsa, endi bu boshqa hissiyot bo‘ladi...
Bolalar uchun ota hayotdagi tirgak, himoya vositasi dunyodagi barqaror hayot timsolidir. Ana shu maqom egasining ovozi baland ko‘tarilsa, g‘azabi kelsa, bu farzand uchun juda jiddiy masaladir.
Ayni paytda, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bunda otalarga ham katta mas’uliyat tushadiki, ular oilada ovozlarini imkon qadar baland ko‘tarmasliklari lozim. Chunki bu bilan farzand nafaqat g‘amgin bo‘ladi, balki bunda qo‘rquv paydo bo‘lishi, u o‘z fikr va hissiyotlarini aytishga cho‘chib qolishi mumkin.
Otalar farzandlarining tushkunlikka tushib, siqilib qolishlariga sababchi bo‘lib qolmasligi lozim. Qolaversa, ota oiladagi muammoni ovozni baland ko‘tarish bilan hal qilaman, deb o‘ylasa, bu hol farzand uchun bora-bora oddiy holga aylanib qoladi. Kelajakda u ham shu yo‘lni tutadi. Hatto, kun kelib, ota-onasi bilan ham baland ovozda gaplashishi ehtimoli bor. Demak, haqiqiy otalik ovozning balandligida emas, balki mehribonlik ila haybat hosil qilishda.
Ba’zida ishdan uyga charchab kelganimizda farzandlarimizning sho‘xligi malol kelib qolsa, sabrli bo‘laylik. Ularga biz otalarning mehri va e’tibori juda kerakligini unutmaylik.
Akbarshoh RASULOV