Sayt test holatida ishlamoqda!
29 May, 2025   |   2 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:25
Bismillah
29 May, 2025, 2 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Munosib kelin (ikkinchi qism)

11.12.2024   4189   5 min.
Munosib kelin (ikkinchi qism)

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

5. Muhabbatli va serfarzand bo‘lishi.

عَنْ مَعْقِلِ بْنِ يَسَارٍ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ فَقَالَ: يَا رٍَسُولَ اللهِ، أَصَبْتُ امْرَأَةً ذَاتَ جَمَالٍ وَحَسَبٍ، وَإِنَّهَا لَا تَلِدُ أَفَأَتَزَوَّجُهَا؟ قَالَ: لَا، ثُمَّ أَتَاهُ الثَّانِيَةَ فَنَهَاهُ، ثُمَّ أَتَاهُ الثَّالِثَةَ، فَقَالَ: تَزَوَّجُوا الْوَدُودَ الْوَلُودَ، فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمُ الْأُمَمَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَالْحاَكِمُ وَصَحَّحَهُ.

Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:

«Ey Allohning Rasuli! Bir jamolli va hasabli ayol topdim. Ammo tug‘mas ekan. Unga uylanaveraymi?» dedi.

«Yo‘q», dedilar. Keyin u zotga ikkinchi marta keldi. Yana qaytardilar. So‘ngra uchinchi marta kelganida:

«Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylaninglar. Men boshqa ummatlarga sizlarning ko‘pligingizni ko‘z-ko‘z qiluvchiman», dedilar».

Abu Dovud, Nasaiy rivoyat qilganlar. Hokim sahih, degan.

Bu hadisi sharifdan eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylanish kerakligi anglanadi.

Kelinlikka nomzodning bu kabi sifatlari unga yaqin qarindosh bo‘lgan ayollarning holini o‘rganish bilan bilinadi. Unga yaqin qarindosh ayollar odatda eriga muhabbat qiladigan, ko‘p tug‘adigan bo‘lsalar, ularning zotida bo‘lgan yoshlar ham ko‘pincha o‘sha sifatlarga ega bo‘ladilar.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalardan eng asosiysi uylanishdan oldin ahli fazl, ilmli kishilardan maslahat so‘rashning yaxshiligidir.

6. Surur bag‘ishlash, itoatkor bo‘lish va xilof qilmaslik.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Yo Rasulalloh, ayollarning qandog‘i eng yaxshisidir», – deyildi.

«Qachon nazar solsa, surur bag‘ishlaydigani. Qachon amr qilsa, itoat qiladigani va eriga o‘z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani», – dedilar».

«Sunan» egalari rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda er uchun eng yaxshi xotinning ba’zi sifatlari haqida so‘z ketmoqda:

1. «Qachon nazar solsa, surur bag‘ishlaydigani».

Demak, er nazar solsa, ko‘nglini xursand qiladigan ayol eng yaxshi ayollarda bo‘ladigan sifatlarga ega bo‘lar ekan.

Bu ta’rif ayolning tashqi qiyofasi, kiyinishi, o‘zini tutishi va axloq-odobi kabi narsalarni o‘z ichiga oladi. Eng yaxshi ayol bo‘lish umididagi qizlarimiz, ayollarimiz ushbu narsaga alohida e’tibor berishlari kerak. Kuyov va erlarining ko‘ziga doimo xursand qiladigan ravishda ko‘rinishga harakat qilishlari lozim.

2. «Qachon amr qilsa, itoat qiladigani».

Erga itoatkor bo‘lish ayollarning eng go‘zal, eng yaxshi sifatlaridan biridir.

Albatta, bu yerda shar’iy ruxsat berilgan ishlar doirasidagi itoatkorlik haqida so‘z ketmoqda. Gunoh ishlarda itoat qilish mumkin emas. Chunki Xoliqqa ma’siyat bo‘ladigan ishlarda maxluqqa itoat qilinmaydi.

Er oila boshlig‘i bo‘lganidan keyin, oila a’zolari, jumladan, ayol kishi unga itoat qilishi kerak. Eriga itoatkor ayol eng yaxshi sifatlardan biriga ega bo‘lgan ayoldir.

Eriga itoat qilmaydigan ayolni yaxshi ayollar qatoriga mutlaqo qo‘shib bo‘lmaydi.

3. «Eriga o‘z jonida va molida u yoqtirmaydigan narsa ila xilof qilmaydigani».

Boshqacha qilib aytganda, eng yaxshi ayol sifatiga sohiba bo‘lishni istagan ayol eriga yoqmaydigan ishlarni qilmasligi kerak. Chunki shu xilof tufayli oilada urush-janjal chiqishi, er‑xotinning halovati yo‘qolishi, hatto oila buzilib ketishi ham mumkin.

Yana, ayol kishi o‘z molini eri yomon ko‘radigan narsalarga sarflamasligi kerak. Ana shunda eng yaxshi ayollarning yana bir sifatiga ega bo‘ladi.

Ushbu hadisda zikr qilingan uch sifatni o‘zida mujassam qilgan ayol eng yaxshi ayollardan bo‘lishiga shubha yo‘q.

Mo‘mina-muslima ayol-qizlarimiz ushbu hadisi nabaviyda zikr etilgan oliymaqom sifatlarni o‘zlarida mujassam qilishga harakat etishlari lozim. Shu bilan birga, jajji qizchalarimizni yoshliklaridan ana shunday go‘zal sifat sohibalari etib tarbiya qilmog‘imiz zarur.

Ulamolarimiz barcha hujjat va dalillarni o‘rganib chiqib hamda boshqa omillarni hisobga olib, munosib kelin tanlashda quyidagi narsalarga e’tibor berish kerakligini ta’kidlaganlar:

1. Dindorlik.
2. Serfarzandlik. Bu sifat qarindosh-urug‘ ayollarga qarab bilinadi.
3. Avval turmush qurmagan bo‘lishi.
4. Dindor va qanoatli oiladan bo‘lishi.
5. Nasabi yaxshi bo‘lishi.
6. Husnli bo‘lishi. Shunda erning ko‘ngli to‘q bo‘ladi, muhabbat qo‘yadi, boshqalarga qaramaydi.
7. Qarindoshlardan bo‘lmasligi. Qarindoshga uylansa, bolalari zaifhol bo‘lish ehtimoli kuchli. Yana, Alloh ko‘rsatmasin, kelishmovchilik bo‘lib qolsa, qarindoshlik aloqalariga zarar yetishi ham mumkin. Begonadan bo‘l-sa, bolalar zaifhol bo‘lmaydi. Kuyov-kelinning bahonasi bilan ularning qarindosh-urug‘lari ham quda-anda bo‘ladilar, ijtimoiy aloqalar rivo-jlanadi.
8. Bir xotindan ziyoda qilmaslik. Chunki ko‘pxotinlilikning mashmashasi ham ko‘p bo‘ladi, shartlarini bajo qilish ham oson emas.

«Baxtiyor oila» kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dinda g‘uluv ketishning salbiy oqibatlari

23.05.2025   5981   1 min.
Dinda g‘uluv ketishning salbiy oqibatlari

#Maqola #Ixtilof #G‘uluv

Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).

Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar. 

Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan. 

Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q. 

G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.

Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi