Cavol: Qur’oni karimning o‘n to‘rt joyida sajda oyatlari bor ekan. Ularni o‘qigan yoki eshitgan kishi tilovat sajdasi qilishi vojib bo‘ladi, deb eshitdim. Sajda oyatini o‘qisa yoki eshitsa, darhol tilovat sajdasini qilishi shartmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Sajda oyatini namozdan tashqarida o‘qigan yoki eshitgan odam darhol sajda qilishi mandub (yaxshi) bo‘ladi. Lekin darhol qilishi vojib emas. Bu haqida bunday deyilgan:
وَفِي الْغِيَاثِيَّةِ وَأَدَاؤُهَا لَيْسَ عَلَى الْفَوْرِ حَتَّى لَوْ أَدَّاهَا فِي أَيِّ وَقْتٍ كَانَ ، يَكُونُ مُؤَدِّيًا لَا قَاضِيًا ، كَذَا فِي التَّتَارْخَانِيَّة هَذَا فِي غَيْرِ الصَّلَاتِيَّةِ أَمَّا الصَّلَاتِيَّةُ إذَا أَخَّرَهَا حَتَّى طَالَتْ الْقِرَاءَةُ تَصِيرُ قَضَاءً وَيَأْثَمُ ، هَكَذَا فِي الْبَحْرِ الرَّائِقِ .
“G‘iyosiyya kitobida keltirilishicha, tilovat sajdasi darhol vojib bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra sajdani qachon qilsa ham, o‘z vaqtida qilgan bo‘ladi. Qazo bo‘lmaydi (“Tatarxoniyya”). Ammo bu hukm namozdan tashqaridagi sajdaga tegishli bo‘lib, namozda sajda oyatini o‘qisa va qiroatni cho‘zib, sajda qilmasa, qazoga aylanadi va gunohkor bo‘ladi” (“Al-Bahr ar-Roiq” kitobi).
Lekin sajda oyatini namozda o‘qisa, ortidan tezda sajda yoki sajda niyati bilan ruku’ qilishi lozim bo‘ladi. Aks holda ya’ni sajda oyatidan keyin kamida uch oyatni o‘qib, qiroatini davom ettirgan bo‘lsa, gunohkor bo‘ladi va tilovat sajdasini qazosi vojib bo‘ladi. Ya’ni ushbu holatda sajda niyati bilan ruku’ qilsa o‘tmaydi.
وَلَوْ لَمْ يَرْكَعْ وَلَمْ يَسْجُدْ وَأَتَمَّ السُّورَةَ ثُمَّ رَكَعَ وَنَوَى السَّجْدَةَ لَا يُجْزِيهِ وَلَا يَسْقُطُ عَنْهُ بِالرُّكُوعِ وَعَلَيْهِ قَضَاؤُهَا بِالسُّجُودِ مَا دَامَ فِي الصَّلَاةِ وَذَكَرَ الشَّيْخُ الْإِمَامُ الْمَعْرُوفُ بِخُوَاهَرْ زَادَهْ أَنَّهُ إذَا قَرَأَ بَعْدَ آيَةِ السَّجْدَةِ ثَلَاثَ آيَاتٍ يَنْقَطِعُ الْفَوْرُ وَلَا يَنُوبُ الرُّكُوعُ عَنْ السَّجْدَةِ
“Agar sajda oyatini o‘qiganidan keyinoq ruku yoki sajda qilmasa va surani oxirigacha o‘qisa, ruku qilish sajda o‘rniga o‘tmaydi va ruku qilishi tufayli zimmasidan sajda qilish soqit bo‘lmaydi. Shuning uchun uning zimmasiga modomiki namozda bo‘lsa, sajdaning qazosi vojib bo‘ladi. Shayx Imom Xoharzoda rohimahulloh dedilar: “Agar sajda oyatidan keyin uch oyat o‘qigan bo‘lsa, ruku qilish sajda o‘rniga o‘tmaydi” (“Fatovoi Olamgiriyya” kitobi).
Demak, namoz asnosida o‘qilgan sajda oyatidan keyin darhol sajda qilish vojib. Namozda sajda oyatidan keyin ikki oyatgacha o‘qishga ruxsat bor, ammo uch oyatga yetsa, sajdani kechiktirgan bo‘ladi.
Namozdan tashqarida sajda oyati o‘qilsa yo eshitilsa, garchi tilovat sajdasini kechiktirishga ruxsat bo‘lsada, uni darhol ado qilish afzaldir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
#Maqola #Ixtilof #G‘uluv
Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).
Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar.
Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q.
G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.
Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi