Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson hayoti davomida jamiyatdan ajralib kun kechira olmaydi. Atrofdagilar bilan turli ijtimoiy aloqalar o‘rnatadi. Har qanday holatda ham oila, mahalla va jamiyat ichida bo‘ladi. Tabiiyki, hayoti davomida uning atrofdagilarga nisbatan huquq va burchlari paydo bo‘ladi. Mana shunday huquqlardan biri qo‘shnichilik haqqi bo‘lib, unga dinimizda alohida e’tibor berilgan.
Alloh taolo Qur’oni karimda O‘ziga ibodat qilish va Unga hech narsani sherik qilmaslikka buyurganidan keyin, bir qancha toifalarga yaxshilik qilishga buyuradi. O‘sha kishilar ichida qo‘shnilar ham zikr qilingan. Oyati karimada bunday deyiladi: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchiga va qo‘l ostingizdagilarga ham yaxshilik qiling! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi 36-oyat).
Gohida qo‘shnilarning holidan g‘aflatda qolamiz, ularni holidan xabar olmaymiz, vaholanki, eng avvalo ular uchun bizning zimmamizda bir qancha haqlar bor: ko‘rganda salom berish; maslahat so‘rasa, to‘g‘risini aytish; aksa ursa, javob qaytarish; kasal bo‘lsa, ziyorat qilish; vafot etsa, janozasiga qatnashish va hokazolar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin!” (Imom Muslim rivoyati).
Qo‘shnilar o‘rtasidagi yaxshilikning bir ko‘rinishi – hayitlarda, quvonchli kunlar va munosib vaqtlarda o‘zaro hadya almashishdir. Muhimi – qo‘shnining hadyasi nima bo‘lsa ham, uni kam ko‘rmaslik kerak bo‘ladi.
Oisha onamiz Payg‘ambarimiz alayhissalomdan so‘radilar: “Ikki qo‘shnimning qaysi biriga hadya beray?” U Zot alayhissalom: “Eshigi yaqiniga”, dedilar – Imom Buxoriy rivoyati. Bu bilan yon qo‘shnining haqqi o‘zgalarnikidan ko‘proq bo‘lishini eslatib qo‘ydilar.
O‘zaro taom ulashish ham qo‘shniga yaxshilik qilishdandir. Abu Zarr raziyallohu anhu aytadilar: “Suyukli Payg‘ambarim menga buyurganlar: “Sho‘rva qaynatsangiz, suvini ko‘paytiring, so‘ngra qo‘shnilaringiz ahliga qarab, yaxshilik-saxovat bilan undan suzib bering” (Imom Muslim rivoyati).
O‘ziga to‘q qo‘shnilar hech qachon qiynalgan qo‘shnilarni e’tiborsiz tashlab qo‘ymasligi kerak. Qo‘shnilar zaruriy taom va kiyim kechak kabi narsalarga muhtoj bo‘lib qolishsa, albatta, ularga yordam qo‘lini cho‘zish zarur.
Musibat bo‘lgan xonadon ahlini qarindosh va qo‘shnilar taom bilan yo‘qlashi ham – dinimizdagi go‘zal sunnatlardandir. Ja’far raziyallohu anhu vafot etganlarida Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar: “Ja’farning oilasiga taom tayyorlanglar, ularning boshiga mashg‘ul qiluvchi og‘ir ish tushdi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hozirda ayrim qo‘shnilar orasida yer-joy yoki boshqa masalalardagi o‘zaro talashishlar oqibatida yuzaga kelayotgan xunuk oqibatlar dinimiz ta’limotlariga mutlaqo ziddir. Bunday xijolatli ishlarga barham berish uchun qo‘shnilar o‘zaro kelishuv, hurmat, oliyjanoblik va diyonat bilan ish tutishlari kerak. Shunda Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ladilar, rizqlariga barakot kiradi, hayotlari ma’noli va mazmunli kechadi.
Alloh taolo barchamizga chiroyli qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shnilar bilan tinch-totuv, ahil yashashni nasib aylasin!
Kenjaboy Soliyev,
Toshkent islom instituti Modul ta’lim tizimi talabasi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ochilish marosimida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov qatnashib, ishtirokchilarni tabriklash barobarida ulug‘ alloma bobomiz nomi ostida o‘tkazilayotgan musobaqaning ahamiyati, ta’lim-tarbiyaga berilayotgan e’tibor to‘g‘risida nutq so‘zlashdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga haj safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Makka shahridan videotabrik yo‘llab, ishtirokchilarni qutlash barobarida dinimiz kishilarni sport bilan shug‘ullanishga buyurganini ta’kidlab, jumladan bunday dedilar:
– Dinimiz insonlarni har tomonlama kuchli, baquvvat, jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lishga targ‘ib etadi. Quvvatli inson, avvalo, o‘zi uchun, qolaversa, atrofdagi, jamiyatdagi insonlar uchun manfaatlidir. Kuch-quvvatli, chiniqqan inson ibodatda mustahkam bo‘lish barobarida insonlarga yordam qo‘lini cho‘zishda, yurt rivojiga hissa qo‘shishda barchaga o‘rnak bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Farzandlaringizga suzishni, kamondan o‘q otishni va ot minishni o‘rgatinglar”, deya marhamat qilganlar. Boshqa bir hadisi sharifda: “Yozishni, suzishni va kamondan o‘q otishni ta’lim berish farzandning ota-onada zimmasidagi haqqidir”, deganlar.
Ilk marotaba tashkil etilayotgan ushbu sport musobaqasida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Akademiya qoshidagi akademik litsey, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi va Termiz islom instituti talabalari mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport turlari bo‘yicha bellashish barobarida milliy o‘yinlar – kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi bahslarda ham qatnashmoqda.
Mazkur tadbir Prezidentimiz tashabbusi, tegishli qaror va farmonlari ijrosi o‘laroq tashkil etilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad talaba-yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga va jismoniy faollikka jalb qilish, do‘stona aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov "Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi o‘rtasida Hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati