Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Banda bir gunoh qilsa, uning qalbida bir qora nuqta paydo bo‘ladi. Gunohni tark qilib, istig‘for aytsa, tavba qilsa, qalbi tozalanadi. Lekin gunohni yana qilaversa, o‘sha nuqta ko‘payib, oxiri qalbini qoplab oladi. Mana shu – «Yo‘q! Qilgan qilmishlari qalbiga mog‘or bo‘lib o‘rnashib qolgan" degan oyatdagi «mog‘or»dir» (Mutoffifun surasi, 14-oyat).
Har bir gunoh tufayli insonning qalbida qora dog‘ qoladi. Bu dog‘ insonni mahzun qiladi, yuragini siqadi, dilini xira qiladi. Ana shu dog‘ ham, undan paydo bo‘lgan qayg‘u ham faqat gunohdan tiyilib, tavba qilganimizdagina yo‘qoladi. Aksincha, gunohlar ko‘payaversa, qalbdagi qora dog‘lar kattarib, tashvishlar kuchayib boraveradi. Oxiri borib, hayotning lazzatini unutib, boshi berk ko‘chaga kirib qolamiz. Qayg‘u esa to‘planib, kuchayib boraveradi. Oxir-oqibat hayotimiz rangsiz bo‘lib qoladi. Har bir ibodat o‘sha ibodatni qilgan odamni baxtli qilganidek, har bir gunoh uni qilgan kimsaning yuragini siqaveradi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu bu haqda bunday deganlar: «Yaxshilik qilgan odamning yuziga ziyo, qalbiga nur, rizqiga kenglik, jismiga quvvat ato etiladi, insonlar qalbida unga nisbatan muhabbat paydo bo‘ladi. Yomonlik qilgan kimsaning esa yuziga qarolik, qalbiga zulmat, jismiga horg‘inlik, rizqiga kemtiklik yetadi, insonlar qalbida unga nisbatan nafrat paydo bo‘ladi».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Cavol: Issiq havoda ko‘p yurish natijasida ayrim odamlarda ikki oyog‘i orasi qizarib, achishadi. Ehromda shunday holatda malham, vazelin kabi narsalar surtsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Ehromdagi kishi siz aytgandek holatga tushib qolganda yoki tovoni yorilganda xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi mumkin. Bunda hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi. Agar xushbo‘y malham yoki vazelindan foydalansa, bunda sadaqa qilishi lozim bo‘ladi. Agar ko‘p marta surtsa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shuning uchun bunday kasallikka duchor bo‘lgan inson imkon qadar xushbo‘y bo‘lmagan malhamlardan foydalanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu haqida fuqaholarimiz bunday deydilar:
وَلَوْ دَاوَى بِهِ جُرْحَهُ أَوْ شُقُوقَ رِجْلَيْهِ فَلَا كَفَّارَةَ عَلَيْهِ ؛ لِأَنَّهُ لَيْسَ بِطِيبٍ فِي نَفْسِهِ إنَّمَا هُوَ أَصْلُ الطِّيبِ أَوْ طِيبٌ مِنْ وَجْهِ فَيُشْتَرَطُ اسْتِعْمَالُهُ عَلَى وَجْهِ التَّطَيُّبِ.
“Ehromdagi kishi jarohat, oyoq yoriqlarini zaytun yog‘i bilan yog‘lasa, zimmasiga hech narsa vojib bo‘lmaydi. Chunki u xushbo‘ylik emas, balki xushbo‘ylik olinadigan narsa yoki bir jihatdangina xushbo‘ylik xolos. Kafforat vojib bo‘lishligi uchun uni xushbo‘ylanish uchun iste’mol qilgan bo‘lishi shart” (“Hidoya” kitobi).
Alloma Kamol Ibn Humom rahimahulloh aytadilar: “Ehromdagi inson yog‘ yoki sirkani yesa, jarohati yoki tovonidagi yoriqlariga surtsa yo qulog‘iga tomizsa, unga hech qanday jarima lozim bo‘lmaydi” (“Fathul Qodir” kitobi).
Mulla Ali al-Qoriy rahimahulloh aytadilar:
ولو تداوى بالطيب او بدواء فيه طيب غالب ولم يكن مطبوخا فألزقه بجراحته يلزمه صدقة اذا كان موضع الجراحة لم يستوعب عضوا
“Agar xushbo‘y narsa bilan yoki xushbo‘ylik g‘olib bo‘lgan narsa bilan davolansa va ular olovda pishirilgan bo‘lmasa, so‘ng uni jarohatiga yopishtirsa va jarohat bir to‘liq a’zoni tashkil qilmagan bo‘lsa, sadaqa lozim bo‘ladi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.