Muhammad ibn Muhammad ibn Umar Axsikatiy Hanafiyning taxallusi Hisomiddin, kunyasi esa Abu Abdullohdir. U zot Hanafiy faqihi bo‘lib, far’iy va usul ilmlarining imomlaridan bo‘lganlar. Tug‘ilgan yillari ma’lum emas.
Axsikat deb Farg‘ona vodiysiga qarashli shaharlardan biriga nisbatan ishlatilgan. Ismlari borasida ham ixtilof bor. Ba’zilar Axsiykasiy deb uch nuqtali “sa” harfi bilan nomlashadi. Xususan “Miftahus sa’adat” va “Al-favoid” sohiblari shu nom bilan asarlarida zikr qilishgan. Alloma Abiy Muhammad Abdul Haq Haqqoniy rohimahulloh ham sharhlagan kitoblarida shu nomda zikr qilgan. Yaqut Hamaviy Axsikat deb aytish to‘g‘riroq deydi. Chunki ajamiy harflarda arab tilidagi uch nuqtali sa harfi mavjuda emas. Bu shahar Movarounnahrda bo‘lib, Shosh daryosi qirg‘og‘idagi tekislikda joylashgan. Keyingi yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar Axsikat shahri hozirgi Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida, Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab joylashgan Axsikent yodgorligi o‘rnida bo‘lgan.
Tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar bo‘lganligi, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Bobur tug‘ilgan Axsi ekanligi isbotlangan. Hozirda qadimgi shahar xarobalarida qazishma ishlari olib borilmoqda. Bu qazilmalar natijasida yuzlab topilmalar, xususan po‘lat qilich va Oyatul Kursiy yozilgan mis piyola, Damashq qilichi topilgan.
Axsikat shahrida ilm-fanda katta mavqega ega bo‘lgan ulamolar bilan bir qatorda mohir hunarmandlar ham bo‘lgan. Ular qattiq va yumshoq po‘latlar ishlab chiqarish sirlarini bilishgan. Ular tayyorlagan qilichlar Sharqda Xitoy va Janubi-g‘arbda xalifalik markazi bo‘lgan Damashq bozorlarida sotilgan.
Alloma Husomiddin Axsikatiy tasnif qilgan asarlar quyidagilar: “Al-muntahab”, “Al-Husamiy”, “Miftohul usul”, “G‘oyatut tahqiq”, Daqoiqul usul va tab’yin”. “Al-muntahab” kitobi ancha mashhurdir. Unga ko‘plab sharhlar yozilgan. “Kashfuz zunun” asari muallifi kitob haqida shunday deydi: “Bu kitob ortiqchalikdan xoli, fasllar to‘liq bayon qilingan, ziddiyat va qarashlar chuqur o‘rganilgan. Unga o‘n oltita sharh yozilgan”. Abdulaziz ibn Ahmad Buxoriy: “Bu muxtasar kitob boshqa barcha kitoblardan tartibi mustahkamligi va uslubi tartibligi bilan ustun turadi”, degan.
Husayn ibn Aliy ibn Xajjoj Sig‘noqiy Husomiddin Axsikatiy haqida: “O‘z zamonasining buyuk imomi, zohid, ilmda dengiz, qunt-matonatli, masalalarning nozik jihatlarini biluvchi, bashar muftiysi, shar’iatni namoyon qiluvchi va sunnatni himoya qiluvchi zot edi”, degan. Imom Laknaviy: “Shayx, fozil, usul va furu’da imom edi”, deb u zotni ta’riflagan.
Imom Abu Abdulloh Axsikatiy hijriy 644 yilning Zulqa’da oyi 22 sanasida, dushanba kuni, milodiy 1247 yilning 1 aprel kuni vafot etgan. Qabri Buxoroda bo‘lib, Yetti Qozi qabristonidagi Qozixon Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad Abdiy yaqiniga dafn qilingan.
Hasanboy Vohidov,
Toshkent islom instituti talabasi.
Tumandagi “Mulla Jumaboy” jome masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda qoziyot mas’ullari, bosh imom-xatiblar, hojilar va mahalla raislari jam bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iyul oyining “Obodonlashtirish va mehr-saxovat oyligi” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tumanda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, imom-xatiblar va masjid qavmi boshchiligida ko‘chalar, masjid atroflari tozalandi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning hovli-joylarida hashar yo‘li bilan obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Ishchi guruh a’zolari To‘rtko‘l tumanidagi 10 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, quyidagi xayrli amallar bajarildi:
Hojilarni jalb etgan holda mahallalardagi muammoli oilalar holidan xabar olindi;
Homiylar ko‘magida 120 ta ehtiyojmand xonadonga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi;
Ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlariga yangi o‘quv yili uchun maktab formalari tarqatildi;
Imom-xatiblarning faoliyati o‘rganilib, masjid boshqaruvi va ma’rifiy ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, hududda diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati