Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2026   |   19 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:15
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2026, 19 Rajab, 1447

Allohni do‘st tut, odamlarning gap-so‘zin unut!

16.12.2024   4324   7 min.
Allohni do‘st tut, odamlarning gap-so‘zin unut!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Sufyon ibn Uyaynadan Muhammad ibn Maymun Makkiy rivoyat qilganlar: «Ibrohim ibn Adhamga: «Uylansangiz bo‘lmaydimi?» – deyilganda, u kishi: «Nafsim zo‘rlik qilmaganida, uylanmasdim», – deb aytdilar».

Xalaf ibn Tamim aytganlar: «Ibrohim ibn Adham bolta olib, toqqa bordilar va o‘tin yig‘ib kelib, sotdilar. Puliga har xil holva sotib olib, do‘stlariga tortiq qildilar. Holva yeyilayotgan paytda sho‘xchan ohangda: «Yugurganniki ham, buyurganniki ham bo‘ldi, maza qilib olaveringlar!» – dedilar».

Isom ibn Ravvod ibn Jarroh otalaridan rivoyat qilganlar: «Bir kecha Ibrohim ibn Adham bilan birga edim. Bir kishi yangi pishgan meva keltirdi. Ibrohim evaziga berish uchun narsa izlab, yon-atrofga qaradilar. Mening egarimni ko‘rsatib: «Shuni ol», – dedilar. U egarni oldi. Mening narsam bilan o‘ng‘aysizlikdan xalos bo‘lganlariga sevinib ketdim».

Ali ibn Bakkor aytganlar: «Bani Ijldan bo‘lgan oliy nasabli Ibrohim ibn Adham o‘rim paytida she’r xirgoyi qilardilar:

اتخذ الله صاحبا ودع الناس جانبا

Sen Allohni o‘zingga do‘st tut,
Odamlarning gap-so‘zin unut.

Ibrohim ibn Adham ko‘ylaksiz, yaktak kiyardilar. Yozda to‘rt dirhamlik ko‘ylak va ishtondan boshqa narsa kiymasdilar. Muqimlik paytlarida ham, safarda ham ro‘za tutardilar. Kechalari uxlamasdan tafakkur qilardilar. Mardikorlik qilganlarida, ish haqlarini do‘stlari olardi, o‘zlari pulni ushlamasdilar. «Bunga ko‘nglingiz tusagan narsalaringizni olib yenglar», – derdilar. O‘zlari e’tibor bermay o‘tirardilar. Yorg‘uchoqda ikki mud bug‘doyni bir qo‘llari bilan yanchardilar».

Abu Yusuf G‘asuliy aytganlar: «Avzo’iy Ibrohim ibn Adhamni ovqatga taklif qildilar. Ibrohim kamgina taom yedilar. Avzo’iy buning sababini so‘raganlarida, u kishi: «Taom kam bo‘lgani uchun», – deb javob berdilar». (Kunlarning birida Ibrohim ibn Adham ko‘p ovqat pishirib, Avzo’iyni mehmonga chaqirdilar. Avzo’iy: «Isrofgarchilikdan qo‘rqmaysizmi?» – deganlarida, u zot: «Alloh xushlamagan ish – isrof bo‘ladi. Ammo kishining birodariga ehson qilishi dindandir», – deb javob berdilar.)

Bishr Hofiyga Yahyo ibn Yamon: «Sufyon Ibrohim ibn Adham bilan birga o‘tirsalar, ko‘p o‘ylab, kam gapirardilar», – deganlar.

Abdurrahmon ibn Mahdiy Tolutdan rivoyat qilganlar: «Ibrohim ibn Adhamning: «Shuhratga o‘ch kimsa Allohga ishonmabdi», – deganlarini eshitdim».

Shuhratni yaxshi ko‘rib, o‘zi sezmaydigan kishiga bu borada tanbeh berilsa, xafa bo‘lmaydi, o‘zini oqlamaydi, aybini tan olib: «Kamchiliklarimni ko‘rsatganlarga Allohning rahmati bo‘lsin», – deb aytadi, nafsiga qul bo‘lib qolmaydi. O‘z aybini sezmaslik, sezishga harakat qilmaslik – dardi bedavo.

Isom ibn Ravvodga Iso ibn Hozim Naysoburiy aytganlar: «Ibrohim ibn Adham bilan Makkada edik. U zot Abu Qubays tog‘iga qarab: «Iymoni mukammal mo‘min tog‘ni qimirlatishni istasa, qo‘lidan keladi», – dedilar. Shunda tog‘ qimirlay boshladi. Ibrohim ibn Adham: «Jim tur, men seni nazarda tutganim yo‘q», – dedilar».

Ibn Abu Dunyoga Muhammad ibn Mansur, u kishiga Horis ibn Nu’mon aytganlar: «Ibrohim ibn Adham eman daraxti mevalarini terardilar».

Makkiy ibn Ibrohim aytganlar: «Ibrohim ibn Adhamdan: «Mo‘minning karomati nimalarga qodir?» – deb so‘rashdi. «Toqqa «Qimirla», desa, u qimirlaydi», – deb javob berdilar. Shu payt tog‘ qimirlay boshladi. Ibrohim ibn Adham unga qarab: «Senga aytganim yo‘q», – dedilar».

Ibrohim ibn Adham aytganlar: «Hamma podshoh ham adolatli bo‘lmaydi, adolatsiz podshoh o‘g‘ri bilan barobardir. Hamma olim ham taqvodor bo‘lmaydi, taqvosiz olim bo‘ri bilan barobardir. Kimki Allohdan boshqaga qullik qilsa, u bilan itning o‘rtasida farq yo‘q».

Bizga Ahmad ibn Ibrohim Juludiy va boshqalar xabar berdilar. Ularga Abdulloh ibn Lattiy, u kishiga Ja’far ibn Mutavakkil, u kishiga Abul Hasan ibn Allof, u kishiga Hammomiy, u kishiga Ja’far Xuldiy, u kishiga Ibrohim ibn Nasr, u kishiga Ibrohim ibn Bashshor aytib berganlar. U kishi Ibrohim ibn Adhamning: «Fidoyilari bo‘lgan din ulug‘dir. Alloh yo‘lida ilm o‘rgangan kishi uchun o‘zini ko‘z-ko‘z qilgandan ko‘ra, pinhonlik yaxshiroqdir. Allohga qasamki, uyqu bilan o‘tadigan hayotga ishonch yo‘q. Ajalga pesh qilinadigan uzr yo‘q. Shunday ekan, e’tiborsizlik, kamchilik, sustkashlikka ne hojat?! Sermazmun amallarimiz uchun, bardavom tavbamiz uchun, boqiy hayotning mazmunli bo‘lishi uchun foniy hayot tashvishlariga rozi bo‘ldik», – deganlarini eshitganlar.

Ibn Bashshor yuqoridagi sanad bilan shunday deganlar: «Bir kuni Ibrohim bilan birga tunadik. Nonushtaga yeydigan hech vaqomiz yo‘q edi. «Ey Ibn Bashshor, Alloh taolo miskinlar va faqirlarga qanday ne’matlar va rohatlar bergan-a?! Qiyomat kuni ulardan zakot, haj, sadaqa va silai rahm to‘g‘risida so‘ramaydi! G‘am yema, Alloh taoloning O‘zi rizq beradi. Qasamki, biz har jihatdan boymiz. Bizga dunyo rohati berilgan. Allohning toatida ekanmiz, hech narsadan tashvishga tushmaymiz», – dedilar. So‘ngra namozga turdilar. Men ham turib, namoz o‘qiy boshladim.

Bir kishi sakkizta non va anchagina xurmo olib keldi. Ibrohim ibn Adham: «Ey tashvishga tushgan birodarim, ol, ye», – dedilar. Shu payt bir tilanchi kirib keldi. Unga xurmo bilan uchta non berdilar. Menga uchta non berib, ikkita nonni o‘zlari yedilar.

Bir kuni u kishi bilan do‘mpayib ko‘rinib turgan qabrning oldiga keldik. Uning haqqiga duo qildilar va shunday dedilar: «Bu – Humayd ibn Jobirning qabri. U mana shu diyorlarning amiri edi. Bir paytlar mol-dunyo ummoniga sho‘ng‘igan ekan. Keyinchalik Alloh taolo uni bundan xalos qilibdi. Menga xabar berishlaricha, bir kuni Humayd bir narsadan xursand bo‘lib uxlabdi. Tushiga kirgan kishi qo‘lidagi kitobni ochibdi. Unda zarhal harflar bilan: «Foniyni boqiydan ustun qo‘yma, boyligingga mag‘rur bo‘lma. Ular zavol topganda ham, sen borsan. U qo‘lingdan ketgunicha, sening mulking. U yo‘ldan urib, kekkaytirmasa, xursandlik va shodlik. Nekbin bo‘l: ertangga ishonilmagan kuning kun emas. Allohning amriga shoshil, Alloh taolo «Parvardigoringiz tomonidan bo‘lg‘usi mag‘firatga hamda taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan eni osmonlar va Yer barobarida bo‘lgan jannatga shoshilingiz» (Oli Imron surasi, 133-oyat)», degan so‘zlar yozilgan ekan.

Uyqusidan cho‘chib uyg‘onib: «Bu Allohdan menga tanbeh va mav’izadir», – debdi. Mol-mulkdan voz kechib, shu toqqa kelib, vafotiga qadar Allohga ibodat qilibdi».

«Mashhur daholar siyrati» kitobidan

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Aqidadagi sobitqadamlik

05.01.2026   3394   2 min.
Aqidadagi sobitqadamlik

Biz aytayotgan aqida faqat ash’ariy yo moturidiyniki emas, balki bu butun ummatning aqidasidir. Bu aqidaga til uzatayotganlar aslida ahli sunna val jamoaning aqidasini ayblashayotgan bo‘ladi. Ahli sunnaning hujjatlari oldida ne-ne bid’at toifalarning bo‘yni egilmagan deysiz. Zindiq va faylasuflardan tortib, Mo‘tazila, Botiniyalar ham bir bosh ko‘targanday bo‘lishdiyu, baribir oxirida yo‘q bo‘lib ketishdi. Zotan, Alloh bu ummatni zalolat jarligidan qutqargan edi, biron adashgan toifa unga nish suqa olmagan. 
 
Bu ummat shuncha asrlardan beri o‘z aqidasi bid’at ekanini, salaflarga va sunnatga xilof ekanini anglamay yurishi yo haqdan adashgan holda gandraklab yurishiyu, keyin “buyuk” salafiylar kelib hammani hidoyatga chaqirib qo‘yishi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. 
 
Ma’sum zot Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu ummat shirkka qaytmasligini aytish bilan bir qatorda zalolat, jaholatda ham jam bo‘lmasligini aytganlar. Ammo salafiylarning da’vosiga ko‘ra ummat adashib kelayotgan emish.
 
Bizga ta’na qilayotgan bu kabi odamlar ilmoniylardan ko‘p ham farq qilmaydi. Mana ko‘ring, ilmoniylar malomat qilib, naqliy dalillarga qotib qolishgan, aqlni birinchi o‘ringa qo‘yishmaydi, aqlga katta o‘rin ajratgan faylasuflarni siquvga olishgan, deb bizni ayblashadi. Aqlni naqldan ustun qo‘yishgani uchun mo‘tazilani kuch berib olqishlashadi. 
Ilmoniylar buni g‘arblik mustashriqlardan o‘rganishgan. Bu buzuq fikrni avval mustashriqlar ekkan, so‘ngra ilmoniylar parvarishlab sug‘orishgan. Ilmoniylar fuqaholarimizga va to‘rt mazhabga tosh otishi tabiiy hodisa. Ammo hozirgi kundagi ko‘p salafiylar ash’ariy-moturidiylarga til uzatishda ilmoniylardan ham oshib tushishdi. 
 
Ey salafiylikni da’vo qilib chiqayotgan odamlar! Bu ummatni zalolat va bid’atda ayblab o‘zinglar ham ilmoniylarning manhajida yurayotgan bo‘lsangiz, ularga fikriy raddiyalar berib nima qilasizlar? Ulardan avval o‘zingizga adovat qiling. Malomat aslida ulardan ko‘ra sizlarga munosib. Zero, ular sizlarning yo‘lingizdan yurishgan. O‘zingizni odamlarga olim ko‘rsatib, ulamolar, buyuk imomlarni johilga chiqarib qo‘ygan siz emasmi? Kitoblaringizda “ahli sunnaga xilof keladigan zalolat va bid’at toifalar mo‘tazila, jahmiya, rofizalar...” deb, ketidan “jumladan, ash’ariylar (yo moturidiylar) ham” deb yozib qo‘yganlar ham ayni siz edingiz. Doim tortishib yuradiganingiz, zalolat va kufrda ayblaydiganingiz ilmoniylardan sizlarning qanchalik farqingiz qolyapti? 

Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi, islomiy ilmlar kulliyasi doktori

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi

MAQOLA