Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sufyon ibn Uyaynadan Muhammad ibn Maymun Makkiy rivoyat qilganlar: «Ibrohim ibn Adhamga: «Uylansangiz bo‘lmaydimi?» – deyilganda, u kishi: «Nafsim zo‘rlik qilmaganida, uylanmasdim», – deb aytdilar».
Xalaf ibn Tamim aytganlar: «Ibrohim ibn Adham bolta olib, toqqa bordilar va o‘tin yig‘ib kelib, sotdilar. Puliga har xil holva sotib olib, do‘stlariga tortiq qildilar. Holva yeyilayotgan paytda sho‘xchan ohangda: «Yugurganniki ham, buyurganniki ham bo‘ldi, maza qilib olaveringlar!» – dedilar».
Isom ibn Ravvod ibn Jarroh otalaridan rivoyat qilganlar: «Bir kecha Ibrohim ibn Adham bilan birga edim. Bir kishi yangi pishgan meva keltirdi. Ibrohim evaziga berish uchun narsa izlab, yon-atrofga qaradilar. Mening egarimni ko‘rsatib: «Shuni ol», – dedilar. U egarni oldi. Mening narsam bilan o‘ng‘aysizlikdan xalos bo‘lganlariga sevinib ketdim».
Ali ibn Bakkor aytganlar: «Bani Ijldan bo‘lgan oliy nasabli Ibrohim ibn Adham o‘rim paytida she’r xirgoyi qilardilar:
اتخذ الله صاحبا ودع الناس جانبا
Sen Allohni o‘zingga do‘st tut,
Odamlarning gap-so‘zin unut.
Ibrohim ibn Adham ko‘ylaksiz, yaktak kiyardilar. Yozda to‘rt dirhamlik ko‘ylak va ishtondan boshqa narsa kiymasdilar. Muqimlik paytlarida ham, safarda ham ro‘za tutardilar. Kechalari uxlamasdan tafakkur qilardilar. Mardikorlik qilganlarida, ish haqlarini do‘stlari olardi, o‘zlari pulni ushlamasdilar. «Bunga ko‘nglingiz tusagan narsalaringizni olib yenglar», – derdilar. O‘zlari e’tibor bermay o‘tirardilar. Yorg‘uchoqda ikki mud bug‘doyni bir qo‘llari bilan yanchardilar».
Abu Yusuf G‘asuliy aytganlar: «Avzo’iy Ibrohim ibn Adhamni ovqatga taklif qildilar. Ibrohim kamgina taom yedilar. Avzo’iy buning sababini so‘raganlarida, u kishi: «Taom kam bo‘lgani uchun», – deb javob berdilar». (Kunlarning birida Ibrohim ibn Adham ko‘p ovqat pishirib, Avzo’iyni mehmonga chaqirdilar. Avzo’iy: «Isrofgarchilikdan qo‘rqmaysizmi?» – deganlarida, u zot: «Alloh xushlamagan ish – isrof bo‘ladi. Ammo kishining birodariga ehson qilishi dindandir», – deb javob berdilar.)
Bishr Hofiyga Yahyo ibn Yamon: «Sufyon Ibrohim ibn Adham bilan birga o‘tirsalar, ko‘p o‘ylab, kam gapirardilar», – deganlar.
Abdurrahmon ibn Mahdiy Tolutdan rivoyat qilganlar: «Ibrohim ibn Adhamning: «Shuhratga o‘ch kimsa Allohga ishonmabdi», – deganlarini eshitdim».
Shuhratni yaxshi ko‘rib, o‘zi sezmaydigan kishiga bu borada tanbeh berilsa, xafa bo‘lmaydi, o‘zini oqlamaydi, aybini tan olib: «Kamchiliklarimni ko‘rsatganlarga Allohning rahmati bo‘lsin», – deb aytadi, nafsiga qul bo‘lib qolmaydi. O‘z aybini sezmaslik, sezishga harakat qilmaslik – dardi bedavo.
Isom ibn Ravvodga Iso ibn Hozim Naysoburiy aytganlar: «Ibrohim ibn Adham bilan Makkada edik. U zot Abu Qubays tog‘iga qarab: «Iymoni mukammal mo‘min tog‘ni qimirlatishni istasa, qo‘lidan keladi», – dedilar. Shunda tog‘ qimirlay boshladi. Ibrohim ibn Adham: «Jim tur, men seni nazarda tutganim yo‘q», – dedilar».
Ibn Abu Dunyoga Muhammad ibn Mansur, u kishiga Horis ibn Nu’mon aytganlar: «Ibrohim ibn Adham eman daraxti mevalarini terardilar».
Makkiy ibn Ibrohim aytganlar: «Ibrohim ibn Adhamdan: «Mo‘minning karomati nimalarga qodir?» – deb so‘rashdi. «Toqqa «Qimirla», desa, u qimirlaydi», – deb javob berdilar. Shu payt tog‘ qimirlay boshladi. Ibrohim ibn Adham unga qarab: «Senga aytganim yo‘q», – dedilar».
Ibrohim ibn Adham aytganlar: «Hamma podshoh ham adolatli bo‘lmaydi, adolatsiz podshoh o‘g‘ri bilan barobardir. Hamma olim ham taqvodor bo‘lmaydi, taqvosiz olim bo‘ri bilan barobardir. Kimki Allohdan boshqaga qullik qilsa, u bilan itning o‘rtasida farq yo‘q».
Bizga Ahmad ibn Ibrohim Juludiy va boshqalar xabar berdilar. Ularga Abdulloh ibn Lattiy, u kishiga Ja’far ibn Mutavakkil, u kishiga Abul Hasan ibn Allof, u kishiga Hammomiy, u kishiga Ja’far Xuldiy, u kishiga Ibrohim ibn Nasr, u kishiga Ibrohim ibn Bashshor aytib berganlar. U kishi Ibrohim ibn Adhamning: «Fidoyilari bo‘lgan din ulug‘dir. Alloh yo‘lida ilm o‘rgangan kishi uchun o‘zini ko‘z-ko‘z qilgandan ko‘ra, pinhonlik yaxshiroqdir. Allohga qasamki, uyqu bilan o‘tadigan hayotga ishonch yo‘q. Ajalga pesh qilinadigan uzr yo‘q. Shunday ekan, e’tiborsizlik, kamchilik, sustkashlikka ne hojat?! Sermazmun amallarimiz uchun, bardavom tavbamiz uchun, boqiy hayotning mazmunli bo‘lishi uchun foniy hayot tashvishlariga rozi bo‘ldik», – deganlarini eshitganlar.
Ibn Bashshor yuqoridagi sanad bilan shunday deganlar: «Bir kuni Ibrohim bilan birga tunadik. Nonushtaga yeydigan hech vaqomiz yo‘q edi. «Ey Ibn Bashshor, Alloh taolo miskinlar va faqirlarga qanday ne’matlar va rohatlar bergan-a?! Qiyomat kuni ulardan zakot, haj, sadaqa va silai rahm to‘g‘risida so‘ramaydi! G‘am yema, Alloh taoloning O‘zi rizq beradi. Qasamki, biz har jihatdan boymiz. Bizga dunyo rohati berilgan. Allohning toatida ekanmiz, hech narsadan tashvishga tushmaymiz», – dedilar. So‘ngra namozga turdilar. Men ham turib, namoz o‘qiy boshladim.
Bir kishi sakkizta non va anchagina xurmo olib keldi. Ibrohim ibn Adham: «Ey tashvishga tushgan birodarim, ol, ye», – dedilar. Shu payt bir tilanchi kirib keldi. Unga xurmo bilan uchta non berdilar. Menga uchta non berib, ikkita nonni o‘zlari yedilar.
Bir kuni u kishi bilan do‘mpayib ko‘rinib turgan qabrning oldiga keldik. Uning haqqiga duo qildilar va shunday dedilar: «Bu – Humayd ibn Jobirning qabri. U mana shu diyorlarning amiri edi. Bir paytlar mol-dunyo ummoniga sho‘ng‘igan ekan. Keyinchalik Alloh taolo uni bundan xalos qilibdi. Menga xabar berishlaricha, bir kuni Humayd bir narsadan xursand bo‘lib uxlabdi. Tushiga kirgan kishi qo‘lidagi kitobni ochibdi. Unda zarhal harflar bilan: «Foniyni boqiydan ustun qo‘yma, boyligingga mag‘rur bo‘lma. Ular zavol topganda ham, sen borsan. U qo‘lingdan ketgunicha, sening mulking. U yo‘ldan urib, kekkaytirmasa, xursandlik va shodlik. Nekbin bo‘l: ertangga ishonilmagan kuning kun emas. Allohning amriga shoshil, Alloh taolo «Parvardigoringiz tomonidan bo‘lg‘usi mag‘firatga hamda taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan eni osmonlar va Yer barobarida bo‘lgan jannatga shoshilingiz» (Oli Imron surasi, 133-oyat)», degan so‘zlar yozilgan ekan.
Uyqusidan cho‘chib uyg‘onib: «Bu Allohdan menga tanbeh va mav’izadir», – debdi. Mol-mulkdan voz kechib, shu toqqa kelib, vafotiga qadar Allohga ibodat qilibdi».
«Mashhur daholar siyrati» kitobidan
Imom Sufyon ibn Sa’id Savriy rahmatullohi alayh o‘z zamonida hadis rivoyat qiluvchilarning ko‘payib ketganini zikr qilib, shunday degan: “Bir kemada bir nechta boshliq dengizchi bo‘lsa kema g‘arq bo‘ladi!”. Ayni shu gapni hozirgi kunda shariatning nomidan gapirib fatvo berib yurganlarga ham qarata aytsa bo‘ladi. Sahobalar – Alloh ulardan rozi bo‘lsin – Qur’oni karim nozil bo‘lish davriga hamasr bo‘lsalar ham, shariatni Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni shaxsan o‘zlaridan o‘rgangan bo‘lsalarda, shariat nomidan biron gap aytishga shoshilmaganlar. Ulardan biron masala so‘ralsa, xato gapirib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘zlaridan ilmliroq bo‘lganlarga havola qilib yuborardilar. Sahih Muslimda rivoyat qilinadi: Bir kishi Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan masala so‘radi. U esa: “Buni Baro ibn Ozibdan so‘ragin”, dedi. Baro ibn Ozib esa: “Zayd ibn Arqamdan so‘ra”, degan ekan. Abu Muhammad Romahurmuziy “Al-Muhaddis al-fosil” kitobida Abdurrahmon ibn Abu Laylodan quyidagini rivoyat qiladi: “Men ushbu masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirmadan ortiq ansor sahobalar bilan ko‘rishganman. Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini rivoyat qilish mas’uliyatini bilganlari sababli o‘rniga boshqa kishi hadis aytib berishini istar edilar. Shunindek, ulardan birontasidan biron masala so‘ralsa, o‘rniga bu masalada boshqa ilmliroq kishi javob berishini hoxlardilar. Imom Sha’biydan bir kishi: “Agar sizlardan biron savol so‘ralsa qanday javob berardingizlar?”, deb so‘ragan ekan. Sha’biy rohmatullohu alayh: “Agar kimdir bizdan bir savol so‘rasa, biz yonimizdagi shergimizga, sen javob ber, deb havola qilar edik. Shu tariqa savol yana birinchi so‘ralgan kishiga qaytib kelar edi”, deb javob bergan ekanlar.
Agar salafi solihlar ilmni yashirib qo‘yish gunohidan qo‘rqmaganlarida edi, umuman fatvo berishga jur’at ham qilmagan bo‘lar edilar. Bu borada salaf ulamolardan juda ko‘p rivoyatlar bor. Ushbu rivoyatlar fatvo berish mas’uliyatidan naqadar ehtiyotkor bo‘lganlarini yaqqol ko‘rsatib beradi. Ammo bugungi kunda ahvol butunlay boshqacha, odamlar fatvo berishga oshiqadigan, mas’uliyatni o‘ylamay, bir-biri bilan birinchi bo‘lib savolga javob berishga musobaqalashadigan bo‘lib qoldilar. Shuningdek, mazhabsizlikni da’vo qiluvchi guruhlarning har bir mav’iza va nasihat majlisida ham aqida va fiqh masalalarida asossiz fatvolar ko‘p aytiladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda oddiy bir haydovchi ham eng murakkab va chuqur masalalarda odamlarga fatvo berishdan tortinmaydi. “Men katta bobomdan eshitganlarim bor”, yoki “Uyimdagi eski kitoblardan o‘qib olganman”, deb halolni harom, haromni halol qilib qo‘yish holatlari juda ko‘p. Bu kabi shaxsiyatlar o‘qigan kitobidagi ma’lumotlar yoki eshitgan gaplari haqiqatga qanchalik mos, adashish va og‘ishlardan xoli ekani tekshirib o‘tirmaydilar ham. Aslida, bunday masalalarda hatto katta ulamolar ham xato qilib qo‘yishi mumkin, qolaversa, oddiy ustoz ko‘rmagan shaxsiyatlar haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Eng xatarli tomoni shundaki, agar kitoblar ustozlarning nazoratisiz o‘qilsa, turli manbalardan chiqqan fatvolar bir masalada “shariat nomidan” biri halol, biri harom, biri to‘g‘ri, biri noto‘g‘ri, deb chiqarveradi. Bu esa birdam, xotirjam jamiyatning parchalanishiga, odamlarning shariatga nisbatan bee’tibor bo‘lib qolishiga olib keladi. Oqibatda, ummat qalbidan fatvoning hurmati, shariatning ulug‘vorligi va ulamolarning obro‘-e’tibori so‘nib boradi. Har kim o‘zicha fatvo beravirishi sababli odamlar orasida, masjid imomlari va yurt ulamolari haqida “Bularni faqat oylik oladigan paytidagina eshitamiz”, “Bularning barchasi haqni gapira olmaydilar”, degan gaplar keng tarqab qoldi. Aslida bu gaplarni tarqatganlarning maqsadi musulmonlar orasida nizo va fitna urug‘ini sochish, o‘z yurtining ulamolarining gapiga ishonmaydigan holatga olib kelib qo‘yishdir. Natijada musulmonlar birodar bo‘lib yelkadosh turish o‘rniga, o‘zaro janjallashib, bir-birini yomonlab, dushmanlashib ketadilar.
21 asr ijtimoiy tarmoq asri deb aytamiz. Musulmonlar diniy masalalarda javob olish uchun ijtimoiy tarmoqqa murojat qilishlari tabiiy. Hechkim, buni inkor ham qilolmaydi, qolaversa bu ishni man qilib qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan ish. Lekin, aziz xalqimiz bilishi lozim bo‘lgan narsa shuki, ijtimoiy tarmoqlardan beriladigan aksar fatvo va savollarga javoblar O‘rta Osiyoda amalda bo‘lib turgan hanafiy mazhabiga tamoman zid bo‘ladi. Bu fatvolarda keltirilayotgan hadislar va shunga o‘xshash siz nomini birinchi marotaba eshitayotgan kitoblardan keltirilgan naqllar sizni aldab qo‘ymasin. Aslida esa bu fikr na biror sahobadan, na biror tobeindan, na salaf ulamolaridan hech biridan rivoyat qilinmagan bo‘ladi.
Ibn Umar raziyallohu anhuning fatvosi, hazrati Ali roziyallohu anhuning qozi sifatida chiqargan hukmi, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqllar, Abu Zarr roziyallohu anhuning amali va Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning tutgan yo‘li ishonchli rivoyatlar bilan bizgacha yetib kelgan. Qolaversa, bularning barchasi sahobalar orasida e’tirozsiz qabul qilingan. Demak, sahobalarning barchasi ham o‘zlaricha ijtihod qilmaganlar, balki ichlaridagi eng ilmli kishilarga ergashganlar. Shuningdek, tobeinlar va ulardan keyingi avlod fuqaholarining ijmosi ham bor. Bu ijmo’ ularning fatvolari asosida tuzilgan manbalarda ochiq ko‘rinadi. Bu kabi manbalar sifatidan Abdurrazzoq, Vaki’ning va Ibn Abu Shaybaning “Musannaf”lari, Said ibn Mansurning, Bayhaqiyning “Sunan”lari, Ibn Abdulbarrning “Tamhid”i va “Istizkor”i kabi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Bularning barchasi ushbu masalada sohta salafiy va bemazhablar tomonidan aytilgan shoz, ya’ni barchaga xilof gaplarni mutlaqo inkor qiladi. Bunday masala haqida ilm ahli bo‘lgan inson, yuqorida zikr etilgan manbalarga o‘xshash kitoblarni ko‘rmasdan turib, gapirishga haqli emas. Sahobalar va tobeinlarga nisbat beriladigan fikrlarning manbai aynan shu kabi kitoblardir. Kimki bu asarlarni ko‘rmasdan turib, biror fikrni sahoba yoki tobeinlarga nisbat bersa, u ilm ahli oldida uyatli holatga tushadi va ularning nazarida qadri tushadi. Bu esa qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini tushunish qiyin emas.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biron masalada fikr bildirishdan ehtiyot bo‘ling. Unutmang ilm ota-bobolardan meros bo‘lib qolmaydi. Ilm kitoblardan, ustozlardan o‘rganiladi. Demak, yetti ajdodingiz ulamolar katta eshon bobolar bo‘lsa ham sizda biron masalada shariat nomidan gapirishga haqqingiz yo‘q. Qolaversa, oxiratining g‘ami bo‘lgan musulmon odam fatvo berishdan juda ehtiyot bo‘lishi kerak. Zero, xato aytilgan bir fatvoning oqibati jahannam bo‘lishi hech gap emas. Gapimizini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqlni keltirib tugatamiz. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Sizlar orasida fatvo berishga eng jur’atli bo‘lganingiz — do‘zaxga kirishga ham eng jur’atli bo‘lganingizdir”. (Dorimiy rivoyati).
Mahmudjon Muxtorov
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi