Bir bola avto halokat sabab ko‘zi ojiz bo‘lib qoldi. U shifoxonadan uyiga qaytarkan, to‘satdan ostanada yiqilib tushdi. Shu payt ona o‘g‘liga nasihat qildi:
– Bolam, shifokorlar hech nima qila olmasliklarini aytishdi. Shunday ekan, yashash uchun kurashishimiz kerak.
O‘g‘il:
– Ha, onajon, bilaman, – deya ko‘ziga yosh oldi u.
Ona:
– O‘g‘lim, yig‘lashni bas qil. Yolg‘iz qolsang, senga hech kim mehribonlik qilmaydi. Shuning uchun ko‘z yoshingni art.
O‘g‘il:
– Xo‘p, onajon!
Ona:
– Men senga faqat bir marta xato qilsang, yordam beraman. Qolganiga o‘zing harakat qilishing kerak. Qani tur o‘rningdan. Yodingda tut. Seni qo‘zing ojiz bo‘lishi mumkin, ammo nodon emassan. Bu xonada nimalar borligi esingdami?
O‘g‘il:
– Ha.
Ona:
– Unday bo‘lsa, aqlingni ishlat. Butun borliqqa diqqatli bo‘l va qo‘llaringni ishga sol. Ona o‘g‘lini qo‘llaridan tutib uy tomonga yuzini qaratdi.
So‘ngra:
– Qo‘llaringni cho‘z va u sening ko‘zlaring ekanini tasavvur qilgin, – dedi. O‘g‘il xonani paypaslab, yana yiqilib tushdi va “Voy, onajon, qayerdasiz, menga yordam bering”, deya baqirdi.
Ona bir chetda o‘g‘lini ko‘zlarida yosh bilan kuzatardi. O‘g‘il ancha vaqt o‘ziga kelmay, ko‘z yosh to‘kdi. Ona ham bir chetda uni kuzatganicha fig‘on chekdi. Shunda o‘g‘il yon-atrofdagi ovozlarga e’tibor qarata boshladi. Tashqaridan kelayotgan mashinalar, qaynab turgan choynak va yig‘lab turgan onasining ovozini eshitib, o‘rnidan turib, onasi tomon kela boshladi. Ona o‘g‘lini qattiq bag‘riga bosdi.
O‘g‘il:
– Onajon, nega yig‘layapsiz?
Ona:
– Baxtiyorligimdan, chunki sen mustaqil bo‘la boshlading. – deya javob berdi.
Azizim, bizning-chi? Ko‘zimiz ko‘ryapti, oyog‘imiz yuryapti, qo‘llarimiz ishlab turibdi. Alhamdulillah, behisob ne’matlar ichidamiz. Biroq qanchadan-qancha odamlar bu dunyoni ko‘rishga, ovozlarni eshitishga, bir bor bo‘lsa-da o‘z oyog‘i bilan yurishga orzumand. Shunday ekan, ALLOH tomonidan bizga berilgan ne’matlarga shukr qiling. Ularni qadriga yeting.
Akbarshoh RASULOV
Buxoroda yangi Islomiy ilmiy-tadqiqot markazi – Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi!
2025 yil 21 apreldagi Muhtaram Prezidentimizning Farmoniga asosan tashkil etilgan mazkur Markaz Adliya vazirligi tomonidan rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Yangi Markaz islom dinining buyuk arbobi, Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband hazratlari ziyoratgohi hududida joylashgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Bugungi kunda Naqshbandiya tariqati dunyoda eng ko‘p yoyilgan tariqatlardan biri bo‘lib, millionlab mo‘min-musulmonlar tomonidan amal qilinadi. Shu bois, Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga har yili minglab ziyoratchilar tashrif buyuradi.
Markaz direktori etib "Chor Bakr" masjidi imom-xatibi, Islomshunoslik fanlari bo‘yicha PhD, dots.nt Azizxo‘ja Xayrulloyevich Inoyatov tayinlandi.
Alloh taolo bu Markazni yangi O‘zbekistonimiz uchun muborak qilsin! Ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy merosini o‘rganish va tarqatishda bu Markazga barakotlar ato etsin!