Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramatdin domla Razov boshchiligida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimlari, qozi o‘rinbosari Djolaushiyev, Nukus shahri bosh imomi Nabatov, Shumanay tumani bosh imomi Amedov, Qanliko‘l tumani bosh imomi Naimov va Qo‘ng‘irot tumani hojilaridan iborat guruh tuzilib, Qo‘ng‘irot tumanidagi "Hakim Sulaymon" va "Mulla Is'hoq" masjidlarining faoliyatini o‘rganish, imom-xatiblar bilan tajriba almashish, ularga ko‘rsatmalar berish maqsadida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda masjid joylashgan mahallalarda yashovchi muammoli, ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olish, ularga moddiy va amaliy yordamlar berish ham belgilangan.
Tadbirdan so‘ng "Hokim Sulaymon" masjidining yangi qurib bitkazilgan tahoratxonasidagi sharoitlar bilan tanishdi va qurilish ishlarida yaqindan yordam bergan quruvchilarga qozi domla Bahramatdin domla qozilik nomidan tashakkur bildirdi.
Ishchi guruh a’zolari tumandagi "San’at, Adabiyot, Navoiy, Qiyot, Temir yo‘l, Qumbuz, Oltin ko‘l" mahallalaridagi jami 13 ta oilaning yashash sharoitlaridan xabardor bo‘ldi, oila a’zolari bilan suhbatlashib, moddiy yordamlar berdi.
Bosh imomlar tumandagi masjidlarda amalga oshirilgan tozalash, obodonlashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, masjidlarda ish yuritish hujjatlarining qonun talablariga muvofiqligini ko‘zdan kechirdi, kamchiliklarni to‘ldirish uchun ko‘rsatmalar berdi.
Bahramatdin domla Razov markaziy "Hakim Sulaymon" masjidida, Nukus shahri bosh imomi Nabatov "Mulla Is'hoq" masjidida peshin namozida "Masjid odobi", "Tinchlik va xotirjamlik", "Millatlararo totuvlik" mavzularida ma’ruza qildi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti Matbuot xizmati
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida "Xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishning dolzarb masalalari" mavzusida malaka oshirish o‘quv kurslari boshlandi.
Mazkur o‘quvlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Din ishlari boyicha qo‘mita hamkorligida tashkil etilmoqda.
Seminarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Qo‘mita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi maslahatchisi Dilbar G‘ulomova, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishdan maqsad Qo‘mita faoliyatini rivojlantirish, tizimda ishni to‘g‘ri va samarali tashkil etish, joylarda xotin-qizlar sohasidagi muammolarni yechish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tayinlangan mas’ul xodimlarning ko‘nikma va malakalarini oshirish maqsadi ko‘zlangan.
So‘zga chiqqanlar tomonidan xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kuchaygani, bu esa jamiyatimiz rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsata boshlagani, bundan buyon ham mazkur jarayon izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, malaka oshirish o‘quv kurslari 27 yanvargacha davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati