Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramatdin domla Razov boshchiligida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimlari, qozi o‘rinbosari Djolaushiyev, Nukus shahri bosh imomi Nabatov, Shumanay tumani bosh imomi Amedov, Qanliko‘l tumani bosh imomi Naimov va Qo‘ng‘irot tumani hojilaridan iborat guruh tuzilib, Qo‘ng‘irot tumanidagi "Hakim Sulaymon" va "Mulla Is'hoq" masjidlarining faoliyatini o‘rganish, imom-xatiblar bilan tajriba almashish, ularga ko‘rsatmalar berish maqsadida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda masjid joylashgan mahallalarda yashovchi muammoli, ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olish, ularga moddiy va amaliy yordamlar berish ham belgilangan.
Tadbirdan so‘ng "Hokim Sulaymon" masjidining yangi qurib bitkazilgan tahoratxonasidagi sharoitlar bilan tanishdi va qurilish ishlarida yaqindan yordam bergan quruvchilarga qozi domla Bahramatdin domla qozilik nomidan tashakkur bildirdi.
Ishchi guruh a’zolari tumandagi "San’at, Adabiyot, Navoiy, Qiyot, Temir yo‘l, Qumbuz, Oltin ko‘l" mahallalaridagi jami 13 ta oilaning yashash sharoitlaridan xabardor bo‘ldi, oila a’zolari bilan suhbatlashib, moddiy yordamlar berdi.
Bosh imomlar tumandagi masjidlarda amalga oshirilgan tozalash, obodonlashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, masjidlarda ish yuritish hujjatlarining qonun talablariga muvofiqligini ko‘zdan kechirdi, kamchiliklarni to‘ldirish uchun ko‘rsatmalar berdi.
Bahramatdin domla Razov markaziy "Hakim Sulaymon" masjidida, Nukus shahri bosh imomi Nabatov "Mulla Is'hoq" masjidida peshin namozida "Masjid odobi", "Tinchlik va xotirjamlik", "Millatlararo totuvlik" mavzularida ma’ruza qildi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti Matbuot xizmati
Mamlakatimiz rahbariyati tashabbusi bilan xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz holidan xabar olish, ular bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida bir guruh taniqli ulamolar va imom-xatiblar xizmat safariga yo‘l olgan edi.
Ayni paytda Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib turgan Shahrisabz shahridagi “Hazrati Imom” masjidi imom-xatibi Akmal qori Nizomov vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Jumladan, Mokpo shahrida mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar bilan samimiy muloqotlar tashkil etildi.
Uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — vatandoshlarimizga muborak Ramazon oyini ko‘tarinki ruhda, ibodat va ezgu amallarga boy tarzda o‘tkazishlariga ko‘maklashish, ularning diniy savodxonligini yanada oshirishdan iborat.
Suhbatlar davomida ro‘za tutishning fazilatlari, tarovih namozining ahamiyati, sabr-qanoat, ahillik va o‘zaro hurmat masalalari atroflicha yoritildi. Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar xorijdagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning yuksak ma’naviy ruhini mustahkamlash va Vatan bilan bog‘liqlik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati