Qoraqalpog‘istonlik hojilar va imom-xatiblar homiylar ko‘magida joylardagi ijtimoiy ko‘makga muhtoj oilalarga moddiy va amaliy yordamlar ko‘rsatib kelmoqda.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti va «Vaqf» fondi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan homiylar ko‘magida Nukus shahridagi «Jiydeli baysin» mahalla fuqarolari yig‘inida yashovchi, o‘zgalar yordamiga muhtoj, boquvchisidan ayrilgan oilalarni moddiy tarafdan ta’minlash maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, farzandlari uchun issiq kiyimlar berdi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramatdin domla Razov sabr qilish, yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish mavzusida oila a’zolari bilan suhbatlashdi.
Shuningdek, Nukus shahri «Salmon eshon» masjidi imom-xatibi Nabatov, Chimboy tumani «Yusuf ota» masjidi imom-xatibi Qarajanov, Qo‘ng‘irot tumani «Xakim Sulaymon» masjidi imom-xatibi Umarov, Amudaryo tumani «Nog‘ay eshon» masjidi imom-xatibi Qurbaniyazovlar ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olib, ularga oziq-ovqat mahsulotlarini berdi. Qo‘ng‘irot tumani «Mulla Is'haq» masjidi imom-xatibi Zinullayev homiylar ko‘magida kam ta’minlangan oila uyiga shifer qoqtirib berdi.
Moddiy va amaliy yordamlar ko‘rsatilgan oila a’zolari bunday homiylik tadbir tashkilotchilariga o‘zlarining samimiy tashakkurlarini bildirdi.
Begis Abbazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi
Kecha, 9 noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi o‘rtasida “Haj – 2026” mavsumini namunali tashkil etish yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, attashe Shuhrat Amoniy hamda Haj va umra vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia, Saudiya elchisi Yusuf al-Utaybiy kelgusi haj mavsumini yuqori darajada tashkil etishni muhokama qilishdi.
Uchrashuv avvalida muhtaram Prezidentimiz hamda Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar salmoqli natija berayotgani, delegatsiyalar almashinuvi ko‘paygani va hojilarga eng yuqori darajadagi xizmatlar ko‘rsatilayotgani alohida qayd etildi.
Muzokaralar chog‘ida yangi mavsumda hojilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilgan yangi tartib-qoidalar to‘g‘risida fikr-mulohaza almashildi. Jumladan, tibbiy talablarga qat’iy rioya etish, hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish, shartnoma bandlarini bajarish va haj mavsumida nizom talablariga amal qilishga urg‘u qaratildi.
Haj vaziri davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmiy-tadqiqot, bunyodkorlik ishlari, haj va umra yo‘nalishidagi yangilanishlar va ziyoratchilarimiz tartib-intizomini yuqori baholadi. Shuningdek, u O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi va Samarqandagi Imom Buxoriy majmuasining tantanali ochilish marosimlarida ishtirok etish niyatini bildirdi.
Uchrashuvda ziyorat turizmini rivojlantirish, o‘lkamizning qadimiy shaharlariga sayohatlar uyushtirish, ilm-fan, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida hamkorlik qilish kabilarga ham to‘xtalindi.
Muloqot yakunida tomonlar qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishish barobarida o‘zaro esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati