Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Imkoniyati cheklanganlarga islomda tanglik yo‘q

20.12.2024   1819   6 min.
Imkoniyati cheklanganlarga islomda tanglik yo‘q

Guvohi bo‘lmoqdamizki, yurtimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarga hayotda teng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish borasida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bugunga kelib mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishda boshqa barcha fuqarolar bilan teng imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlash, ularning turmush faoliyatidagi cheklashlarni bartaraf etish, ularni to‘laqonli hayot kechirishlariga, jamiyatning iqtisodiy va siyosiy turmushida faol qatnashishlariga keng imkoniyat yaratib berilmoqda. Bu ezgu ishlar zamirida xalqimizga xos yuksak insoniy fazilatlar mujassamdir.

Shu o‘rinda hazrat Alisher Navoiyning:

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay, — deya aytilgan so‘zlarini eslashning o‘zi maqsad ezgulik bo‘lsa, ortidan ulug‘ ajr ham namoyon bo‘lishiga ishora bergandek.

E’tiborlisi, islom dinida jismonan zaif, ko‘makka muhtoj kishilarga mehr ko‘rsatish lozimligi ta’kidlanadi. G‘amxo‘rlikka muhtoj kishilarni doimo hurmat qilish, ularga yordam ko‘rsatish buyuriladi. Qur’oni Karimda bir necha o‘rinlarda ularga mushkullarini yengillatish, qulaylik yaratish haqidagi oyatlar nozil bo‘lgan. Alloh taolo aytadi: “Zaifhollarga, bemorlarga va sarf xarajat qiladigan narsa topa olmayotganlarga, agar Allohga va Rasuliga ixlosli bo‘lsalar, nasihat qilsalar, gunoh yo‘q. Yaxshilik qiluvchilarni ayblashga yo‘l yo‘q. Alloh mag‘firatlidir, rahmlidir”. («Tavba» surasi, 91-oyat). Ya’ni, agar zaifhollar va bemorlar sog‘lom birodarlari bilan birgalikda jang qilolmasalar, hech qanday mashaqqat yo‘qdir.

Shuningdek, «Nur» surasining 61-oyatida aytiladiki: «Ko‘zi ojizga tanglik yo‘q. Cho‘loqqa ham tanglik yo‘q. Bemorga ham tanglik yo‘q». Ya’ni, yaqin qarindoshlar uylarida yeb-ichish masalasida tanglik, noqulaylik yo‘q.

«Fath» surasining 17-oyatida esa shunday deyiladi: “Ko‘zi ojizga tanglik yo‘q, cho‘loqqa ham tanglik yo‘q. Xastaga ham tanglik yo‘q. Kim Allohga va uning Rasuliga itoat qilsa, uni ostilaridan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritar. Kim yuz o‘girsa, alamli azob bilan azoblar”.

Hadisi shariflarda esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam ko‘p o‘rinlarda ehtiyojmand kishilarga yordamlashish, bemorlarni ziyorat qilishga targ‘ib qilganlar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Kim bir bemorni ko‘rgani borsa, to qaytgunicha jannatning xurfasida bo‘lur», dedilar. «Yo Allohning Rasuli, jannatning xurfasi nedir?» deyilgan edi. U zot: «Bog‘idir», dedilar (Imom Muslim rivoyati). Kishi bemor birodarini ziyorat qilib, uni ko‘nglini ko‘tarishi, jannat bog‘ida sayr etgani kabidir.

Jismida bemorligi bor kishilar ichida eng ko‘p yordamga muhtojroq kishi ko‘zi ojizlardir. Muhaddis ulamolar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ularga qanchalik e’tibor qilganliklarini ko‘rsatib, kitoblarida quyidagi hadislarni keltirganlar. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayh va sallam aytadilar: «Kim bir ko‘zi ojizni qirq qadam yetaklasa, unga jannat vojib bo‘ladi», dedilar.

Yana bir shunday hadis bor:    Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim ko‘zi ojiz kishini qirq ziro’ yetaklasa, unga bir qulni ozod qilgandek ajr bo‘ladi». 

Yana bir rivoyatda esa shunday marhamat qilinadi: Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim ko‘zi ojiz kishini xavfsiz joyiga yetkazib qo‘ysa, Alloh uni qirqta gunohini va jahannamni vojib qiluvchi to‘rtta gunohi kabirasini mag‘firat qiradi».

Bu hadislardan ko‘zi ojiz kishiga yordamlashish va uni yetaklab manziliga olib borib qo‘yish nechog‘lik ulkan ajrga sabab bo‘lishi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.

Qur’oni Karim va hadisi sharifni dastur bilgan salafi solihlar nogironligi bor kishilarga alohida g‘amxo‘rlik qilib, o‘zlaridan keyingilarga munosib namuna ko‘rsatganlar. Masalan, Umar ibn Abdulaziz musulmonlar diyorida qiyin ahvoldagi kishilar adadini hisoblab chiqishga buyurib, har bir nogironligi bor kishilarga parvarishlovchi va tabiblarni biriktirganlar.

Imom Abu Hanifa rahimahulloh g‘amxo‘rlikka muhtoj kishilar uchun baytulmoldan nafaqa va mas’ul tayinlashni joriy qilish lozimligini ta’kidlaganlar. Hijriy 88 yilda Xalifa Valid ibn Abdulmalik moxov kasaliga chalinganlar uchun birinchi kasalxonani qurdirgan va har bir nogiron bemor uchun maxsus xizmatchi, ko‘zi ojizlarga yetaklovchi tayinlagan.

Valid Is'hoq ibn Qobisa Xuzo’iyni Damashqdagi surunkali kasalliklar devoniga bosh qilib tayinlayotganda: «Albatta, surunkali kasallikka chalingan kishini sog‘lom ahliga qoldirishim yaxshiroq», degan va ularni ahli bilan birga bemalol davolanishi uchun sharoit hozirlab bergan. U yerda kasallarga moddiy nafaqalar tayinlanib, doim holidan xabar olib turilgan.

Umaviylar aqli zaif, ruhiy kasallar uchun maxsus shifoxona qurdirganlar. Xalifa Ma’mun Bog‘dod va katta shaharlarda ko‘zi ojizlar va qiynalgan ayollar uchun boshpana, Sulton Qolovun nogironligi bor kishilarni parvarishlash uchun kasalxona barpo qilgan.

Ko‘rinib turibdiki, dinimizda jismida nogironligi bor kishilarga ko‘maklashish ulug‘ ish hisoblanadi. Demak, kimning uyida yoki atrofida shunday  bemorlar bo‘lsa, ularning xizmatini qilib, duosini olish va hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish lozim. Zero, bunday go‘zal amal jamiyatdagi barchani bir-biri bilan bog‘lashga, o‘zaro mehr-muhabbatni uyg‘otishga va ulkan ajr savoblarni hosil qilishga sabab bo‘ladi.

Xulosa sifatida aytishimiz lozimki, mehr-muruvvatli va bag‘rikeng xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida e’zozlab keladi. Ana shunday ezgu an’analarimizni bugungi zamon talablari asosida rivojlantirish maqsadida mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilayotgani yanada quvonarli holdir.

 

Musoxon ABBASIDDINOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakili,

viloyat bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir

23.12.2024   392   3 min.
Farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

أَلْعِلْمُ فِى الصِّغَرِ كَالنَّقْشِ فِى الْحَجَرِ

Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir.

Ilm olish uchun eng afzal davr bu insonning yoshlik chog‘idir. Chunki yoshlikda bolaning xotirasi kuchli bo‘ladi. Bu vaqtda olingan ilm bola xotirasida uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Shuningdek, yoshlikda har xil tashvish va yumushlardan uzoq bo‘lgan bolaning fikri faqat o‘qishda bo‘lib, natijada u ilmni yaxshi o‘zlashtiradi. Katta bo‘lib, ishlari ko‘paygach, fikri bo‘linadi yoki ilm olishga vaqt ajratolmay qoladi.

Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda ham o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuraveradilar. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida bola taxminan 3-4 yoshlarida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.

So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Mashhur alloma bobomiz Abu Ali ibn Sino 4 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim, tabib darajasiga ko‘tarilgan. Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarni egallashlari uchun qulay sharoitlarni ta’minlab berishlari lozim.

 

مَنْ لَمْ يَتَعَلَّمْ صَغِيرًا لَمْ يَتَقَدَّمْ كَبِيرًا

Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi.

Ushbu maqolni ikki xil ma’noda tushunish mumkin:

1. Kim yoshlik chog‘ini g‘animat bilib, ilm egallamasa, katta bo‘lganida bunga iloj topa olmaydi. Kishining yoshi keksaygan sari uning xotirasi pasayishi ham bor haqiqat.

2. Kim yoshligida ilm olmasa, katta bo‘lganida biron pog‘onaga ko‘tarila olmaydi, insonlar orasida ham eng keyingi o‘rinda turadi, chunki uning ilm-ma’rifati yo‘q. Ilm insonni yuksaltiradi va ravnaq topishiga yordam beradi. (Lekin, o‘rni kelganida shuni ham aytib qo‘yish lozimki, ilm faqat biron martabaga erishish uchungina o‘rganilmaydi).

 

يُطَيَّبُ القَلْبُ لِلْعِلْمِ كَمَا تُطَيَّبُ الأَرْضُ لِلزِّرَاعَةِ

Yer ekin ekish uchun tozalangani kabi qalb ham ilm uchun tozalanadi.

Ilmning makoni qalbdir. Ma’lumki, ilm ezgulik va nurdir. Kishi ilmni puxta egallash uchun qalbini turli xil ma’naviy illatlar, jumladan kibr, hasad, gina, kudurat, g‘iybat va shu kabilardan tozalashi lozim. Ushbu kamchiliklar bor qalbga ilm yaxshi o‘rnashmaydi, tezda unutiladi yoki biron manfaat keltirmaydi. Shuning uchun ilm olishga kirishayotgan kishi birinchi navbatda qalbini tozalashi, so‘ngra yaxshi niyat bilan ilm tahsliga o‘tishi kerak.

Bola yoshligida xotirasi kuchli, qalbi toza va beg‘ubor bo‘ladi. Bunday paytda olingan ilm har taraflama pishiq va mustahkam bo‘ladi. Demak, ota-onalar bu borada mas’uliyatliroq bo‘lsalar, farzandlarining kamolga yetib, olim bo‘lib, dini va yurtiga foydasiga tegadigan chin inson bo‘lishida hissa qo‘shgan bo‘ladilar.

 

Odilxon qori Ismoilov

 

Maqolalar