Cavol: Otam bilan Madinai munavvarada umra uchun ehromga kirib, Makkaga yo‘lga tushdik. Lekin yo‘lda havo sovub ketib, otam do‘ppi, kurtka va paypoq kiyib olishga majbur bo‘ldilar. Bu hol Makkaga yetib borgunimizcha davom etdi va ehromda umra qilib oldik. Savolim shuki, otam kiygan kiyimlarining har biri uchun alohida kafforat berilishi lozim bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Erkak kishi haj yoki umraga ehrom bog‘laganda zarurat sababli bir nechta tikilgan kiyimni bir kunduz yoki bir kecha (yoki jami 12 soat)dan kam muddat kiyib yursa bitta sadaqa – yarim so’ (2 kg atrofida) bug‘doy yoki uning qiymatini haram chegarasida faqirlarga sadaqa qilishi kifoya qiladi.
Agar bir kunduz yo kecha (12 soat)dan ko‘p muddat kiyib yurgan bo‘lsa, haram chegarasi ichida bitta jonliq so‘yishi yetarli. Kiyimlar bir nechta bo‘lishi bilan sadaqa yoki so‘yiladigan jonliqlar soni ko‘paymaydi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, erkak kishi ehromdalik holida sovqotib qolsa, tikilgan kiyim kiyib olmasdan, adyolga o‘xshash biror yopinchiq o‘ranib olish yoki keng kiyimni yengiga qo‘llarini kiritmasdan, yelkasidan tashlab olish ham mumkin. Buni kiyim kiyish deb hisoblanmagani uchun jinoyat sanalmaydi va kafforot ham lozim bo‘lmaydi (“Kamolud diroya” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Biz aytayotgan aqida faqat ash’ariy yo moturidiyniki emas, balki bu butun ummatning aqidasidir. Bu aqidaga til uzatayotganlar aslida ahli sunna val jamoaning aqidasini ayblashayotgan bo‘ladi. Ahli sunnaning hujjatlari oldida ne-ne bid’at toifalarning bo‘yni egilmagan deysiz. Zindiq va faylasuflardan tortib, Mo‘tazila, Botiniyalar ham bir bosh ko‘targanday bo‘lishdiyu, baribir oxirida yo‘q bo‘lib ketishdi. Zotan, Alloh bu ummatni zalolat jarligidan qutqargan edi, biron adashgan toifa unga nish suqa olmagan.
Bu ummat shuncha asrlardan beri o‘z aqidasi bid’at ekanini, salaflarga va sunnatga xilof ekanini anglamay yurishi yo haqdan adashgan holda gandraklab yurishiyu, keyin “buyuk” salafiylar kelib hammani hidoyatga chaqirib qo‘yishi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Ma’sum zot Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu ummat shirkka qaytmasligini aytish bilan bir qatorda zalolat, jaholatda ham jam bo‘lmasligini aytganlar. Ammo salafiylarning da’vosiga ko‘ra ummat adashib kelayotgan emish.
Bizga ta’na qilayotgan bu kabi odamlar ilmoniylardan ko‘p ham farq qilmaydi. Mana ko‘ring, ilmoniylar malomat qilib, naqliy dalillarga qotib qolishgan, aqlni birinchi o‘ringa qo‘yishmaydi, aqlga katta o‘rin ajratgan faylasuflarni siquvga olishgan, deb bizni ayblashadi. Aqlni naqldan ustun qo‘yishgani uchun mo‘tazilani kuch berib olqishlashadi.
Ilmoniylar buni g‘arblik mustashriqlardan o‘rganishgan. Bu buzuq fikrni avval mustashriqlar ekkan, so‘ngra ilmoniylar parvarishlab sug‘orishgan. Ilmoniylar fuqaholarimizga va to‘rt mazhabga tosh otishi tabiiy hodisa. Ammo hozirgi kundagi ko‘p salafiylar ash’ariy-moturidiylarga til uzatishda ilmoniylardan ham oshib tushishdi.
Ey salafiylikni da’vo qilib chiqayotgan odamlar! Bu ummatni zalolat va bid’atda ayblab o‘zinglar ham ilmoniylarning manhajida yurayotgan bo‘lsangiz, ularga fikriy raddiyalar berib nima qilasizlar? Ulardan avval o‘zingizga adovat qiling. Malomat aslida ulardan ko‘ra sizlarga munosib. Zero, ular sizlarning yo‘lingizdan yurishgan. O‘zingizni odamlarga olim ko‘rsatib, ulamolar, buyuk imomlarni johilga chiqarib qo‘ygan siz emasmi? Kitoblaringizda “ahli sunnaga xilof keladigan zalolat va bid’at toifalar mo‘tazila, jahmiya, rofizalar...” deb, ketidan “jumladan, ash’ariylar (yo moturidiylar) ham” deb yozib qo‘yganlar ham ayni siz edingiz. Doim tortishib yuradiganingiz, zalolat va kufrda ayblaydiganingiz ilmoniylardan sizlarning qanchalik farqingiz qolyapti?
Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi, islomiy ilmlar kulliyasi doktori
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi