Sayt test holatida ishlamoqda!
27 May, 2025   |   29 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:55
Peshin
12:25
Asr
17:31
Shom
19:49
Xufton
21:23
Bismillah
27 May, 2025, 29 Zulqa`da, 1446

"Imom Abdulaziz Shamsul aimma Halvoiy" yodgorlik majmuasi ochildi

26.12.2024   7214   4 min.

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida imom Abdulaziz «Shamsul aimma Halvoiy» yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Majmuaning ochilish marosimida samarqandlik taniqli olimlar, din namoyandalari, ziyolilar va nuroniylar ishtirok etdi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat bo‘limi rahbari o‘rinbosari Xayrullo Sattorov, manbashunos olim Komilxon Kattayev so‘zga chiqib, imom Shamsul aimma hazratlarining hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbirda ushbu muborak maskanni obod qilishda o‘z hissasini qo‘shgan barcha fidoyilar, usta-quruvchilar, ma’rifatli tadbirkorlarga mahalla ahli nomidan minnatdorlik bildirildi.

«Shamsul aimma» unvoni bilan shuhrat topgan Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Halvoiy yetuk faqihlarimizdan biridir. Abu Sa’d Sam’oniy qalamiga mansub «Nasabnoma» kitobining buxorolik olimlar qismida yozilishicha, Halvoiyning otasi halvo pishirib, sotib tirikchilik qilib yurgani uchun u kishiga ota kasbi bilan nisbat berilgan.

Halvoiyning tug‘ilishi bilan bog‘liq ma’lumot biror-bir manbada kelmagani bois tug‘ilish sanasi hozircha ma’lum emas. Ota tomonidan ajdodlar silsilasi Payg‘ambarimizning jiyanlari va kuyovlari Ali ibn Abu Tolibga bog‘lanadi.

Abdulhay Laknaviyning «Favoid al-bahiyya fit-tarojima al-hanafiyya» kitobida qayd etilishicha, iroqlik ko‘pgina faqihlar unvon tanlashda kasb-hunar, qabila yoki biror joy nomiga nisbat berish bilan «Jassos» (suvoqchi), «Quduriy» (qozonchi) kabi soddagina taxalluslar olishgan.

Qoraxoniylar poytaxtini O‘zgandan Samarqandga ko‘chirgach, Halvoiy Keshga surgun qilinadi. U kishi qolgan umrini shu yerda o‘tkazadi. Abdulaziz Halvoiy taxminan 1058 yili Keshda vafot etadi. U kishining jasadi Buxoroga olib kelinib dafn qilinadi. «Men u zotning qabrlarini ziyorat qildim», deydi «Nasabnoma» asari muallifi Abu Sa’d Sam’oniy.

Chor Rusiyasi davrida Kalobod mozori buzilib, o‘rni uy-joy uchun yer maydoni sifatida ajratib berilgan. Halvoiyning qabri ham yangi bunyod etilgan uylar ichida qolgani sababli 2004 yili turbati Buxoro shahrining Samarqand ko‘chasidagi «Shoh Axsi» yodgorligiga ko‘chirildi. Shu joyda u zotning shogirdlaridan biri Bakr Zaranjariyning qabri ham bor.

Halvoiyning «Shamsul aimma» deb ulug‘lanadigan ulamo darajasiga yetishida ustozlarining xizmatlari katta bo‘lgan. Abdulhay Laknaviy Abdulaziz Halvoiyning fiqh ilmidan ustozlari silsilasi Abu Hanifaga borib yetishi haqida ma’lumot beradi. Halvoiydan Saraxsiy (1010–1093), Abul Usr Pazdaviy (1010–1089), Abul Yusr Pazdaviy (1030–1099), Bakr ibn Muhammad Zaranjariy (1035–1118) kabilar saboq olib, zamonasining yetuk faqih olimlari bo‘lib yetishishgan.

Hozirgacha olimning biror bir kitobi qo‘lyozma yoki toshbosma shaklida topilmagan bo‘lsa-da, u kishi qalamiga mansub asarlarning nomi bizga ma’lum. Abu Sa’d Sam’oniyning «Nasabnoma», Hoji Xalifa Chalabining «Kashfuz Zunun», Hofiz Abdul Qodir Qurayshiyning «al-Javohir al-Muziyya fit-tabaqot al-hanafiyya», Shamsuddin Zahabiyning «Siyaru a’lom an-nubalo» kitoblarida Halvoiyning asarlari haqida ma’lumotlar berilgan. U kishi «al-Mabsut», «an-Navodir», «Favoid», «Sharh al-adab al-Qodili Abi Yusuf», «Sharh al-adab al-Qodi lil-Xassof» kabi kitoblar yozgan.

Hanafiy mazhabi ulamolari mazhab faqihlarini salohiyati, ilmiy layoqatiga qarab yetti tabaqaga ajratadilar. Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Muxtasar al-viqoya»ga sharh sifatida yozgan «Kifoya» nomli kitobida Xassof, Tahoviylar bilan bir qatorda Halvoiy, Saraxsiy, Pazdaviy va Qozixonlarni uchinchi tabaqa vakillari sirasida zikr qiladi. Ushbu tabaqa vakillari mazhab sohibidan rivoyat qilinmagan masalalarda ijtihod qiladigan mujtahid faqihlar bo‘lishgan.

Allomaning fatvolari ko‘plab mo‘tabar kitoblarda, xususan, «Fatavoi Olamgiriya», «Fatavoi Qozixon», «Muhiti Saraxsiy», «Kofiy», «Zaxira» va «Jomi’ al-maboniy lil-masaili sharhi fiqhi Kaydoniy» kabi asarlarda keltirilgan.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Samarqand Islom dunyosining madaniyat poytaxtiga aylanadi

27.05.2025   3660   1 min.
Samarqand Islom dunyosining madaniyat poytaxtiga aylanadi

Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim bin Muhammad Al-Malik O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Bu haqda “Al-Arabiya” nashri yozgan.


Muloqot davomida kengayib borayotgan hamkorlik holati yuzasidan atroflicha fikr almashilgan. ICESCO tomonidan amalga oshirilayotgan istiqbolli tashabbuslar, jumladan 2025 yil Samarqand shahri Islom dunyosining madaniyat poytaxti sifatida nishonlanishi ta’kidlandi.


“Islom olami madaniy merosi: xattotlik, musiqa, she’riyat va hamjihatlik” mavzusidagi  anjumanda yuqori darajadagi rasmiylar, jumladan ICESCO tarkibidagi davlatlar madaniyat vazirlari, xalqaro tashkilot va muassasalar mas’ullari ishtirok etishiga urg‘u berildi.


Shu munosabat bilan ICESCO Bosh direktori doktor Salim bin Muhammad Al-Malik bir yil davomida ICESCO tomonidan respublikamizning tegishli vazirlik, idoralari bilan birgalikda tashkil etiladigan boy, rang-barang dasturlar, tadbirlar tashkil etilishi, tashabbuslar ilgari surilishiga e’tibor qaratdi. Bu sa’y-harakatlar shaharning betakror madaniy-tarixiy merosini ta’kidlash, islom olami sivilizatsiyasidagi yetakchilik rolini yana bir bor tasdiqlashdan iborat. 


Muharrama Pirmatova, O‘zA

O'zbekiston yangiliklari