Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning bizning kunimizgacha yetib kelgan ijtimoiy ahamiyatga ega bir qancha so‘zlari mavjud, lekin biz bu yerda mavzuga oid bo‘lganlarini keltirib o‘tamiz:
«Aslo o‘tirgan joyingizda «Allohim, menga rizq ber», deb o‘tiravermang. Bilasizki, osmondan oltin ham, kumush ham yog‘maydi. Alloh taolo insonlarni bir-birining rizqiga sababchi qilib yaratgan».
«Insonlarga muhtoj bo‘lmaslikka intilinglar. Shu tariqa siz ham diningizni saqlab qolasiz, ham insonlarning eng karamlisi bo‘lasiz».
«Men insonlarning eng saxiy va eng yaxshi xulqlisini bilaman. Eng saxiy inson o‘zi muhtoj bo‘laturib, bera olgan insondir. Eng yaxshi xulqli inson esa unga nohaqlik qilganni kechirib yuborgan insondir».
«Agar sabr (yo‘qsillik) va shukr (boylik) ikkita tuya deb faraz qilinsa, kay biriga minsam (mindirilsam) ham, e’tibor bermasdim».
«Qarzingni kamaytir, erkin yasha!».
«Siz mashaqqatlarga sabr qilishga odatlaning».
«Boylarning yoniga borish faqirlar uchun imtihondir».
«Siz boylikka asir bo‘lib qolmang. U sizni isyonga olib boradi».
«Oila a’zolaringizning sonini orttiring. Rizqingiz sizga qayerdan berilganini bilolmaysiz».
«Diqqat qiling, Alloh taolo ulug‘ insonlarni yaratgan, siz ularga hurmat ko‘rsating».
«Insonning fazilatini moli, aslligini dini, insonligini xulqi bildiradi».
«Izzat bu dunyoda mol bilan, oxiratda esa yaxshi amal bilandir».
«Bu dunyoda menga uch narsa sevdirildi: och bo‘lganni to‘ydirish, suvsaganni suvga qondirish va yupunni kiyintirish».
«Sa’y-harakat qilish eng yaxshi sarmoyadir».
«Harakat qilish zahmat, bo‘sh turish esa mahv bo‘lish demakdir».
«Gunohdan saqlanganing kabi, bu dunyo ne’matlari seni izdan chiqarishidan ham saqlan. Allohga qasamki, seni aldaydigan va yo‘ldan ozdiradiganlarning eng qo‘rqinchlisi dunyo ne’matidir».
«Ishsizlikning yomon natijalaridan saqlaning! Shubhasiz, u sarxushlikdan ham zararli bo‘lgan yomonliklarni o‘zida saqlaydi».
«Alloh taolo tejamkor va mo‘tadil bo‘lishni yoqtiradi, isrofni yoqtirmaydi».
«Ochko‘zlikning ba’zisi faqirlik, ko‘zi to‘qlikning ba’zisi boylikdir».
«Inson oz yeyish bilan o‘lmaydi».
«Yo‘qsilga kechki ovqat yedirganni Alloh mag‘firat qiladi».
«Dunyo ahli bilan yaqin aloqada bo‘lmang, chunki u rizqni kamaytiradi».
«Har bir narsaning boshi bo‘ladi. Yaxshilikning boshi uning darhol qilinishidir».
«Alloh taolo O‘zidan qo‘rqqanni saqlaydi, Unga ishonganga kifoya qiladi, Uning roziligi uchun qarz berganni mukofotlaydi, shukr qilganning esa ne’matini ziyoda qiladi».
«Ey faqir-yo‘qsillar, boshingizni tik tutib, sharafingizni saqlang. O‘z rizqingizni o‘zingiz topishga intiling, yaxshiliklar uchun shoshiling, insonlarga yuk bo‘lmang».
«Millioner sahobalar» kitobidan
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati