Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2026   |   21 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:35
Asr
15:32
Shom
17:17
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2026, 21 Rajab, 1447

Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

07.01.2025   7106   2 min.
Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!

Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Samarqand imomlarining yilboshi uchrashuvi o‘tkazildi

06.01.2026   6966   1 min.
Samarqand imomlarining yilboshi uchrashuvi o‘tkazildi

2026 yilning ilk kunlarida viloyat bosh imom-xatibi rahbarligida viloyatimizda faoliyat yuritayotgan shahar va tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda yangi yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalar, joylarda diniy-ma’rifiy ishlar sifatini oshirish, aholi o‘rtasida ma’naviy targ‘ibotni yanada kuchaytirish, yoshlar va oilalar bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Viloyat bosh imom-xatibi tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi, amaliy ko‘rsatma va tavsiyalar taqdim etildi. Shuningdek, imom-xatiblarning mas’uliyati va intizomi, jamiyat oldidagi muhim burchi alohida ta’kidlandi.


Uchrashuvda 2026 yilda diniy-ma’rifiy faoliyatni yanada tizimli, mazmunli va samarali tashkil etish zarurligi qayd etilib, mazkur muloqot joylarda amalga oshiriladigan ishlar uchun mustahkam dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Samarqand imomlarining yilboshi uchrashuvi o‘tkazildi Samarqand imomlarining yilboshi uchrashuvi o‘tkazildi Samarqand imomlarining yilboshi uchrashuvi o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari