Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: «Qur’onni o‘qish va yodlashda bardavom bo‘linglar. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Qur’on ipini yechib, qochib ketish borasida tuyadan ham tezroq», dedilar (Imom Buxoriy, 5033; Imom Muslim, 791).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni yod olgan (Qur’onni o‘ziga do‘st tutgan) kishining misoli bog‘lab qo‘yilgan tuyaning misoliga o‘xshaydi. Agar qattiq turib, uni bog‘lashda bardavom bo‘lsa, tuyasini saqlab qoladi. Agar bo‘sh qo‘sa, ketib qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy, 5031; Imom Buxoriy, 789).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimningdir men falon-falon oyatni sedan chiqardim, deb aytishi qanday ham yomon. Balki, u sedan chiqartirildi. Qur’onni (o‘qish bilan uni) esda saqlanglar. Chunki u kishilarning qalbidan ketib qolishda tuyalardan ham tez”, dedilar.
"Qur’on fazilatlari haqida qirq hadis" kitobidan
1. Birgina so‘rashish uchun gunohlar kafforat etiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon ikki musulmon uchrashib, qo‘l olib so‘rashsalar, Allohga hamd aytsalar va U zotga istig‘for aytsalar, ikkovlari mag‘firat qilinadi”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
2. Ota-onaning yuziga qarash ham – ibodat.
Ota-onaning yuziga shafqat bilan boqishning savobi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim ota-onasining yuziga shafqat va marhamat bilan boqsa, Alloh taolo uning uchun maqbul bo‘lgan bir hajning savobini yozadi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ona-otasining yuziga marhamat bilan boqqan kishiga haj va umraning savobi yoziladi”, dedilar.
– Kunda ming marta boqsa ham shundaymi? – deb so‘radilar.
– Kunda yuz ming marta boqsa ham, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Yana bir hadisda bunday deyiladi: “Ota-onaning yuziga sevgi bilan boqish ibodatdir” (Imom Daylamiy, Abu Nuaym rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD