Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Mart, 2026   |   14 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:37
Quyosh
06:55
Peshin
12:40
Asr
16:31
Shom
18:20
Xufton
19:31
Bismillah
03 Mart, 2026, 14 Ramazon, 1447
Maqolalar

Bir oyat tafsiri: Sahar vaqtida istig'for aytuvchilar

14.03.2024   4246   5 min.
Bir oyat tafsiri: Sahar vaqtida istig'for aytuvchilar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

(Ular) sabrli, sadoqatli, itoatli, saxovatli va sahar chog'larida (Allohdan) mag'firat so'raydigan kishilar edi” (Oli Imron surasi, 17-oyat).

(Ular) sabrli...”. Mo'min banda mashaqqatlarga sabr qiladi. Allohning hukmiga rozi bo'ladi. Imom Qurtubiy oyatda kelgan sabr haqida: “Gunoh va mas'iyatlardan tiyilishda sabr qilish”, desa, ba'zilar: “Itoatda sabrli bo'lish” deydi.

“...sadoqatli...”. Sadoqatli kishilar – imonda mustaqim turuvchilar, dinda sobit qadam bo'luvchilar. Ularning sodiqligi aytayotgan so'z va bajarayotgan amalida namoyon bo'ladi.

“...itoatli...”. Doimo Allohga ibodatda bo'lish, yolg'iz O'zigagina iltijo qilish dinning mag'izi va ruhidir.

“...saxovatli...”. Alloh uchun infoq-ehson qiluvchilar, odamlarga mehr-muruvvat ko'rsatuvchilar, hadya ulashuvchi saxovatpeshalar.

Alloh taolo sabrli, rostgo'y, itoatkor, saxovatli bandalarini birma-bir zikr etib, saharda istig'for aytuvchilarni alohida madh etadi: “...sahar chog'larida (Allohdan) mag'firat so'raydigan kishilar edi”.

Tun qorong'u kechasining tong yog'dusining ilk nurlari bilan uyg'unlashgan lahza sahar vaqtidir. Bu payt duo qabul bo'ladigan ulug' fursatdir. Luqmoni Hakim o'g'liga qilgan nasihatlaridan birida: “Ey o'g'lim, xo'roz sendan chaqqonlik qilib, sahar chog'ida sen uyg'onmay turib qichqirmasin”, degan ekan (Abul Barokot Nasafiy. Madorikul tanzil va haqoiqul ta'vil).

Yaqub (alayhissalom)ga farzandlari: “Ey, ota, (Allohdan) bizlarning gunohlarimizni mag'firat qilishini so'rang! Albatta, bizlar xato qiluvchilardan bo'lgan ekanmiz” (Yusuf surasi, 97-oyat) deyishganda, Yaqub (alayhissalom): “Albatta, Rabbimdan sizlarni mag'firat qilishini so'rayman. Albatta, U G'afur (mag'firatli) va Rahim (rahmli)dir” (Yusuf surasi, 98-oyat) deb istig'for aytishni sahar vaqtiga qoldirganlar (Tafsirul Qurtubiy, Tafsir ibn Kasir).

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) kechani ibodat bilan o'tkazardi. Nofe' (rahmatullohi alayh)dan sahar vaqti bo'ldi-mi? deb so'rardi. Agar ha degan javobni olsa, tonggacha duo va istig'for bilan mashg'ul bo'lardi (Ibn Abu Hotim rivoyati).

Ibn Jarir (rahmatullohi alayh) Ibrohim ibn Hatib (rahimahulloh)dan rivoyat qiladi: «Saharda masjid yaqinida bir mo'minning istig'for aytaturib: “Allohim buyurding, itoat etdim. Gunohlarimni kechir” deyayotganini ko'rdim».

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) “...sahar chog'larida (Allohdan) mag'firat so'raydigan kishilar”ni Allohdan gunohlarini kechirishini so'rab istig'for aytuvchilar” deb tavsiflasa, Qatoda (roziyallohu anhu): “Ular sahar vaqtida namoz o'quvchilar”, degan (Tafsirul Qurtubiy).

Alloh taolo boshqa oyatda jannatdagi taqvodor bandalarining sifatini keltirganida ham saharda istig'for aytuvchilarni alohida vasf etadi: (Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar. Saharlarda ular (Allohdan) mag'firat so'rar edilar” (Zoriyot surasi, 17-18 – oyatlar).

Nabiy (alayhissalom) qudsiy hadislarning birida: “Albatta, Alloh taolo har kuni kechaning uchdan biri qolganda dunyo osmoniga tushadi va tong otguncha “Tavba qiluvchi bormi? Tavbasini qabul qilaman, istig'for aytuvchi bormi? Mag'firat qilib, gunohini kechaman? So'rovchi bormi, so'raganini beraman”, deydi”, deganlar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Jabroil (alayhissalom)dan: “Kechaning duo qilish uchun maqbul va duolar tez ijobat bo'ladigan eng afzal vaqti qaysi?” deb so'radilar. Shunda Jabroil (alayhissalom): “Sahar vaqtidan boshqa paytlarda Arshning larzaga kelganini ko'rmadim”, dedi (Tafsirul Munir).

Sayyidul istig'for deb nomlangan ushbu duo eng afzal istig'for kalimlaridan hisoblanadi: “Allohumma anta Robbiy laa ilaha illa anta xolaqtaniy va ana 'abduka va ana 'ala ahdika va va'dika mastato'tu. A'uzu bika min sharri ma sona'tu, abuu laka bi ne'matika alayya va abuu bizambiy fag'firliy zunubiy fainnahu laa yag'firuz-zunuba illa anta birohmatika ya Arhamar Rohimiyn”(Allohim! Sen mening Robbimsan. Sendan boshqa iloh yo'q, faqatgina Sen borsan. Meni Sen yaratding. Shubhasiz, men Sening bandangman. Kuchim etgani qadar Senga bergan so'zimda turishga harakat qilyapman. Yo Robbiy, qilayotgan gunohlarimdan Sendan panoh tilayman. Menga lutf etgan ne'matlaringni e'tirof qilaman. Gunohlarimni ham e'tirof etaman. Yo Robbiy! Meni mag'firat et. Zero, Sendan boshqa meni mag'firat qiladigan iloh yo'q).

Bu istig'for haqida Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam): “Har kim ixlos bilan, savob va fazilatiga ishongan holda, bu duoni ertalab o'qib, oqshomga etmay vafot etsa, jannatga kiradi. Agar savob va fazilatiga ishongan holda ixlos bilan oqshom o'qib, tongga etmay vafot etsa, u ham jannat ahlidandir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Saharda istig'for aytish nafaqat gunohlardan forig' bo'lish, balki qut-barakaga ham noil etadi. Chunki Nabiy (alayhissalom): “Saharda turinglar, chunki saharda baraka bordir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo gunohlarimizni mag'firat etadigan, ustimizga fayzu baraka yog'iladigan qulay fursat – sahar vaqtini g'animat bilib, uning fazilatidan to'liq bahramand bo'lishga intilaylik. Bunda Alloh taolo barchamizga tavfiq ato etsin.

Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritildi

03.03.2026   539   1 min.
Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga ko‘ra 2026-yilgi dunyodagi eng go‘zal muzeylari ro‘yxatidan joy oldi.
 

Xabarda aytilishicha, shu yil 28 fevral kuni markaz rahbariyati nomiga nufuzli xalqaro me’moriy mukofot — Prix Versailles tanlov qo‘mitasidan rasmiy maktub kelib tushgan.


Maktubda Islom sivilizatsiyasi markazi 2026 yil uchun dunyodagi eng go‘zal muzeylar global ro‘yxatiga kiritilgani ma’lum qilingan. 


Ma’lumot uchun, ushbu reyting innovatsionlik, kreativ yondashuv, milliy merosni aks ettirish hamda ekologik samaradorlik kabi qat’iy mezonlar asosida shakllantiriladi. 


Prix Versailles bosh kotibi Jerom Guaden o‘z maktubida mazkur saralash munosabati bilan samimiy tabriklar yo‘llab, markazning 2026-yilgi ro‘yxatda ishtirokini tasdiqlash bo‘yicha rasmiy yo‘riqnomani ham taqdim etgan.


Ta’kidlanishicha, markaz nafaqat 2026 yilning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritilgan, balki uchta oliy jahon unvonlaridan biriga da’vogarlik qilish huquqini ham qo‘lga kiritgan. Bular — Grand Prix Versailles, "Interer" nominatsiyasi yoki "Eksterer" nominatsiyalaridir. 


Jahon unvonlari sohiblarini tantanali e’lon qilish marosimi 2026 yil yakunida Parij shahridagi YUNЕSKO qarorgohida yoki Mukofot kotibiyati tomonidan belgilanadigan boshqa qabul qiluvchi shaharda o‘tkazilishi belgilangan.


Eslatib o‘tish lozim, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi 2026 yil mart oyiga rejalashtirilgan. 

t.me/islommarkazi

 

 

O'zbekiston yangiliklari