Bugun Malayziya Islom san’ati muzeyida ikki tomonlama madaniy aloqalarni mustahkamlash va islom sivilizatsiyasini o‘rganishda ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan "Madaniy meros: O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘prik" mavzusidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda Malayziyaning eng yirik "Al-Buxoriy" jamg‘armasi, Malayziya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islomni anglash instituti, Malayziya Islom madaniyati instituti, Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti, Islom fanlari universiteti, Xalqaro islom universiteti hamda boshqa yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohada, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar taqdim etildi. Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy markazlar faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar e’tiboriga ushbu ilmiy muassasalar faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus hujjatli filmlar namoyish etildi. Shuningdek, Malayziya ilmiy jamoatchiligiga O‘zbekiston Prezidentining "Malayziya islom san’ati muzeyi" kitob-albomiga yozgan so‘zboshisi taqdim etildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti bilan tanishgan davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentining ushbu markazni tashkil etish tashabbusini yuqori baholadilar. Olimlar mazkur loyiha yoshlarni ma’rifatparvarlik ruhida tarbiyalash va tinchliksevar islom qadriyatlarini targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Tadbir doirasida maxsus deklaratsiya ham qabul qilindi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro olimlar va tadqiqotchilarning ishlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirildi. Ushbu muhim qadam islom merosi yo‘nalishidagi yetakchi mutaxassislar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Markaz muzeyini boyitish, shuningdek, O‘zbekiston va jahon hamjamiyati o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan.
Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti (Malayziya) O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Davra suhbatining asosiy qarorlaridan biri ikki mamlakatning islom sivilizatsiyasini o‘rganishga ixtisoslashgan yetakchi tadqiqotchilari va ekspertlarini birlashtiradigan qo‘shma O‘zbekiston-Malayziya ilmiy jamiyatini tashkil etish bo‘ldi.
Tashkilotga O‘zbekiston tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi, Malayziya tomonidan esa Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti rahbarlik qiladi. Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi arafasida bo‘lib o‘tadi. Jamiyatning asosiy vazifalariga qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va nashrlar, ta’lim va madaniy tashabbuslarni tashkil etish, akademik tajriba va resurslar almashish, shuningdek, islom merosi masalalari bo‘yicha xalqaro muloqotni rivojlantirish kiradi. Jamiyatning kordinatorlari etib O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori – doktor Firdavs Abduxoliqov va Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti direktori – doktor Abdulaziz Bergut saylandi.
O‘zbekiston Prezidentining islom madaniyatini asrab-avaylash va buyuk allomalar merosini o‘rganishga qo‘shgan hissasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Malayziya tomoni o‘zbekistonlik tadqiqotchilarga 100 000 dan ortiq qo‘lyozma va nodir nashrlardan elektron foydalanish imkonini beruvchi maxsus sertifikat taqdim etdi. Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti kutubxonasining sertifikati va raqamli kaliti O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktoriga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlariga ham ruxsat berildi.
Davra suhbati davomida O‘zbekiston tomoni ikki tomonlama ilmiy, ta’lim va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro markazlar o‘rtasida radikalizmning oldini olish bo‘yicha maxsus dastur doirasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish taklif etildi. Madaniyat sohasidagi tashabbuslar Malayziya Islom san’ati muzeyida O‘zbekistonning tarixiy yodgorliklari va topilmalariga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etishni, shuningdek, mamlakatning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish maqsadida Malayziyaning diniy va ta’lim tashkilotlari vakillari, jurnalistlar va jamoat arboblari uchun O‘zbekiston bo‘ylab mediatur o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Ta’lim sohasida malayziyalik olimlarni Imom Buxoriy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyalar dasturlariga jalb etish, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Malayziya xalqaro islom universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturini ishlab chiqish, jumladan, Visiting Professor dasturi bo‘yicha o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning Malayziya oliy o‘quv yurtlarida ishtirokini ta’minlash taklif qilindi. Ilmiy sohada Malayziya Islom madaniyati instituti va Imom Buxoriy nomidagi markaz o‘rtasida musulmon olimlarining tibbiyot sohasidagi ilmiy merosini o‘rganish va qayta tiklash hamda Imom Buxoriy merosini tadqiq etish taklif etildi. Bundan tashqari, ma’naviy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida malayziyalik dindorlarga O‘zbekistondagi Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband bilan bog‘liq muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkonini beruvchi "Umra plyus" maxsus ziyorat dasturini ishga tushirish taklif etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamda O‘zbekiston ilmiy markazlari tomonidan nashr etilgan kitoblar va faksimile nashrlarning noyob ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Taqdim etilgan nashrlar davra suhbati ishtirokchilarining chuqur qiziqishini uyg‘otdi. Ilmiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlash ramzi sifatida kitoblar to‘plami Malayziyaning hamkor tashkilotlari kutubxonalariga, jumladan, Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti, Malayziya Islom madaniyati instituti va boshqa muassasalarga sovg‘a qilindi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar Malayziya Islom san’ati muzeyidagi o‘zbek madaniy merosi ekspozitsiyasini ziyorat qilishdi. Tadbir mehmonlari O‘zbekistonning boy merosini aks ettiruvchi noyob tarixiy ashyolar bilan tanishib, muzeyning doimiy ekspozitsiyasini ham ko‘zdan kechirishdi. Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumining 58-jildi aynan Malayziya Islom san’ati muzeyi to‘plamlariga bag‘ishlangan.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi amaliy ishlarning yana bir yorqin ifodasidir. Mamlakatimizda mohi Ramazonning shukuhi kezayotgan shunday fazilatli kunlarda mazkur qarorning qabul qilinishi ajdodlarimiz xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, ruhini shod etish bilan birga, ular merosini atroflicha o‘rganish borasidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Yuqorida nomi keltirilgan qarorning mazmun-mohiyati haqida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining direktori, taniqli dinshunos olim, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Jamoliddin Karimov bilan suhbatlashdik.
– Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori ahamiyati haqida to‘xtalsangiz.
– So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.
Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyat berilishi diqqatga sazovor. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.
So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.
Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.
Mazkur qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy-tadqiqot mavzulari qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilanib, asosiy faoliyat yo‘nalishlari muvofiqlashtiriladi.
–Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy ilmiy merosi ma’naviy hayotimizda qanday o‘rin egallaydi?
– Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda.
Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.
Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmdan yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekani oydinlashadi.
– Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati haqida qisqacha so‘zlab bersangiz. Shu bilan birga, yuqorida nomi keltirilgan qaror markaz zimmasiga qanday vazifalarni yuklaydi?
– Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy-tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.
Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, Al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Markaz tomonidan Misrning Al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu, o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.
Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova suhbatlashdi.