Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Mart, 2025   |   19 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:10
Quyosh
06:28
Peshin
12:36
Asr
16:46
Shom
18:37
Xufton
19:50
Bismillah
19 Mart, 2025, 19 Ramazon, 1446
Maqolalar

Ezgulikni ulug‘laydigan, qalblarni poklaydigan oy

03.03.2025   6212   4 min.
Ezgulikni ulug‘laydigan, qalblarni poklaydigan oy

Aziz vatandoshlar! Avvalo, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi, ustoz va ulamolar nomidan barchangizni Ramazon oyi bilan muborak etaman! Iloho, oylarning sultoni bo‘lgan Ramazon har galgidanda fayzli va barakali bo‘lsin!
 

Ramazon – bu musulmonlarning eng ulug‘ oyi bo‘lib, u Alloh taoloning marhamati va barakasi yog‘iladigan, savoblar ko‘payadigan, duo va tavbalar qabul bo‘ladigan mo‘tabar oydir. Ushbu oyni chin dildan e’zozlab o‘tkazish, ro‘za tutish, Qur’on o‘qish, xayr-ehson qilish va yaxshilikni keng yoyish har bir musulmon uchun sharafdir.


Ramazon oyining ulug‘ligini tasdiqlovchi oyatlar va hadislarda uning fazilatlari alohida ta’kidlangan. Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi:


“Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan” (Baqara surasi, 185-oyat).


Bu oy Alloh taolo tomonidan mo‘minlarga rahmat sifatida yuborilgan bo‘lib, unda Qur’on nozil bo‘lgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Ramazon oyining ulug‘ligi haqida shunday marhamat qilganlar:


“Ramazon ro‘zasini iymon va savob umidida tutgan odamning o‘tgan gunohlari kechiriladi”.


Bu hadisdan ham ko‘rinib turibdiki, Ramazon musulmonlarga gunohlardan poklanish, qalbini tozalash va Allohning rahmatiga erishish imkoniyatini beradi.


Ramazon – bu faqat och va tashna yurish oyi emas, balki mo‘minlarning o‘zini tarbiya qilish, gunohlardan tiyilish va jamiyatga foyda keltirish vaqti hamdir. Ayniqsa, xayr-ehson qilish bu oyda alohida ahamiyat kasb etadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida barcha odamlarga mehribon bo‘lib, saxovatda barchaga namuna bo‘lganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:


“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli inson edilar. Ramazonda Jabroil alayhissalom u zotning huzurlariga keladigan paytlarda esa yanada saxiy bo‘lib ketardilar. U zot sollallohu alayhi vasallam insonlarga esuvchi shamoldan ham tezroq saxiylik qilishga shoshardilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati).


Bu hadisdagi tasvir Payg‘ambarimizning xayr-ehson qilishdagi shijoat va mehribonliklarini ochiq-oydin namoyon etadi.


Tarixda Ramazon oyida xayr-ehson qilib, odamlarga foyda keltirgan buyuk insonlar juda ko‘p bo‘lgan. Bir necha ibratli voqealar:


Muallo ibn Fazl aytadilar: “Solih zotlar Ramazon oyi kirishidan olti oy oldin Alloh taolodan Ramazon oyiga yetkazishini so‘rab duo qilar edilar. Ramazondan keyingi besh oy mobaynida Ramazon oyida qilgan ibodatlari va solih amallarini qabul qilishini iltijo qilib so‘rardilar”.


Imom Zahabiy rahmatullohi alayh aytadi: “Hammod ibn Abu Sulaymon saxiy boy kishi edi. Ramazon oyida har kuni yuz kishiga iftorlik qilib berardi. Iyd namozi o‘qib bo‘lingandan so‘ng ularning har biriga yuz dirhamdan ehson berardi”.


Bu kabi ibratli holatlar bugungi kunda biz uchun ham namunadir. Agar har bir musulmon qo‘lidan kelganicha odamlarga yaxshilik qilsa, jamiyat yanada ahil va barakali bo‘ladi.


Ramazon oyi – bu nafaqat ro‘za tutish, balki insoniylik, saxovat va ezgulik oyidir. Har bir mo‘min bu oyda imkon qadar Qur’on o‘qib, Allohga yaqinlashishi, xayr-ehson qilib, muhtojlarga yordam berishi, oilasi, qo‘shnilari va jamiyat uchun foydali ishlarni qilishga harakat qilishi lozim.


Bu oyda qilingan har bir yaxshilik, ozgina sadaqa va hatto birovga mehr bilan muomala qilish ham katta savoblarga sabab bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: Kimki ro‘zadorni iftor qildirsa, bas, unga uning savobi mislicha berilur (Imom Bayhaqiy rivoyati).


Shunday ekan, ushbu muborak oyda vaqtimizni behuda o‘tkazmasdan, ibodat va yaxshiliklar bilan band bo‘laylik. Alloh taolo barchamizni Ramazon oyining barakalaridan bahramand qilsin!

Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ilinish – go‘zal fazilat

14.03.2025   6576   1 min.
Ilinish – go‘zal fazilat

Er-xotin uzoq vaqt birga hayot kechirishdi. Turmushlariga 30 yil to‘lgan kuni ayol ertalabki nonushta uchun non pishirdi. Aslida u bu ishini har doim qilardi. Ayol odatiga ko‘ra eriga nonning tepa qismini bermoqchi bo‘ldi. Biroz o‘ylanib turdi-da: “Bugun bir marta nonning tepa qismini o‘zimga olib, tag qismini erimga beraman. 30 yil mobaynida nonning tepa qismini yegim keldi. Endi bir marta odatga xilof qilsam bo‘lar”, deb o‘yladi. Eriga nonning tag qismini uzatdi. Erining nonning tag qismini olishi bilan quvonib ketdi: “Bugun qanday ham zo‘r sovg‘a berding. Men o‘zi yoshligimdan nonning tagini yeyishni yaxshi ko‘raman. Lekin menga ustini berganing uchun sen ham tag qismini yaxshi ko‘rsang kerak, deb doim tepa qismini yerdim”, dedi.

Xulosa shuki, birgalikdagi hayot davomida bir-birini avaylash, o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani boshqaga ham ilinish juda go‘zal fazilatdir.


Ramazon oyida saharlik va iftorlik paytlari shirin taomlar tayyorlab berayotgan onalarimiz, jufti halollarimizning haqlariga duo qilaylik. Tarovihlar, xatmlar so‘ngida o‘zimizga tilagan tilaklarni ularga ham ilinaylik! Zero, o‘ziga ravo ko‘rganini boshqaga ham ravo ko‘rmaguncha iymonimiz komil bo‘lmasligi haqida hadisi sharif bor.


Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha komil mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan). 
 

Akbarshoh Rasulov

Ibratli hikoyalar